Jamiyat | 15:54 / 11.01.2023
39072
4 daqiqa o‘qiladi

Pul teruvchi “qopqon”lar” yoxud tartib o‘rnatish emas, pul qilish uchun ishlayotgan kameralar

Ko‘chalarimizda “tartibga solish” tizimi shunday yo‘lga qo‘yilganki, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydi kishi. Viloyatlarni-ku qo‘yaturaylik, hatto poytaxtdagi ayrim yo‘l chiziqlari haydovchilarni faqat jarimaga tortish uchun chizilgan: yo‘l chiziqlari faqat kamera fokusidagina mavjud, kameragacha va uning kuzatuv hududidan tashqarida esa chiziqlardan asar ham yo‘q. Kun.uz muxbiri Toshkent shahrida bolalab ketgan aynan shunday “qaroqchi” kameralarni “ovladi”.

Toshkentning qoq markazidan 2 kilometrgina radius masofada o‘rnatilgan o‘nlab videokamera dislokatsiyalarini ko‘rib chiqamiz.

Eski Jo‘va dehqon bozori qarshisida shunday kamera bor. U haydovchilarning uzluksiz chiziqni bosishlarini intizorlik bilan kutadi, aniqlaydi va jarimaga tortilishlari uchun asos tayyorlaydi. Kameradan biroz oldingi sharoit esa umuman boshqacha – chiziqlar yo‘q.

Qarama-qarshi harakat tomonda yo‘l ishoralari chizilmagan. Buning sababi esa ushbu yo‘nalishda kamera yo‘q.

Uzoqqa bormaymiz. Shu turgan nuqtamizdan Sag‘bon ko‘chasiga qarab 100 metr yursak, yana shu ahvol – “kamera, chiziq va chiziqsizlik” tendensiyasiga duch kelamiz. Bu ko‘chada bunday kameralar shunchalik ko‘pki, ayrimlarining orasidagi masofa hatto 100 metr ham chiqmaydi. Achinarlisi esa shu 100 metr oraliqda ham yo‘l chiziqlari faqat kameralardan keyin chizilgan.

Farobiy ko‘chasiga tushib olamiz. Bu yerda ham shu ahvol.

Qorasaroy ko‘chasida ham, shu yo‘lning Nurafshon ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasida ham, Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan chorrahasida ham vaziyat bir xil.

Qorong‘i tushib ketdi hamki, “qaroqchi kameralar ovi”miz baroridan kelaverdi. Qani, oxiriga yetolsak...

Hatto, chiziqlari yo‘q, ammo kameralar o‘rnatilgan holatlarning ham guvohi bo‘ldik.

2021 yilning 21 aprel kuni qabul qilingan Hukumat qarori bilan, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi tasdiqlagandi.

Bu turdagi kameralar orqali aniqlangan qoidabuzarliklardan undirilgan jarimalar taqsimotiga nazar tashlasak, tizim ishga tushirilganidan 1 yil o‘tganidan so‘ng foydaning:

  • 20 foizi – respublika budjetiga;
  • 15 foizi – ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
  • 25 foizi esa yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga o‘tkazilishi bosh vazir imzosi bilan tasdiqlab qo‘yilgan.

Lekin qaror chiqqaniga hademay 2 yil bo‘lishiga qaramasdan, adolatsiz jarimalar evaziga davlat budjeti to‘ldirilyapti xolos. Shu hudud yo‘l infratuzilmasi uchun ajratilayotgan ulush evaziga yo‘llarning ahvolini yaxshilash tugul, chiziqlar to‘liq chizilmayapti. Foydadan ulushdor bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi jamg‘armasi ham chiqim qilgisi yo‘qdek.

Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga tadbirkorlarning ko‘makchi bo‘lishi uchun joriy qilingan tizim nega aholining qulayligi qolib, faqat tizimsizlik, sharoitsizlik, mantiqsizlikka xizmat qilyapti? Xo‘sh, yo‘l infratuzilmasini o‘nglamasdan joriy qilingan “qaroqchi kameralar” tizimi o‘zini oqladimi? Kameralarning fokus masofalaridan tashqari chizilmay yotgan chiziqlar qachon tutashadi? Yo‘llar, yo‘l belgilarining yaxshilanishi uchun to‘ldirilayotgan mablag‘lar qayerda?

Bular – birgina poytaxtning 2 km radiusdagina emas, butun hududlarda jarimaga tortilayotganlarning haqli savollari edi. “Kameralar o‘rnatmang” demaymiz. Agar eng birinchi maqsad yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash bo‘lsa, ular evaziga budjetga tushayotgan mablag‘larning adolatli yo‘naltirilayotgani, yo‘llarning yaxshilanayotganini ham sezaylik. Holat bo‘yicha mas’ullardan asosli izohlarni kutib qolamiz.

Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Javohir G‘ayratov

Mavzuga oid