O‘zbekiston | 17:34 / 21.10.2020
10124
6 daqiqa o‘qiladi

Qiynoqni oldini olish bo‘yicha qo‘mita tuzish taklif qilindi

2020 yilda qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlari uchun 11 nafar ichki ishlar xodimi sudga berilgan.

21 oktabr kuni Senat yalpi majlisida qiynoqqa solish va boshqa g‘ayriinsoniy muomalani qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar masalasida Bosh prokuratura va IIVga yuborilgan parlament so‘rovi natijasi ko‘rib chiqildi.

Abduhalim Xolmahmatov
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmahmatovning ma'lum qilishicha, u ishlayotgan idoraga 2020 yilning 9 oyi mobaynida qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar bilan bog‘liq 242ta murojaat kelib tushgan.

«O‘tgan 9 oyda prokuratura organlariga huquq-tartibot xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida 2323ta ariza va xabarlar kelib tushgan. Shundan 242tasi, ya'ni 10 foizdan ko‘prog‘ini qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilingani haqidagi murojaatlar tashkil etgan.

Shu yilning o‘tgan davri mobaynida 11 nafar ichki ishlar xodimi qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib sudga berildi.

Bosh prokuratura boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda qo‘shma qaror qabul qilib, unda shaxsning huquqini cheklaydigan protsessual majburlov choralari, ya'ni ushlab turish, qamoqqa olish, uy qamog‘i, lavozimidan chetlashtirish kabi choralarni qo‘llash holatlarini yangi elektron hisobga olish tizimiga kiritib borish majburiyligi belgilab qo‘yildi. Endilikda shaxsga qo‘llaniladigan ushlab turish chorasi tizimga kiritilmagan taqdirda tergov hibsxonasi va vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu kabi jinoyatlarga oid ariza, xabar va boshqa ma'lumotlarning yagona elektron tizimi hisobini yuritish imkonini beruvchi dastur yaratilib, hozirgi kunda uni barcha idoralarga joriy qilish choralari ko‘rilmoqda», – deya Abduhalim Xolmahmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ma'lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura 4ta qonun va 1ta farmon loyihasini ishlab chiqib, Prezident administratsiyasiga taqdim qilgan. Bu loyihalarda inson huquqlarini ta'minlashga oid qator takliflar berilgan.

Shunday takliflardan biri – maxsus vakolatli organ – Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etishdir.

Yalpi majlisda ma'lum qilinishicha, IIV tomonidan Senat qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha alohida choralar tasdiqlanib, ijroga qaratilgani, xususan, BMTning 1984 yildagi Konvensiyasi va Jinoyat-protsessual kodeksiga qat'iy amal qilish bo‘yicha yangi tartib yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, ichki ishlar organlarining 468 ta ma'muriy binosi, 91 ta vaqtincha saqlash hibsxonasi, 13 ta maxsus qabulxona, 12 ta reabilitatsiya markazi, 43 ta jazoni ijro etish muassasasi, 11 ta tergov hibsxonasida jami 9 547 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.

Prokuratura organlari tomonidan esa joriy yilning 7 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda 5 116 ta tekshirish o‘tkazilib, aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 2 783 ta taqdimnoma kiritilgan.

Majlisda senatorlar parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim muammoli masalalarni Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan bartaraf etish choralarini ko‘rish kerakligini ta'kidlashdi.

Jumladan, IIV tomonidan bir oy muddatda BMTning 1984 yildagi Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi Konvensiyasi hamda Jinoyat-protsessual kodeksiga qat'iy amal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash maqsadida jamoatchilik va OAV bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini tasdiqlash zarurligi belgilandi.

Bundan tashqari, majlisda Bosh prokuratura va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda tergov hibsxonalari, ozodlikdan mahrum etish joylari va shaxslar turgan, o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda xizmat olib boruvchi xodimlarning qiynoqqa solish, shafqatsiz va g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi xatti-harakatlarining barvaqt oldini olish hamda qonunchilik bo‘yicha bilim saviyalarini oshirish, kasbiy malakasi va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan qisqa muddatli o‘quv dasturi ishlab chiqish muhimligi ta'kidlandi.

2021 yil yakuniga qadar barcha hududiy tergov bo‘linmalarida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus tergov xonalari tashkil etish zarurligi aytildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga ham tegishli topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, deputatlik kengashlariga har chorakda tegishlicha ichki ishlar va prokuratura organlari rahbarlarining o‘z faoliyatlari to‘g‘risidagi axborotlarini eshitishda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan sodir etilgan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz jazo turlarini qo‘llaganlik holatlariga alohida e'tibor qaratish tavsiya etildi.

Mavzuga oid