Jahon | 14:21
760
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya “Urushga qarshi qo‘mita”ni “terroristik” deb tan olmoqchi

RF Bosh prokuraturasi Oliy sudga “Rossiyaning Urushga qarshi qo‘mitasi”ni “terroristik tashkilot” deb tan olishni so‘rab murojaat qildi. Loyiha ishtirokchilari orasida Xodorkovskiy, Kasparov va Shulman ham bor.

Foto: AP

Rossiya Bosh prokuraturasi “Rossiyaning Urushga qarshi qo‘mitasi”ni “terroristik tashkilot” deb tan olish va uning RF hududidagi faoliyatini taqiqlashni talab qildi. Bu haqda juma kuni, 13 fevralda TASS agentligi Oliy sud matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi — sudga shu mazmundagi da’vo arizasi kelib tushgan. Matbuot xizmatiga ko‘ra, sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi.

Bosh prokuratura da’vosi haqidagi ma’lumotni “Urushga qarshi qo‘mita”ning o‘zi ham tasdiqlab, Rossiyada qolganlarga ta’qibdan qochish uchun tashkilot postlari ostida izoh yozmaslik, layk bosmaslik, shuningdek u tashkil etadigan yig‘imlarda qatnashmaslikni tavsiya qildi.

2025 yil oktyabr oyida Rossiya FXX (FSB) Mixail Xodorkovskiy va “Rossiyaning Urushga qarshi qo‘mitasi”ning boshqa ishtirokchilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini e’lon qilgan edi. Ularni “hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash” va “terroristik hamjamiyatni tashkil etish yoki unda ishtirok etish” haqidagi jinoiy moddalar bo‘yicha ayblashmoqda.

Tashkilot ishtirokchilari orasida (YuKOSning sobiq rahbaridan tashqari) siyosatchilar Garri Kasparov va Dmitriy Gudkov, Rossiyaning sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov, siyosatshunos Yekaterina Shulman, yozuvchi Dmitriy Bikov, aktrisa Tatyana Lazareva, iqtisodchilar Sergey Guriyev va Sergey Aleksashenko, tadbirkorlar Boris Zimin va Yevgeniy Chichvarkin, jurnalistlar Kirill Martinov va Yevgeniy Kiselev, publitsist Viktor Shenderovich, galereyachi Marat Gelman bor.

“Rossiyaning Urushga qarshi qo‘mitasi” — 2022 yil fevral oyida xorijdagi rossiyalik siyosatchilar va jamoat arboblari guruhi tomonidan tuzilgan tashkilot. Loyiha saytida shunday deyilgan: “Biz sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiramiz, urushga qarshi rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlaymiz va Kreml boshlagan urushga qarshi chiqqan odamlar uchun hamjihatlik, harakat va o‘zaro yordam makonini yaratamiz”.

Saytda ko‘rsatilishicha, faoliyat yo‘nalishlaridan biri — Ukrainaga gumanitar yordam uchun xayriyalar yig‘ish, jumladan Rossiya zarbalari oqibatida energetik infratuzilmasi jabr ko‘rayotgan mamlakatdagi kasalxona va maktablar uchun portativ elektr stansiyalari xarid qilish. Shuningdek, tashkilot urushga qarshi chiqqan rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini xorijda himoya qilishni ham maqsad qiladi.

2024 yil yanvar oyida RF Bosh prokuraturasi “Rossiyaning Urushga qarshi qo‘mitasi”ni “nomaqbul tashkilot” deb tan olgani ma’lum bo‘lgan edi. RF fuqarolariga bunday tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, ularning tadbirlarida qatnashish va materiallarini tarqatish taqiqlanadi — bunda ish jinoiy javobgarlikkacha yetib borishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid