Iqtisodiyot | 16:45 / 13.03.2026
5924
8 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urushning «soyadagi g‘olibi». Rossiya neftdan kuniga yuz millionlab dollar qo‘shimcha daromad olyapti

Sanksiyalar fonida Rossiyaning neft eksporti oxirgi 4 yillikdagi eng past darajaga tushib ketgandi. Yaqin Sharqda boshlangan urush fonida rasmiy Moskva daromadlari sezilarli darajada ko‘paya boshladi. Harbiy harakatlarning dastlabki 12 kunida mamlakat budjetiga kuniga 110–160 million dollar, jami 1,3–1,9 milliard dollar qo‘shimcha daromad kelib tushgan. Hozirda Rossiya nefti so‘nggi uch oydagi o‘rtacha narxiga nisbatan barreliga 20–30 dollar qimmatroq sotilyapti, sanksiyalari ham qisman yumshatilgan.

Foto: Social Media

Rossiya neft savdosidan kuniga 150 mln dollargacha qo‘shimcha budjet daromadi olyapti. Bu esa Yaqin Sharqdagi urushdan eng katta foyda ko‘rayotgan aynan Moskva ekanini ko‘rsatadi, deya yozadi Financial Times.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilib qolishi natijasida Hindiston va Xitoyda Rossiya neftiga talab oshdi. Natijada Moskva neft eksportidan soliqlar orqali 1,3–1,9 milliard dollar atrofida qo‘shimcha daromad olgan deb hisoblanyapti. Shu bilan birga AQSh ayrim sanksiyalarni yumshatdi va Hindistonga Rossiya neftini sotib olmaslik bo‘yicha bosimni kamaytirdi. Bu esa ko‘plab tankerlarning Hind okeani tomon yo‘l olishiga sabab bo‘lyapti.

Financial Times’ning sanoat va tahlilchilar baholariga asoslangan ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyining oxirigacha Rossiya hukumati 3,3–4,9 milliard dollar qo‘shimcha daromad olishi mumkin. Bu hisob-kitoblar rasmiy Moskvaning Urals markali neft narxi oy davomida o‘rtacha 70–80 dollar atrofida bo‘ladi degan prognozlarga asoslangan. Avvalgi ikki oyda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 52 dollar atrofida edi.

Bu Kreml uchun vaziyat keskin o‘zgarishini anglatadi. Chunki Eron bilan urush boshlanishidan oldin Rossiya neft narxlarining pasayishi va Vashington bosimi tufayli Hindiston bilan savdosining katta qismini yo‘qotib, qiyinchiliklarga duch kelayotgandi.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) payshanba kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, fevral oyida Rossiyaning neft va neft mahsulotlari eksporti 11,4 foizga kamayib, kuniga 6,6 million barrelga tushib ketgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda Ukraina urushi boshlanganidan beri qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi.

«Neft narxining qimmatlashishi Yaqin Sharqdagi mojaro qancha davom etishiga bog‘liq. Hozirgi yuqori narxlar Rossiyaga birinchi chorakda budjet ko‘rsatkichlarini bajarish va hatto biroz mablag‘ jamg‘arishni boshlashga yordam beradi», deydi Kiyev Iqtisodiyot maktabining energetika va iqlim tadqiqotlari bo‘limi rahbari Boris Dodonov.

Sanksiyalarni yumshatish haqidagi signallar

Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar Rossiyaga energetika bozorlarida o‘z ta’sirini kuchaytirish imkonini ham beryapti. Chunki Fors ko‘rfazi davlatlari hozircha o‘z mahsulotlarini eksport qila olmayapti. Moskva esa ushbu vaziyatdan foydalanishga harakat qilyapti. Vladimir Putin dushanba kuni energetika bozorlarida «yangi narx realligi» shakllanayotganini aytib, Yevropaga energiya eksportini qayta tiklash g‘oyasini ham ilgari surdi.

Bir necha soat o‘tib Kreml Putin bilan Tramp o‘rtasida «juda samarali suhbat» bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Keyinroq Amerika prezidenti narxlarni pasaytirish maqsadida ayrim noma’lum davlatlarga nisbatan «sanksiyalarni olib tashlash imkoniyati» haqida ham gapirdi.

Mazkur vaziyat AQSh ittifoqchilarini xavotirga soldi. Yirik energetika kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, agar Yaqin Sharqdan yetkazib berishdagi uzilishlar davom etsa, Yevropa hukumatlari Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaziga qo‘yiladigan taqiqni kechiktirish bosimi ostida qolishi mumkin. Bu esa Moskva izolyatsiyasiga qaratilgan ko‘p yillik sa’y-harakatlarni bekor qilishi ehtimoli bor.

Kpler kompaniyasining suvdagi transport vositalari harakatini kuzatish bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya neftining katta qismi dengizda tashilyapti va tankerlarning aksariyati Hind okeani orqali Hindiston portlari tomon harakatlanyapti. 11 fevral holatiga Hindistonning Rossiyadan neft importi kuniga 1,5 million barrelga yetgan. Bu o‘tgan oy boshiga nisbatan 50 foizga ko‘p.

«Agar hozirgi yuk tashish jadvali va bozor harakatlari davom etsa, bu oy Hindistonga Rossiya neftining kelishi kuniga qariyb 2 million barrelga yetishi mumkin», deydi Kpler tahlilchisi Sumit Ritolia.

Rossiyaning daromadi keskin oshdi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar global neft va gaz bozorlarida jiddiy beqarorlik keltirib chiqardi. Energiya va toza havo tadqiqot markazi tahlilchisi Vaibhav Raghunandanning ta’kidlashicha, oy davomida bozordan 60 million tonna neft va 7 million tonna suyultirilgan gaz chiqib ketishi xavfi bor.

Yaqin Sharqdan keladigan yo‘qotishlarni qoplash uchun Hindiston va Xitoy Rossiyadan importni keskin oshirdi. Xususan, urush boshlanganidan bir hafta o‘tib, bu ikki davlatning Rossiyadan amalga oshirgan importi fevraldagi o‘rtacha kunlik ko‘rsatkichiga nisbatan 22 foizga ko‘paygan.

«Agar inqiroz uzoq davom etsa, Hindiston va Xitoy Rossiya nefti uchun o‘zaro raqobat qila boshlaydi», deydi Berlin shahridagi Carnegie Russia Eurasia Center tadqiqotchisi Sergey Vakulenko.

Shu bilan birga, Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, dengizdagi tankerlar ichida qolib ketgan Rossiya nefti hajmi Yaqin Sharqda urush boshlanganidan keyin 11 million barrelga kamayib, 125 million barrelgacha qisqargan.

Hozirda Rossiya nefti so‘nggi uch oydagi o‘rtacha narxiga nisbatan barreliga 20–30 dollar qimmatroq sotilmoqda. Vakulenko hisob-kitobiga ko‘ra, neftning o‘rtacha oylik narxi har barrel uchun 10 dollarga oshsa, Rossiya eksportchilari qo‘shimcha 2,8 milliard dollar daromad oladi. Shundan 1,63 milliard dollar davlatga soliq sifatida tushadi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu kuniga 54 million dollar qo‘shimcha budjet daromadi degani. Umuman olganda, urushning dastlabki 12 kunida Rossiya budjeti kuniga 110–160 million dollar, jami 1,3–1,9 milliard dollar qo‘shimcha daromad olgan bo‘lishi mumkin. Agar shu sur’atda davom etsa, bir oy davomida Rossiya davlat budjetiga 3,3–5 milliard dollar rejadan tashqari mablag‘ tushadi. Shunday bo‘lsa-da yil boshidagi energiya daromadlaridagi pasayishni qoplash uchun hozirgi bozor sharoiti yana bir necha oy davom etishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilning dastlabki ikki oyida energetika daromadlari (asosan neft qazib olish solig‘i hisobiga) o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga kamaydi. Natijada Rossiya budjet taqchilligi butun yil uchun rejalashtirilgan ko‘rsatkichning 90 foizidan oshib ketdi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan beri ilk bor sanksiya bosimi Rossiya budjetiga jiddiy zarba bera boshlagandi va hukumat joriy yilgi xarajatlarni kamida 10 foizga qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Ammo, ayni paytda Rossiya hukumatidagi amaldorlar vaziyatdan chiqib ketish mumkinligiga ishonyapti.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar inqiroz uzoq davom etsa, Rossiya neft ishlab chiqarishni oshirish imkoniyatiga ham ega. Hozir mamlakat ishlab chiqarishni OPEC+ kvotasidan kuniga 300 ming barrel kam darajada ushlab turibdi.

«Bizning fikrimizcha, Rossiya qisqa muddat ichida ishlab chiqarishni kuniga kamida 400 ming barrelga oshirish imkoniyatiga ega, ammo bu hajmni bozorga chiqarish uchun bir necha oy vaqt kerak bo‘lishi mumkin», deydi Emerging Markets Oil and Gas Consulting Partners asoschisi Ronald Smit.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid