O‘zbekiston | 15:48 / 21.01.2023
46904
3 daqiqa o‘qiladi

“Hozircha hech kim jarimaga tortilmaydi, + 5 qoidasi saqlab qolinadi” – 60 km/soat tezlik chekloviga oid muhim ma’lumotlar

Ichki ishlar vazirligi YHXX axborot xizmati rahbari Azizxon Murodov yo‘l harakati ishtirokchilari qachondan boshlab tezlikni 60 km/soatdan oshirgani uchun jarimaga tortila boshlashini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Yo‘l belgilari qachon o‘rnatiladi?

Avtomobillar 60 kilometr soat tezlikda harakatlanishi belgilangan ko‘chalar xatlovdan o‘tkazilgach, tegishli belgilar bosqichma-bosqich o‘rnatiladi.

Bunda haydovchilar cheklangan tezlik qayerda boshlanib, qayerda tugashi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishadi.

Mazkur bayon asosida yuqori tezlik cheklangan va ushbu ko‘chalarda o‘rnatilgan maxsus moslamalar (radarlar, kameralar) ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka, ya’ni 60 kilometr soat tezlikka moslashtiriladi.

Taqiqlovchi belgilar o‘rnatilmaguncha jarima yozilmaydi

Mulozimning aytishicha, kerakli joylarga ushbu yo‘lda tezlik cheklovi 60 km/soat etib belgilanganini anglatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilib, ko‘chalardagi maxsus moslamalar (radar va kameralar) ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka, ya’ni 60 kilometr soat tezlikka moslashtirilgandan so‘nggina qoidabuzarliklar hisobga olina boshlaydi.

Tezlik 60 km/soatgacha pasaytirilgan ko‘chalarda taqiqlovchi belgilar o‘rnatilishi bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida va rasmiy saytlar orqali jamoatchilikka ma’lumotlar berib boriladi.

+5 qoidasi saqlanib qoladi

Aziz Murodovga ko‘ra, radarlar va videokameralar tomonidan qoidabuzarliklarni qayd etishda +5 qoidasiga amal qilinadi.

“Misol tariqasida haydovchi 66 kilometr soat tezlikda harakatlanadigan bo‘lsa barchaga ma’lum 5 kilometr soat tezlik chegirib tashlanadi va 61 kilometr soat tezlikda harakatlanib, qoidabuzarlik sodir etgani bo‘yicha jarima qo‘llanishi mumkin”, deydi u.

Qoidalar e’lon qilingan kundan kuchga kirgan

IIV YHXX axborot xizmati rahbarining ta’kidlashicha, tezlik cheklovi allaqachon, ya’ni bu haqdagi xabarlar OAVda e’lon qilingandan kuchga kirgan. Garchi radar va kameralar qoidabuzarlik uchun jarima yozmasa-da, bugungi kunda harakat ishtirokchilari yangi joriy qilingan tartibga amal qilib harakatlanishlari shart.

“Chunki birlamchi maqsad harakat ishtirokchilarini javobgarlikka tortish emas, balki avtomobil yo‘llarida harakat tezligini kamaytirish orqali sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishdan iborat”, deydi Azizxon Murodov.

Eslatib o‘tamiz, Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2023 yil 17 yanvar kuni tasdiqlangan 3-sonli yig‘ilishi bayoni bilan poytaxtdagi Kichik halqa yo‘li ichida, bundan tashqari, viloyat markazlarining ayrim ko‘chalarida harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilandi.

Mavzuga oid