O‘zbekiston | 18:46 / 30.01.2023
46520
3 daqiqa o‘qiladi
Bog‘cha xodimlarining maoshi oshiriladi
2023 yilda maktabgacha ta’limdagi pedagoglarning maoshlari umumta’lim maktab o‘qituvchilarining lavozim maoshlariga tenglashtiriladi. Bog‘chalar direktorlari, tarbiyachilarning yordamchilari, bog‘chalar oshxonasi va buxgalteriyasi xodimlarining oyligi ham sezilarli oshadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimi Mavluda Asqarxo‘jayeva AOKAdagi brifingda bog‘chalar faoliyatiga doir 2023 yilda bajariladigan ustuvor vazifalarni sanab o‘tdi.
Uning aytishicha, bu yil maktabgacha ta’lim xodimlarining maoshlari quyidagicha oshiriladi:
- pedagog xodimlar lavozim maoshlari umumta’lim maktabi o‘qituvchisi lavozim maoshiga tenglashtiriladi;
- direktor lavozim maoshi umumta’lim maktabi direktori (3- va 4-guruh) lavozim maoshiga tenglashtiriladi;
- tarbiyachi yordamchisi lavozim maoshi 70 foiz oshiriladi;
- oshxona va buxgalteriya xodimlari lavozim maoshiga 100 foiz ustama belgilanadi.
Bundan tashqari, 2023 yilda quyidagi ustuvor vazifalar ijrosi ham kutilmoqda:
- 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 74,4 foizga, jumladan 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 92 foizga yetkazish;
- davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi 1 600 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish;
- Jahon banki mablag‘lari hisobidan 35 ta jihozlangan avtobuslar negizida 70 ta mahallalarda 140 ta «Aqlvoy» mobil guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- 8000 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 23 nomdagi o‘quv-uslubiy va didaktik materiallar bilan ta’minlash;
- 6 yoshli bolalar ta’limiga ehtiyoj bor hududlarni ota-onalar talablariga binoan aniqlash maqsadida maxsus elektron platforma ishlab chiqish;
- Maktabgacha ta’lim tizimida moliyaviy jarayonlarning shaffof tarzda amalga oshirilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish; ya’ni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari va tarbiyalanuvchilarining davomatini yuritish uchun “Bolalar bog‘chasi” va “Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish” (NMTTB) axborot tizimlari to‘liq yuritilishini ta’minlash;
- prezidentning 2022 yil 9 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 150-son farmoniga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha asoslangan taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
- maktabgacha ta’lim tizimida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, sog‘liqni saqlashning birlamchi tizimi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish;
- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida zamonaviy (kombinat) markaziylashtirilgan usullaridan foydalangan holda sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni tajriba-sinovdan o‘tkazish.
Mavzuga oid
20:42 / 03.11.2023
2-toifali o‘qituvchining o‘rtacha oyligi ma’lum qilindi
13:29 / 02.11.2023
2024 yilda ish haqi, pensiya va stipendiyalar miqdorini oshirish rejalashtirilgan
07:50 / 27.10.2023
Hududlardagi o‘rtacha oylik ish haqi ma’lum qilindi
08:00 / 11.09.2023