O‘zbekiston | 21:00 / 21.02.2022
35318
2 daqiqa o‘qiladi

1 apreldan UzAuto Motors avtomobillari faqat buyurtma bergan odamning nomiga rasmiylashtiriladi

Birdaniga o‘ntalab mashinaga buyurtma berib qo‘yib, ular chiqqach mashinani «nol probeg» bilan boshqa odamga sotuvchilar bundan keyin notariusda oldi-sotdi shartnomasi qilishga majbur bo‘lishadi.

Foto: Kun.uz

«Avtomototransport vositalarini sotib olish jarayoniga axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Belgilanishicha, 2022 yil 1 apreldan UzAuto Motors AJ tomonidan avtomototransportni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.

«Mazkur tartib orqali avtomobil sotib olishda haqqoniy xaridorlarga ustuvorlik beriladi. Ya’ni fuqarolarning avtomototransport sotib olish uchun olgan shartnomalarini boshqa shaxslarga sotishining oldi olinadi. Shartnoma kimning nomiga rasmiylashtirilib, Yo‘l harakati xizmati bazasiga kiritilgan bo‘lsa, avtotransport o‘sha shaxs nomiga rasmiylashtiriladi», – deyilgan qarorda.

Avvalroq, UzAuto Motors bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20, hattoki 200ta kelishuv shartnomalari tuzilganlik holatlari aniqlangani, shu sababdan o‘z savdo ma’lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirishni taklif etgandi

Mavzuga oid