O‘zbekiston | 20:58 / 26.08.2025
7059
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil oldi-sotdisida “Trade-up” dasturi joriy etiladi

O‘zbekistonda minilgan mashinani distribyutor yoki dilerga topshirib, narxidagi farqni qoplagan holda o‘rniga boshqa bir minilgan mashinani xarid qilish (“Trade-up”) dasturi joriy etiladi. Bu – bir necha yil oldin yo‘lga qo‘yilgan, minilgan mashinani yangi mashinaga almashtirish (“Trade-in”) dasturiga muqobil variant bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda foydalanishda bo‘lgan avtomobilni foydalanishda bo‘lgan boshqa avtomobilga almashtirish – “Trade-up” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. 22 avgust kuni bu borada hukumat qarori qabul qilindi.

Bunga qadar, foydalanishda bo‘lgan avtomobilni ustiga pul to‘lab, yangisiga almashtirish – “Trade-in” dasturi joriy etilgandi.

Har ikki holatda ham jismoniy yoki yuridik shaxs distribyutor yoki diler tashkilotiga minilgan avtomobilni sotayotganda, oldi-sotdi bitimini notarial rasmiylashtirish talab etilmaydi. Shu bilan birga, er (xotin)ning notarial tartibda tasdiqlangan rozilik xati kerak bo‘ladi.

Qonunchilikda bu tushunchalarga quyidagicha izoh berildi:

  • “Trade-in” – ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini yangi avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish;
  • “Trade-up” – ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish.

Shuningdek, qonunchilikda distribyutorlar va dilerlar tushunchasi ajratildi:

  • distribyutor tashkiloti – O‘zbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi bilan tegishli distribyutorlik kelishuviga ega yuridik shaxs;
  • diler tashkiloti – O‘zbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo‘yicha distribyutor tashkiloti yoki ishlab chiqaruvchi bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega yuridik shaxs.

Avvalroq yengil avtomobillarni sotuvchi rasmiy dilerlar ro‘yxati e’lon qilingandi.

Mavzuga oid