Jahon | 19:20 / 27.01.2026
24301
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning o‘ldirilishi ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi

Istanbulda o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov davom etmoqda. Ayolning jasadi Shishli tumanidagi chiqindi qutisidan topilgan. Ish keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Turkiyaning Sabah nashri ma’lumotlariga ko‘ra, fojia haqida 24 yanvar kuni kechqurun ma’lum bo‘lgan. Duatepa mahallasida ikkilamchi xomashyolarni yig‘ishtirayotgan O.Ch. ismli shaxs Qo‘yulubog‘ ko‘chasidagi chiqindi qutisida turgan o‘ramda ayolning jasadini topgan.

Erkak topilma haqida politsiyaga xabar bergan. Voqea joyiga yetib kelgan kriminalistlar konteynerda ayolning boshsiz jasadini topdi. Keyinroq qo‘shni ko‘chalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida jasadning qolgan qismlari solingan jomadon topildi.

Turkiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, marhum ayolning shaxsi barmoq izlari orqali aniqlangan. U ovchilik va sport anjomlari do‘konida ishlagan 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova bo‘lib chiqdi. Keyinroq bu ma’lumotni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi rasman tasdiqladi. Shuningdek, konsulxona marhum ayolning oilasi bilan aloqada bo‘lib, zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.

Diplomatik vakolatxonaning aniqlik kiritishicha, jinoyat izidan O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi Turkiyadan Gurjistonga uchib ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.

Turkiyaning Hürriyet nashri tergov tafsilotlarini e’lon qildi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik Umraniya tumanidagi kvartirada sodir bo‘lgan. Asosiy gumonlanuvchi - D.T. marhuma bilan yaqin munosabatda bo‘lganini tan olgan. Ular taxminan bir yil oldin tanishgan. Uch oy oldin D.T. Turkiyaga borgan va fojiadan 10 kun oldin qotillik sodir bo‘lgan xonadonni ijaraga olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan, shunda ayolning orqasiga to‘rt marta pichoq bilan jarohat yetkazgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, D.T. jasaddan qutulish uchun tanishi 28 yoshli G.K.ni yordamga chaqirgan. Ular birgalikda jasadni bo‘laklarga ajratib, qismlarni paket va jomadonga joylashtirgan, shundan so‘ng taksi chaqirib, Shishli tumaniga yo‘l olgan va jasad qismlarini turli chiqindi qutilariga tashlagan.

Tergovga uchinchi shaxs - sheriklarni olib ketayotgan taksi haydovchisi ham jalb qilingan. Tergov uning yuk tarkibi haqida bilgan-bilmaganini aniqlamoqda.

Durdona Hakimovaning o‘ldirilishi Istanbul va Anqarada norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Türkiye Today nashrining yozishicha, namoyishlar Shishli tumanida, shuningdek, Turkiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan.

Istanbulda aksiya ishtirokchilari «Usmonbey» metro bekatidan marhumning jasadi topilgan ko‘chagacha piyoda yurib bordi. Namoyishchilar «Migrant ayollar yolg‘iz emas» va «Ayollar hayoti muhim» degan yozuvli plakatlarni ko‘tarib olgan edi.

Shuningdek, 26 yanvar kuni Istanbul Advokatlar kollegiyasining Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha markazi rasmiy bayonot berdi. Huquq himoyachilarining fikricha, bu fojia migrant ayollarni himoya qilishdagi tizimli bo‘shliqlar natijasidir.

Jamoat tashkilotlari Durdona Hakimova ishi bo‘yicha sud jarayonini kuzatib borish va barcha aybdorlarga imkon qadar og‘ir jazo tayinlanishiga erishish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Hozir tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilar hibsga olingan. Politsiya kuzatuv kameralari yozuvlari, guvohlarning ko‘rsatmalari va barcha gumonlanuvchilarning harakatlarini o‘rganmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid