Light | 20:36 / 06.08.2018
22658
5 daqiqa o‘qiladi

Mutolaa zavqi. ​​“So‘nggi to‘fon” - halollik haqida asar

Hech halol va harom orasida ikkilanib ko‘rganmisiz? Ha, deb javob berishingiz tayin. Chunki hayotimiz butunlay halol va harom o‘rtasidagi kurashdan iborat. Bu tom ma'nodagi jang davomida nafsimiz goh u tomonga yon bossa, goh bu tomonga yon bosadi.

Ba'zan shunday «olishuv»da aqlimizni tanigan insonlar bo‘lsak-da, ikkilanamiz. Ko‘rinishi bizga foyda keltiradigan yumush bo‘lsa-da, sha'ran noma'qul ishni qilishimizga to‘g‘ri kelib qolganda «tirikchilik ko‘yida-ku», deya o‘zimizni oqlaymiz. Ammo shunda ham ichimizning allaqayeri simillab og‘rib qo‘yadi. Bizki, oq va qorani ajratadigan yoshda bo‘la turib, mana shunday yo‘l oldida ikkilanish sezyapmiz, tasavvur qiling-chi, maktabga chiqib-chiqmagan go‘dak qanday yo‘l tutgan bo‘lardi? Murg‘akkina halol va haromni tanlashi kerak bo‘lganda halol tomon to‘g‘rilik ekanini farqlay olarmidi?

Qalami o‘tkir turk yozuvchisi Ahmad Lutfi Qozonchining «So‘nggi to‘fon» asarini o‘qir ekansiz, qahramon Hasanning yosh bolaligidan tortib ulg‘aygunga qadar chekkan iztiroblarini — onasi bilan birga otasi tomonidan xo‘rlanishini, o‘z padari o‘g‘rilikka undashini, nafsi bilan olib borilgan muhorabalarni, o‘smirlik yoshining bosimlarini hamda Hasan bu sinovlardan qanday o‘tganini, yetti yot begona insonlardan ko‘rgan yaxshiliklari ko‘ngliga qanday kechinmalar solganini, kelajakda qanday qilib chin ma'noda muslim, xushxulq inson bo‘lib yetishganini tushunib yetasiz va umuman olganda, qodir Allohning toshda ham gul unishi borasidagi tushunchaga bergan mukammal misoli bilan tanishasiz.

Haqni tanigan taqvodor ayol Farida hamda bebosh, bezori, oqibatda o‘g‘riga aylangan Tursunning farzandi Hasan kichik yoshidanoq sovuq, ochlik hissini totib ko‘radi. Tengdoshlari issiq uylarda yashab, qalin oyoq kiyimlar bilan o‘zlarini muhozafa qilganda ularga havas bilan termularkan, o‘zi sal yomg‘ir yog‘sa ichiga suv to‘ladigan oyoq kiyim bilan kun o‘tkazadi. Kun kelib, rahmdil inson unga yangi oyoq kiyim hadya qilganda bezori ota o‘g‘liniki bo‘lgan bu etikchalarni qimorda yutqazdi. Taqdir faqat shu bilan kifoyalanganda edi…

Yo‘q, baxtga qarshi oldinda bundan ham katta sinovlar bor edi. Padari endi o‘z o‘g‘lini qing‘ir ishga qanday chorlash ustida bosh qotira boshladi. Bir kun bunga qat'iy undadi ham. O‘zganing dargohiga otasining yetaklovi bilan kirgan Hasanning oldidan kutilmaganda «ov o‘ljasi» — duru marvaridlar chiqib qoldi. Shu oniy lahzada bolakay xayolining ming bir ko‘chasida o‘zi bilan olishdi. Qilishga tutingan ishi gunohi kabira ekanligini bilgani holda, otasining tazyiqidan qanday qutulishni bilolmay qoldi. Murg‘akkinaning ko‘ngliga Alloh solgan to‘g‘rilik shu lahzada ham o‘zini oqladi — bola birovning mulkini o‘zining dastro‘molchasi orqali o‘zidan muhofaza qildi. Hasanga yillar o‘tib orom olayotgan shu uy egalarining soliha farzandiga yor bo‘lishini o‘sha payt aytishganda tasavvur ham qilolmasdi ehtimol. Biroq, bu haqiqat edi.

Oradan o‘tgan yillar uning uchun katta sinov bo‘ldi. Umr yo‘lida tasodifan uchragan yo‘lovchi, uning yordami bilan topgan ustozi, suyukli yori unga mudom hamroh bo‘lishdi. Bu orada anchagina yo‘qotishlar ham qilishiga to‘g‘ri kelsa-da, faqirlik jon-jonidan o‘tib ketganiga qaramay, o‘zini harom ish qilishdan, «o‘g‘rining bolasi o‘g‘ri bo‘ladi» degan xulosadan asrab keldi.

Qadrli o‘quvchi, inson kitob mutolaa qilganda nafaqat voqealarni hayolida jonlantiradi, balki uni tahlil qilib, xulosa chiqaradi. Kun.uz saytida «Mutolaa zavqi» sarlavhasi orqali tavsiya qilinayotgan asarlar, xususan, ushbu kitob nafaqat vaqtingizni mazmunli o‘tkazadi, balki qahramonlarning hayotiy tajribalari umringiz davomida sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi.

 

E'zozxon ISMATOVA,

NavDPI talabasi


O‘qishni tavsiya etamiz: Mutolaa zavqi. "Qumdagi xotin" xususida

Qirollar o‘qigan asar – «Hukmdor» haqida

Mavzuga oid