Jahon | 07:23 / 07.02.2026
3403
3 daqiqa o‘qiladi

Reyting: tadqiqot va ishlanmalarga eng ko‘p pul sarflaydigan davlatlar

O‘nlab yillar davomida AQSh tadqiqot va ishlanmalarga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib keldi. Biroq bugun Xitoy tobora faol ravishda shakllangan ilmiy-texnologik kuchlar muvozanatida jiddiy raqobatchiga aylanmoqda.

Foto: iStock

Tez sur’atdagi iqtisodiy o‘sish va maqsadli davlat siyosati fonida Xitoyning jahon bo‘yicha tadqiqot va ishlanmalar xarajatlaridagi ulushi 2000 yildagi 4 foizdan 2024 yilda 27,4 foizgacha oshdi. Janubiy Koreya va Hindiston ham tadqiqot sohasidagi ishtirokini kuchaytirmoqda — bu esa Osiyoni global innovatsiyalar markaziga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Yangi infografikada Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) ma’lumotlari asosida mamlakatlarning tadqiqot va ishlanmalarga sarflagan xarajatlari ko‘rsatilgan. Xitoy 2024 yilda R&D'ga 785,9 milliard dollar investitsiya kiritib, dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.

Bu miqyosdagi sarmoyalarning muhim qismi markazlashgan moliyalashtirish modeli bilan izohlanadi: tadqiqotlarning salmoqli qismi davlat laboratoriyalari orqali amalga oshiriladi va ular milliy ustuvor yo‘nalishlar — energetika, biotexnologiya va ilg‘or texnologiyalar asosida ishlaydi.

AQSh 781,8 milliard dollar ko‘rsatkichi bilan ikkinchi o‘rinda. Xitoydan farqli o‘laroq, AQShda tizim asosan xususiy sektorga tayanadi: Amazon, Alphabet va boshqa kompaniyalar dunyodagi eng yirik korporativ R&D investorlari qatoriga kiradi. Umuman olganda, Xitoy va AQSh hissasiga jahondagi tadqiqot va ishlanmalarga sarflanadigan barcha investitsiyalarning 54,7 foizi to‘g‘ri keladi.

Yaponiya katta farq bilan uchinchi o‘rinda bo‘lib, 2024 yilda 186 milliard dollar sarflagan. 2000 yildan beri uning jahon R&D xarajatlaridagi ulushi 7,2 foiz punktiga kamaygan — bu pasayish miqdori bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi. Yaponiyada korporativ investitsiyalar bo‘yicha an’anaviy yetakchi Toyota hisoblanadi, Honda ham faol ishtirok etadi.

Yevropa ham birinchi o‘nlikda uchta davlat bilan qatnashgan: Germaniya (4-o‘rin), Buyuk Britaniya (6-o‘rin) va Fransiya (8-o‘rin). Biroq ularning har biri 2000 yildan beri jahon tadqiqot xarajatlaridagi ulushining bir qismini yo‘qotgan. Rossiya ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinni egallaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid