O‘zbekiston | 09:04 / 01.04.2019
10991
6 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: «Buxoro barcha sohada - halollik, poklik, ijodkorlik nuqtai nazaridan namuna bo‘lishi kerak»

«O‘zbekiston 24» telekanalida prezidentning Buxoroga tashrifi haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish etildi.

Prezident o‘tgan yili mart oyida ushbu viloyatga amalga oshirilgan tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi bilan qiziqdi.

Prezident matolardan kiyim-kechak tikib ishlab chiqaruvchi «Ekvatorial Chodak Grup» MChJda bo‘ldi. Gidroponika usulida zamonaviy issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi «Buxoro Agro» erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Paxtachilikka asoslangan BCT klasterni borib ko‘rdi. Ipakchilik klasterida bo‘lgan prezident bu yerda amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar bilan tanishar ekan, barcha viloyatlarda tutzorlarni kengaytirish borasida topshiriqlar berdi.

 

 

Buxoroda aholining 433 ming gektardan ziyod tomorqa yerlarida ham mahsulot yetishtirishga katta e'tibor berilishi lozimligi ta'kidlandi.

Buxoroni azaldan mashhur qilgan qorako‘lchilik an'analarini yangi sifat bosqichiga chiqarish lozimligi aytildi. Prezident mo‘ynachilikni rivojlantirish uchun barpo etilgan quyon, norka va shinshila yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining ishi bilan ham tanishdi.

Prezident Kogon tumanidagi «Taraqqiyot» mahalla fuqarolari yig‘ini markazida ham bo‘ldi. Shu maskanda prezident viloyatda 35 mingdan ziyod xotin-qizlar ish bilan ta'minlanmagani, xotin-qizlar jinoyatchiligi saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Prezident bu holat milliy mentalitetimizga yotligi, buyuk tarix va yuksak salohiyatga ega bo‘lgan Buxoroga mutlaqo yarashmasligini ta'kidladi.

 — Joriy yil oxirigacha ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ish bilan ta'minlash, jinoyatchilik sodir etmasligi uchun zarur choralarni ko‘rib, Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahalla markazida o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy muloqot qilar ekan, prezident ularga qarata shunday dedi:

— Bir soat, bir daqiqa vaqtni behuda o‘tkazmaslik kerak. Vaqtlaringni ko‘proq ilm olishga sarflasangiz hamma sohaning bilimdoniga aylanasizlar. Bugun o‘z ustlaringda ishlasalaring ertaga hayotda mustaqil bo‘lasizlar. Olgan bilim va erishgan natijalaring bilan boshqalardan qudratliroq bo‘lasizlar. Qaysidir fanni puxta o‘zlashtirib, ikki-uchta xorijiy tilni o‘rgansalaring hozirdan o‘zlaringga juda katta moddiy asos yaratgan bo‘lasizlar. Sizlarning beg‘ubor ko‘zlaringiz juda katta kurashga tayyor ekanligingizni anglatib turibdi. Intilish, izlanish va kurashishdan erinmang.

Prezident shundan so‘ng Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, «Buxoro siti» loyihasi bilan tanishdi.

Tashrifning ikkinchi kunida o‘tkazilgan viloyat faollari bilan uchrashuvda shunday dedi:

— Odamlarning fikri o‘zgaryaptimi-yo‘qmi? O‘zbekistonda hozirgi kunda olib borilayotgan siyosatni oddiy odamlar qanday qabul qilishmoqda. Har bir qilayotgan ishimiz xalqimiz manfaati uchun, albatta.

Buxoro viloyatining juda katta imkoniyati, salohiyati bor. Ikki millionga yaqin oliyjanob xalqi bor. Uzoq-uzoq tumandagi fuqarolarimiz olib borilayotgan islohotlar mening hududimga, ko‘chamga, xonadonimga, shaxsan o‘zimga qachon manfaat olib keladi, deb kutib o‘tiribdi.

Agar manzilli ishlarni olib bormasak, xonadon, shaxs bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlamasak — natija bo‘lmaydi. Biz qachon raqobatbardosh bo‘la olamiz: mahsulotimizning sifati zo‘r bo‘lsa. Qachonki shu mahsulotni tayyorlovchi xalqimizning ilmi yuqori bo‘lsa.

Buxoro barcha sohada namuna bo‘lishi kerak. Halollik, poklik, ijodkorlik nuqtai nazaridan.

Viloyatda 2019 yil yakunlari qanday bo‘lishini men yaqqol tasavvur qila olaman. Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha viloyatda 100 milliarddan ziyod mablag‘ o‘z mahalliy budjetida qolyapti. Bir yil avval 1 milliard ham qolmasdi. Lekin bu ko‘rsatkich ham meni qoniqtirmaydi. Bu ishlarni davom ettirsak, choraklikda 250-300 milliardga, yil yakunlari bo‘yicha 1 trillion so‘mgacha pul hokimning qo‘lida qoladi, — dedi prezident.

Prezident viloyatda tomorqa ekinlarini rivojlantirish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

— Oldin biz tomorqa, kichik biznes derdik. Bir so‘m pul bermasdik. Bu ishlar tashviqot bilan bo‘lmaydi, mablag‘ kerak. Shuning uchun biz ilk marta 500 milliardga yaqin pul beryapmiz. Uyiga kelib issiqxona qilib beramiz, limonni ekib beramiz va hosilni sotib olamiz. Bu — bitta limon misolida. Boshqa mahsulotlar ham xuddi shunday bo‘ladi. Agar biz quyi pog‘onadagi aholining xarid qobiliyatini kuchaytirmasak, u svet-gazning pulini to‘lolmaydi, bolasini o‘qita ololmaydi, bozorga borolmaydi. Biz beradigan mablag‘ — tayyor pul. Kredit emas. Kam ta'minlangan oila kutib o‘tiribdi: qachon mening xonadonimga ham havo kirar ekan deb. 3-4 gektar bog‘ tashkil qilinib, 10 sotixdan odamlarga ijaraga beriladi. Lizing asosida. Maqsadimiz — birorta bo‘sh odam bo‘lmasligi kerak. Bular — xalqimizni rozi bo‘lishi uchun amalga oshiriladigan choralar, — dedi Sh.Mirziyoyev Buxoro viloyati faollari bilan uchrashuvda.

Mavzuga oid