O‘zbekiston | 18:28 / 10.02.2023
9784
3 daqiqa o‘qiladi

1 maydan barcha gaz shoxobchalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn videokameralar majburiy o‘rnatiladi

Gaz shoxobchalariga o‘rnatilgan elektron o‘lchash uskunalari va kameralar soliq organlari axborot tizimiga integratsiya qilinadi.  

Foto: Kun.uz

Prezidentning «Tadbirkorlik sub’yektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan majburiy tarzda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn videokameralari o‘rnatiladi. Shuningdek, ular soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. 

2023 yilgi davlat dasturida metan shoxobchalarga  elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi reja qilingan

Dasturda O‘zbekistonda tabiiy gazni yonilg‘i quyish shoxobchalariga yetkazib berishdagi o‘g‘riliklarga qarshi kurashish uchun yangi mexanizm ishga tushishi nazarda tutilgandi.

Unga ko‘ra, AGTKSlarga gaz hajmining onlayn hisobini yuritish tizimi, sotilgan gaz miqdorining aniq hisobini yuritishni ta’minlovchi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan dastur mavjud bo‘lgan hollardagina gaz yetkazib beriladi. 

  • Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev energetika nazorati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, bu borada mas’ullarga ikki yil «favqulodda tartibda» ishlash vazifasini qo‘ygandi. Yig‘ilishda mamlakatda energetika resurslari «xo‘jasizlarcha talon-toroj qilinayotgani»,  «metan-shoxobchalar ustidan nazorat butunlay izdan chiqqani», «elektr va gaz bo‘yicha avtomatik hisoblash tizimlari 92-98 foizga o‘rnatilgan bo‘lsa-da, debitor qarzdorlik haligacha yuqori» ekani aytib o‘tilgandi. Prezident Energoinspeksiya va MIBning ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar bergandi.

Mavzuga oid