O‘zbekiston | 11:39 / 26.08.2022
10283
2 daqiqa o‘qiladi

Asadning ShHT Samarqand sammitiga kelishi muhokama qilinmagan - O‘zbekiston milliy koordinatori

Bashar Asadning ShHTning Samarqanddagi sammitiga kelishi masalasi hozircha ko‘tarilmagan va muhokama qilinmagan. 

Foto: Reuters

Suriya prezidenti Bashar Asadning Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida ishtirok etishi masalasi ko‘tarilmagan va muhokama qilinmagan. 

Bu haqda RIA «Novosti» O‘zbekistonning Shanhay hamkorlik tashkilotidagi ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatilla Nurimbetovga tayangan holda xabar berdi.

Avvalroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Suriya yetakchisi Bashar Asad Samarqandda ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishi mumkinligi, ikki davlat rahbarlari 2011 yildan beri gaplashmayotgani ma’lum qilingandi

Eronning Tasnim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitiga taklif qilgan.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Turkiyaning «Vatan» partiyasi rahbari Do‘g‘u Perinchek yaqin orada delegatsiya tarkibida Suriyaga jo‘nab ketadi va u yerda Bashar Asad bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazadi. 

Tasnim xabariga ko‘ra, agar bu uchrashuv «ijobiy» bo‘lsa, Turkiya va Suriya prezidentlari ShHTning bo‘lajak yig‘ilishi doirasida uchrashishi mumkin. 

Turkiyaning Turkiye gazetasi avgust oyi boshida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Bashar Asad telefon orqali muloqot qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Ikki davlat rahbarlari 2011 yildan beri gaplashmayapti. 

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bo‘lajak muzokaralar haqidagi ma’lumotni rad etdi. Diplomatik idora rahbari Mavlud Chavusho‘g‘li Suriya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar haqida hozir «gap-so‘z ham bo‘lishi mumkin emas» dedi. 

Mavzuga oid