Jamiyat | 08:30 / 10.06.2019
19511
7 daqiqa o‘qiladi

Xivalik fermerning yeri boshqa tadbirkorga noqonuniy berib yuborildi – mojaro tafsilotlari 

Kun.uz tahririyatiga Xiva shahrida istiqomat qiluvchi Gulora Jumaniyazova murojaat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan fermer xo‘jaligi yeri boshqa tadbirkorga berib yuborilgani, hokimlik tomonidan nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani haqida shikoyat qildi.

Vaziyatni o‘rganish uchun Xiva shahriga borib, Gulshan-2 mahallasi, Ko‘hna Xiva ko‘chasi 38-uyda istiqomat qiluvchi murojaatchi bilan uchrashdik, shuningdek, hokimlikning mansabdor shaxsidan izoh oldik.

Gulora Jumaniyazova 1952 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan, mutaxassisligi – olim-agronom. Uning oilasi 28 yildan beri ko‘chatchilik bilan shug‘ullanmoqda.

«1991 yili, jamoa xo‘jaligi tomonidan ajratilgan yerda davlatga mevali va manzarali daraxtlarning ko‘chatlarini yetishtirib berish bilan shug‘ullana boshladik. 2004 yili «Abdusharif bog‘bon» fermer xo‘jaligini tashkil qildik. Hozir unga o‘g‘lim Umar Atayev rahbarlik qilyapti. Xiva tumani hokimligi qarori bilan bizga Dashyoq qishlog‘i, Gulshan mahallasi hududidan 3,8 ga yer ajratib berildi. Shu vaqtdan boshlab, viloyat aholisi va fermerlari uchun mevali va manzarali daraxtlarning ko‘chatlarini yetishtirib, aholi ehtiyojini ta'minlab, tuman hokimligi tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarib kelyapmiz. Bundan tashqari, muruvvat uylari, nogironlar uyi, sihatgohlar va kam ta'minlangan oilalarga ko‘chatlarni beminnat, xayriya asosida yetkazib berganmiz», - deydi Gulora Jumaniyazova.

2019 yil mart oyida «Abdusharif bog‘bon» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerning bir qismida «Xorazm G‘uncha» MChJ tomonidan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Xiva shahar hokimligi 2018 yil 21 iyulda fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerning bir qismini «Xorazm G‘uncha» MChJga ajratish haqida 1246-sonli qarorini chiqargan.

«2019 yil mart oyida fermer xo‘jaligimizga tegishli bo‘lgan yerning 1,7 ga maydonida tadbirkor Jamshid Ro‘zmetov tomonidan qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bog‘ atrofidagi devorlar buzildi, ko‘chatlar uzib tashlandi. Xiva shahar hokimligi mulozimlari bu yerda gidroponika texnologiyasiga asoslangan issiqxona qurilishini, bog‘dagi mulkni baholatib, hujjatini taqdim qilishim kerakligini, bizga esa kompensatsiya to‘lab berilishini aytishdi. Ajablanarlisi shundaki, bu yerning fermer xo‘jaligimizga tegishli ekani haqidagi qaror o‘z kuchini yo‘qotmagan, uni hech kim bekor qilmagan edi», - dedi Gulora Jumaniyazova.

Shundan so‘ng, «Abdusharif bog‘bon» fermer xo‘jaligi rahbari Umar Atayev tomonidan 1,7 ga maydondagi ekinlar, dov-daraxtlar baholash firmasida baholatib olingan. Ularning qiymati 88,6 million so‘m ekani aniqlangan.

«Yer davlatniki, uni qaytarib olish huquqiga ega bo‘lsa, bo‘ysunishga majburmiz degan xulosaga kelib, mulkimizni baholatib oldik. 88,6 million so‘m ekani aniqlandi. Biroq, Xiva shahar hokimligi bunday miqdordagi kompensatsiyani to‘lashga mablag‘ yo‘qligini, yerdan foydalanishda davom etishimiz mumkinligini ma'lum qildi. Ammo yerimiz hududida qurilish ishlari to‘xtatilmadi. Natijada, yerdan ham, mulkimizdan ham quruq qolsak kerak, deb o‘yladik. Shundan so‘ng, prokuraturaga murojaat qildik», - dedi Umar Atayev.

Xiva shahar prokuraturasi Xiva shahar hokimining 2018 yil 21 iyuldagi 1246-sonli qarorini Yer kodeksining 23, 24-moddalari, shuningdek, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi talablariga zid ravishda qabul qilinganini aniqlab, bu qarorni bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish haqida 2019 yil 18 may kuni protest kiritgan.

Murojaatni o‘rganish va maqolani tayyorlash jarayonida Xiva shahar hokimligi tomonidan bu protest qanoatlantirilib, 2018 yil 21 iyuldagi 1246-sonli qarori bekor qilingani ma'lum bo‘ldi.

Vaziyat bo‘yicha Xiva shahar hokimining iqtisodiy va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha 1-muovini Quvondiq Hasanovdan izoh oldik.

«Bu voqeadagi chalkashliklar 2017 yilda Xiva shahar va tumani chegaralarining o‘zgarishi bilan bog‘liq. O‘sha paytdagi qarorga ko‘ra, Xiva tumanining Gulshan mahallasi hududi shaharga kiritildi. 2018 yil 21 iyulda Xiva shahrining sobiq hokimi Erkin Yaqubov tomonidan «Abdusharif bog‘bon» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerning bir qismini «Xorazm G‘uncha» MChJga berish haqida qaror chiqarilgan. Tan olish kerak, bunda fermer xo‘jaligining yeri davlat zaxirasiga qaytarilmasdan turib, boshqa tadbirkorga berilgani xato edi.  Prokuratura bu qarorga protest kiritganidan so‘ng, hokimlikning bu qarori bekor qilindi. «Abdusharif bog‘bon» fermer xo‘jaligining yerga egalik qilish huquqi tiklandi», - dedi Quvondiq Hasanov.

«Abdusharif bog‘bon» fermer xo‘jaligi rahbari Xiva shahar hokimligi topshirig‘iga ko‘ra, 1,7 ga yer maydonidagi mulkini, dov-daraxtlar, ekinlar qiymatini baholatib olgan. Bunga 1,2 million so‘m sarflagan. Mulk qiymati 88,6 million so‘m ekani aniqlangan. Nima uchun fermer xo‘jaligi yeri qonuniy asosda davlat zaxirasiga qaytarilmadi, uning mulki uchun kompensatsiya to‘lanmadi?

«Ha, darhaqiqat shunday qilmoqchi edik. Ammo Xiva shahar hokimligida buncha miqdordagi kompensatsiyani to‘lash imkoniyati yo‘q. Endi bu vaziyatda fermer bilan tadbirkorni murosaga keltirish, yuzaga kelgan vaziyatning tomonlar uchun maqbul yechimini topishda ko‘maklashishga harakat qilamiz», - deb javob berdi Quvondiq Hasanov.

Hozirgi vaqtda yer qonuniy egasiga qaytarildi, uning huquqi tiklandi. Ammo 1,7 ga maydonda olib borilayotgan qurilish ishlari to‘xtatiladimi? Buni bilmaymiz.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Hokimlik tomonidan shoshma-shosharlik va loqaydlik bilan, noqonuniy chiqarilgan qaror natijasida, bu hududda katta mablag‘ sarflab, qurilish ishlarini boshlab qo‘ygan tadbirkorning ahvoli qanday bo‘ladi? Hozircha bu savolning javobi ham mavhumligicha qolmoqda.

Afsuski, mansabdor shaxslarning ish faoliyatidagi qo‘pol xatolari mana shunday oqibatlarni keltirib chiqargan.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid