O‘zbekiston | 14:19
46092
2 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov ishdan ketdi

U Samarqand viloyatiga 6 yildan buyon rahbarlik qilayotgandi.

Samarqand shahrida 28 noyabr kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Bosh vazir matbuot xizmati xabariga ko‘ra, keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash, aholining ijtimoiy sharoitlarini yuksaltirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga asosan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.

Uning ishdan ketishi «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» izohlangan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda u salomatligidagi muammolar tufayli ishdan ketishi haqida xabar tarqalgandi. Uning keyingi lavozimi to‘g‘risida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Erkinjon Turdimov 1969 yil Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi.

1991 yildan bank tizimida faoliyat boshlagan, 1995–1996 yillarda Zarafshon shahar hokimining iqtisodiyot masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, 1996–2000 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvchisi sifatida ishlagan.

2000–2008 yillarda Xatirchi tumaniga hokimlik qilgan. 2008 yilda bir muddat Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2008–2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi, 2016–2018 yillarda Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2018 yil 13 iyuldan boshlab Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

2006 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid