Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina urushining 4 yilligi, Fransiyada Trampning qudasi bilan mojaro va G‘arbiy sohilda yoqib yuborilgan masjid – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Ukrainadagi urushning 4 yilligi
2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini boshlagan edi. Bugun, 24 fevral kuni ushbu urushga naq to‘rt yil to‘lib, beshinchi yiliga o‘tmoqda. Oddiy xalq uchun ulkan azob-uqubatlar va askarlar uchun dahshatli sinovlarga sabab bo‘layotgan janglarning yaqin orada to‘xtash alomatlari ko‘rinmayapti.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi o‘tgan oyda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, bu davrda har ikki tomonda halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan harbiylar soni taxminan 1,8 million kishini tashkil qiladi.
Hisobotga ko‘ra, Rossiya 2022 yil fevraldan 2025 yil dekabrgacha 1,2 million yo‘qotishga uchragan, jumladan, 325 minggacha harbiy halok bo‘lgan.
Rossiya oxirgi marta 2023 yil yanvarida halok bo‘lganlar soni 6 mingdan biroz oshganini aytgandi. Shundan so‘ng rasmiy raqamlar ochiqlanmagan.
Markazga ko‘ra, Ukrainada harbiy yo‘qotishlar 500 mingdan 600 minggacha, jumladan, 140 minggacha halok bo‘lganlar bor. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shu oy boshida urushda 55 ming ukrainalik harbiy halok bo‘lganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab askarlar bedarak yo‘qolgan.
BMT Inson huquqlari monitoring missiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning to‘liq bosqinidan beri Ukrainada halok bo‘lgan fuqarolar soni 15 mingga yetadi. Shu davrda 40 ming 600 dan ortiq fuqaro yaralangan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, urush kamida 763 nafar bola hayotiga zomin bo‘lgan.
Turli ma’lumotlarga ko‘ra, urush davomida Rossiya Ukraina jami maydonining 19,4 foiz hududini egallab olgan. To‘liq bosqindan oldin Rossiya Qrim va Donbassning bir qismi bilan birga Ukrainaning qariyb 7 foizini nazorat qilardi.
Qariyb 6 million kishi mamlakatni tark etgan. BMTning Ukrainadagi vakolatxonasi shu oyda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, ularning 5,3 millioni Yevropada boshpana topgan. Kamida 300 ming kishi Kanadaga ketgan. Bundan tashqari, taxminan 3,7 million ukrainalik mamlakat ichida boshqa hududlarga ko‘chgan.
Narkobaronni ushlash operatsiyasi tafsilotlari
Meksika rasmiylarining ma’lum qilishicha, yakshanba tongida «El Mencho» nomi bilan tanilgan narkobaronga qarshi reyd va keyingi zo‘ravonliklarda kamida 62 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida Milliy gvardiya harbiy politsiyasining 25 xodimi va 34 nafar gumonlangan jinoyatchi bor. Kartel tarafdorlari o‘ndan ortiq shtatda 85 ta yo‘l to‘sig‘ini barpo etib, avtomobillarga o‘t qo‘ygan.
Prezident Klaudiya Sheynbaum dushanba ertalab vaziyat barqarorlashayotganini va yo‘l to‘siqlari nazoratga olinganini aytdi. Shunga qaramay, «Yangi Avlod karteli»ning tayanch hududi bo‘lgan Xaliskoda xavfsizlik kuchaytirilib, 2 ming harbiy joylashtirildi.
AQSh «El Mencho» yashiringan Tapalpa shahridagi majmuaning aniq joyini topish uchun razvedka ma’lumotlari bilan yordam bergan, biroq Meksika rasmiylari operatsiyani o‘zlari boshqarganini ta’kidladi.
Meksika mudofaa vaziri Rikardo Trevilyaning aytishicha, narkobaronning sevgilisiga yaqin shaxs bergan ma’lumot reydni tez rejalashtirishga yordam bergan.
Reyd paytida «El Mencho»ning qurollangan odamlari xavfsizlik kuchlariga o‘t ochgan va to‘qnashuv o‘rmondagi kottejlar majmuasiga ko‘chgan. Hujum joyida granatomyotli miltiqlar, raketalar va minomyot snaryadlari topilgan. Harbiylarga hujumlarni tashkil qilgan «El Mencho»ning o‘ng qo‘li va moliyaviy rahbari «El Tuli» ham qo‘lga olish paytidagi to‘qnashuvda o‘ldirilgan.
Meksika Bosh prokuraturasi 14 shtatda tergov harakatlari olib borayotganini bildirdi. Mamlakat bo‘ylab kamida 70 kishi qo‘lga olindi.
Kartel ichida ehtimoliy qayta tuzilish yoki javob harakatlari yuz bermasligi uchun rahbarlar doimiy kuzatuv ostiga olingan.
G‘arbiy sohilda masjid yoqib ketildi
Isroillik ko‘chmanchilar Nablus janubida, ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohilda joylashgan masjidga o‘t qo‘ydi — bu falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Nablus janubi-g‘arbidagi Tell qishlog‘ida joylashgan Abu Bakr Siddiq masjidiga qaratilgan hujum dushanba tongida sodir bo‘ldi.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in masjid darvozalari va tashqi qismini qamrab olgan, qishloq aholisi esa uni binoga, ichkariga tarqalishidan oldin nazoratga olgan.
Internetda tarqalgan videolarda masjid devorlari va hovlisiga olib boruvchi yo‘laklar kuygani ko‘rinadi. Shuningdek, masjid devorlariga irqchi shiorlar yozib ketilgan.
Masjid majmuasini boshqaruvchi Islomiy vaqf tashkiloti ko‘chmanchilar masjidni yoqib yuborishga uringanini tasdiqlab, voqea yuzasidan tegishli idoralar bilan ish olib borayotganini bildirdi.
Tell qishloq kengashi rahbari Naaman Ramazon hudud avval ham bir necha bor ko‘chmanchilar hujumlariga uchraganini, politsiya yoki harbiylar tomonidan esa hech qanday javob choralari ko‘rilmaganini ta’kidladi.
Falastin Diniy ishlar va vaqf vazirligining ma’lum qilishicha, Isroil kuchlari himoyasi ostida 2025 yil davomida ko‘chmanchi guruhlar 45 ta masjidga hujum qilgan.
Falastinlik nasroniy jamoalar ham Isroilning kuchayib borayotgan zo‘ravonligiga duch kelmoqda: 50 mingdan ortiq aholi Isroil kuchlari va ko‘chmanchilar tahdidi ortib borayotgan hududlarda yashaydi.
So‘nggi ikki yil ichida G‘arbiy sohilda Isroil harbiylari va ko‘chmanchilar tomonidan 1 000 dan ortiq falastinlik o‘ldirilgan, ular orasida 217 nafar voyaga yetmaganlar bor.
Trampning qudasi Fransiyada diplomatik muammo chiqarmoqda
AQShning Fransiyadagi elchisi, Trampning qudasi — Charlz Kushner o‘tgan hafta fransuz o‘ta o‘ng faoli o‘ldirilishi haqidagi izohlari yuzasidan Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Shunga qaramay, u TIVga bormagach — Fransiya hukumati a’zolari bilan uchrashishdan chetlatilgan, deydi Reutersʼning diplomatik manbalari.
Bir necha hafta oldin o‘ta o‘ng faoli Kventin Derank qattiq so‘l faollar bilan janjal chog‘ida kaltaklanib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu voqea Parijda katta shov-shuv bo‘ldi.
Shundan keyin Fransiyadagi AQSh elchixonasi va AQSh Davlat departamentining Terrorizmga qarshi kurash byurosi ishni kuzatayotganini bildirib, «zo‘ravon radikal so‘lchilik kuchayib borayotgani» va buni jamoat xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Fransiya tomoni buni «o‘z mamlakatini sharaf bilan namoyish etayotgan elchi uchun asosiy talablar»ga zid, deb hisoblagan. «Tashqi ishlar vaziri elchiga Fransiya hukumati a’zolari oldiga bevosita kirish imkoni berilmasligini so‘radi», deya qo‘shimcha qildi manba.
Bu Kushner chaqiruvga kelmagan ikkinchi holat bo‘ldi. 2025 yil avgustda u Fransiyada antisemitik harakatlar yuzasidan gapirgach, TIVga chaqirilgan, lekin kelmagan edi.
Epshteynga aloqador yana bir mansabdor
2025 yil fevraldan sentabrgacha Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi lavozimida ishlagan 72 yoshli Piter Mandelson — davlat xizmatida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish gumoni bilan Londonda qo‘lga olindi. Bir necha soatdan so‘ng 24 fevral, seshanbaga o‘tar kechasi u garov evaziga ozod qilindi.
Poytaxt politsiyasi press-relizlarida Mandelson ismi aytilmagan, ammo 72 yoshli shaxs, sobiq vazirga nisbatan tergov olib borilayotgani qayd etilgan. U ham amerikalik pedofil jinoyatchi Jyeffri Epshteynga aloqador.
2025 yil sentabrda Epshteyn ishiga oid hujjatlarning bir qismi e’lon qilinishi Mandelsonning Vashingtondagi elchilik lavozimidan ketishiga olib kelgan edi. Fevral boshida esa politsiya sobiq diplomatga nisbatan maxfiy ma’lumotni ehtimoliy uzatish bo‘yicha jinoiy tergov boshladi.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, 2009 yilda Mandelson amerikalik moliyachiga hukumat hujjatini yuborgan. Shuningdek, 2003–2004 yillarda u Epshteyn hisoblaridan uch marta 25 ming dollardan — jami 75 ming dollar olgan. Bundan tashqari, 2009 yil sentabrda Mandelsonning turmush o‘rtog‘i ham Epshteyndan 10 ming funt so‘ragan va olgani aytiladi.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026