O‘zbekiston | 14:06 / 17.11.2022
19544
6 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda fermerlarning oqarayotgan kosasiga chang solinyapti

Bugun dehqon-u fermerning ishi eng avj pallada. U mehnati hosilini yig‘ib olishdan tashqari, kelgusi yil rejasi uchun ham ishlashi kerak. Uni dalasidan chalg‘itish, kunini, vaqtini o‘g‘irlash qishloq xo‘jaligiga, iqtisodiyotga zarba berishdan boshqa narsa emas. Taassufki, Qashqadaryoda davlat idoralari ko‘ra-bila turib, fermerlarni sindirishga harakat qilyapti.

Nishon tumanidagi fermerlar Majburiy ijro byurosi tomonidan o‘zlariga bosim bo‘layotgani haqida xabar berishdi. Fermerlarning aytishicha, hech qanday rasmiylashtiruvsiz ularning qarindoshlari nomida bo‘lgan texnikalar ham olib ketib qolingan.

Kun.uz jurnalisti fermerlar bilan suhbatlashib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

“Bobur Abdusattorov” fermer xo‘jaligi raisi Arab Norqulovga ko‘ra, 2022 yilning 19 oktyabr kuni uning uyiga MIB xodimlari borgan. Uyidagi qoramolni olib ketishmoqchi bo‘lishganda, rafiqasining sog‘lig‘i yomonlashgan.

“Rafiqam bir haftacha shifoxonada davolanib chiqdi. Men agar qarzdor bo‘lsam, nega ogohlantirishmaydi? Hatto o‘sha paytda qancha qarzim borliginiyam bilmaganman. Avvalgi yillarda umuman bunaqa tartib qo‘llanmagan. Lekin soliqdan qarz bo‘lib qolmadik-ku, hammasini to‘ladik”, – deydi Arab Norqulov.

Yana bir suhbatdoshimiz – O‘tkir Rajabov. Majburiy ijrochilar u bilan ham 19 oktyabr kuni uchrashishgan; akasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni xatlov qilmasdan, rasmiylashtirmasdan minib ketishgan.

Fermerning aytishicha, u g‘alla va paxta hosilidan shartnoma qilingan klasterga ortig‘i bilan mahsulot topshirgan. 200 million so‘mdan ortiq mablag‘i klasterda. Lekin soliq qarzdorligi sabab, hisobraqamiga band solingan.

“Menda boshqa daromad bo‘lmasa, topshirgan hosilim uchun klaster qachon pulni tashlab bersa, shunda birinchi navbatda soliq uchun ushlab qolinadi. Nega fermerning holatini ko‘rib, bilib turgan davlat idoralari bunaqa yo‘l tutayotganiga hayronman”, – deydi “Rahmonov O‘ktam” fermer xo‘jaligi rahbari O‘tkir Rajabov.

“Samandar Nur” fermer xo‘jaligiga qarashli qariyb bir milliard so‘mlik texnika ham olib ketib qolingan. Xo‘jalik raisi Ashur Boltayev shundoq ham taqiqda turgan, lizingga olingan texnikani ijrochilar qanday qilib olib ketishgani-yu, hech qanday rasmiylashtiruv bo‘lmaganini tushunmay halak bo‘lmoqda.

Texnika bankka tegishli bo‘lib, hali to‘laligicha fermerning ixtiyoriga o‘tmagan ham.

“Shuhrat Muhammadiyevich” fermer xo‘jaligida ham xuddi shunday holat. Hech qanday izohlarsiz, bayonnoma rasmiylashtirmasdan turib raisning otasiga tegishli texnika olib ketilgan.

Fermerlarga ko‘ra, biror holatda MIB xodimlari bayonnoma rasmiylashtirmagan.

Gapning indallosini aytganda, fermerlar soliqni to‘lashi uchun avval topshirilgan hosilning pulini olishlari kerak. Biroq klaster bilan qilingan shartnomaga ko‘ra, hali pul tashlab berilishi uchun vaqt bor. Soliq yoki Majburiy ijro byurosini esa masalaning ikkinchi tomoni qiziqtirayotgani yo‘q.

Mazkur vaziyat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi hamda soliq idorasi matbuot xizmati rahbarlari bilan telefon orqali bog‘landik. Negadir ikki tashkilot ham bu mavzudan o‘zini olib qochishga urindi. Fermerlarga zo‘ravonlik qilish uchun tayinli asosning o‘zi bo‘lmagandek taassurot bor.

Xususan, Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, “Shuhrat Muhammadiyevich” fermer xo‘jaligi qariyb 18 million, “Bobur Abdusattorov” fermer xo‘jaligi 26 mln, “Rahmonov O‘ktam” fermer xo‘jaligi 58,5 mln, “Samandar Nur” fermer xo‘jaligi 36 mln soliqdan qarzdor.

Ijrochilar harakatiga viloyat davlat soliq boshqarmasining qarori asos bo‘lgani ma’lum qilindi. MIB axborot xizmati texnikalar olib ketilishi bilan bog‘liq jarayonlarda qoidaga amal qilingani va bayonnoma rasmiylashtirilganini bildirdi. Biroq bayonnoma taqdim qilinmadi.

Fermerlar ham o‘z navbatida ish “dehqoncha” bo‘lgani, MIB xodimlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan texnikalar haydab ketilganini aytishgandi.

Darvoqe, olib ketilgan mulk boshqa odamga tegishli bo‘lsa, tasdiqlovchi hujjatlar orqali sud tartibida qaytarib olinishi mumkin ekan. Qiziq, mulk olib ketilishidan avval u xatlovdan o‘tkazilishi kerak emasmidi? Mulkning kimga tegishli ekanligi o‘sha jarayonda aniqlanishi lozim emasmi?

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Firdavs Jabborov fermerlar haqiqatda qarzdorligini tasdiqlasa-da, Majburiy ijro byurosiga bizdan hech qanday xat chiqarilmagan, deya ma’lumot berdi. Vaholanki, soliq idorasining qarori mavjudligini MIB tasdiqlab turibdi.

Jabborov, umuman, mavzuga juda yuzaki qaradi va bir necha kun o‘tsa ham sohani yaxshiroq tushunadigan xodim bilan bizni telefon orqali bog‘lab berolmadi.

Shu paytga qadar fermerlarning soliq to‘lashi bilan bog‘liq muammo bo‘lmagan. Har yilning yakuni bilan ularga shartnoma qilingan klaster orqali topshirilgan mahsulotning puli tashlab berilgan va shundan so‘ng soliq hisob-kitoblari qilingan. Fermerning hisobraqamida mablag‘ yo‘q ekanini bila turib ham davlat idoralarining bunday xatti-harakatida na mantiq va na tartib bor.

Fermerning texnikasini olib qo‘yib, uning mavsumiy ishini kechiktirish, qon bosimini oshirishdan kim manfaat ko‘rayotgani tushunarsiz. Oqibat, Qashqadaryoda yana dehqonning oqarmoqchi bo‘lgan kosasiga chang tushmoqda.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid