O‘zbekiston | 10:45 / 24.01.2020
14559
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir»

Tashkent City’dagi Xalqaro kongress markazida prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etmoqda.

Tadbir MTRKning to‘rtta teleradiokanali, beshta telekanali hamda 12ta hududiy teleradiokompaniya, shuningdek, beshta nodavlat telekanal hamda Prezident matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, prezident o‘z nutqini saylovlar va demokratik islohotlarga oid fikrlar bilan boshladi.

«Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman, demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakka-yu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir. Jamiyat – islohotlar tashabbuskori degan yangi g‘oya, kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda», – deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish muhimligini qayd etdi.

«Shu bilan birga, mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, unda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida e'tibor qaratish lozim», – dedi davlat rahbari.

Qayd kerakki, O‘zbekistonda bungacha bosh islohotchi — davlat bo‘lib kelgan va bu siyosat darajasiga ko‘tarilgan, barchasi «yuqori»dan belgilanar edi. Endi esa islohot jamiyatdagi haqiqiy holatdan kelib chiqib belgilanadi. Xalqni qiynayotgan muammolar esa OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi kayfiyatlar, xalq qabulxonalari va boshqa «barometrlar» orqali aniqlanadi.

Mavzuga oid