Iqtisodiyot | 20:12 / 01.06.2023
51515
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 8 ta tijorat bankining litsenziyasini chaqirib olishi mumkin

2023 yilning 1 sentabridan boshlab bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak. Markaziy bank tijorat banklariga ogohlantirish bilan chiqib, bu talabni bajarmagan banklar litsenziyasi chaqirib olinishi mumkinligini ma’lum qildi.

Foto: Markaziy bank

Aprel oyida, banklarning kapitallashuv darajasini oshirish va resurs bazasini ko‘paytirish maqsadida, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritilgandi.

Unga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori:

  • 2023 yil 1 sentabrgacha 100 milliard so‘mni;
  • 2023 yil 1 sentabrdan 200 milliard so‘mni;
  • 2024 yil 1 apreldan 350 milliard so‘mni;
  • 2025 yil 1 yanvardan 500 milliard so‘mni tashkil etadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov qator banklar hozirda bu talablarga javob bermasligiga e’tibor qaratdi.

“1 may holatiga kamida 8ta bank yana uch oydan keyin kuchga kiradigan talablarga javob bermaydi. Shulardan Poytaxtbank, Ravnaq bank, Madad invest bank va O‘zagroeksportbank kecha tashkil bo‘lgan emas, eski banklar”,deya yozdi u.

Holatga Markaziy bank munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, ustav kapitali miqdori belgilangan minimal talablarga javob bermaydigan banklarning litsenziyasi chaqirib olinadi.

“Markaziy bank qonun loyihasi ishlab chiqilayotgan vaqtda, tijorat banklariga ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazish bo‘yicha aniq choralarni belgilash va uning ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar bergan.

Ustav kapitali miqdori belgilangan minimal talablarga javob bermaydigan banklarga nisbatan qonun hujjatlariga asosan boshqa banklarga qo‘shilish tavsiya etiladi, aks holda ulardan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olinadi”, deyiladi MB axborotida.

Mavzuga oid