Jamiyat | 10:40 / 17.12.2018
17401
5 daqiqa o‘qiladi

«Kompyuterlar ustiga soyabon tutishni boshlayapman». Muzrabotdagi maktab nega qishga tayyor emas?

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidan murojaat yo‘llandi.

«Men ishlayotgan umumiy o‘rta ta'lim maktabining tomi ta'mirtalab ahvolda bo‘lgani sababli, har gal yomg‘ir yoqqanida yurak hovuchlab kompyuterlar ustiga soyabon tutishni boshlayapman. Qish yaqinlashyapti. Bu ketishda yangi kompyuterlar tez orada ishdan chiqishidan xavotirdaman», deyilgan maktubda.

Murojaat muallifi Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani 12-maktabning informatika o‘qituvchisi edi. «Bodomzor» mahallasida joylashgan maktabga bordik. Maktab hovlisidan kirib borarkanmiz, binoning o‘ng qanotidagi devor yomg‘irlardan namiqib qolganiga guvoh bo‘ldik.

Maktab ichkarisidagi zina suyanchiqlariga yuqoridan tomchi tommoqda. Uchinchi qavat dahliziga ham yuqoridan chakka tomarkan.   

Adabiyot xonasiga ham yomg‘ir yaxshigina zarar yetkazgan.

O‘rnatilgan chiroqlarning faqat ikkitasigina xonani xira yoritayotgandi.

Murojaatchining aytishicha, tomdan chakka o‘tishi oqibatida chiroq simlari namiqib, tutashuv sodir bo‘lgan.

Yog‘ingarchilikda namiqib qolmasligi uchun stol-stullar uyoqdan buyoqqa tartibsiz surib qo‘yilgan, kompyuterlar o‘ralgan holatda. Ma'lum bo‘lishicha,  informatika xonasini jihozlash uchun joriy yilda 80 million so‘m mablag‘ sarflangan.  

«Chakka o‘tganda kompyuterlarni artamiz, quritgich bilan quritamiz. Ertalab keliboq, deraza oynalarini ochib, xonadagi namlikni chiqarib yuboramiz. Agar yaqin kunlarda maktab tomi ta'mirlanmasa, yanagi yilda kompyuterlar yaroqsiz holga kelmasligiga kafolat yo‘q», deydi murojaatchi.

Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.A. esa «Xalq ta'limi bo‘limiga xat bilan chiqilgani, mablag‘ ham ajratilgani, quruvchi tashkilot ta'mir xomashyosini maktab binosiga keltirib qo‘ygani, lekin hali ish boshlanmagani, erta indin boshlanib qolishi»ni aytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, maktab tomini ta'mirlash uchun qurilish tashkilotiga hozircha mablag‘ning 15 foizi o‘tkazilgan. Mablag‘ning qolgan qismi ta'mir ishlarining ma'lum qismi bajarilgach, tushirib berilishi va'da qilingan. Ammo bu noma'lum sabablarga ko‘ra ortga surib kelinmoqda.

«4-chorak yopilgach, banklarda operatsiyalar mart oyigacha to‘xtatiladi. Bu esa «ta'mirlash ishlari yanagi yilga qoldi» degani. Shu bois ta'mir ishlarini bajarish uchun juda oz fursat qolgan», deydi murojaatchi.

Yuqorida aytib o‘tilgan holatlar yuzasidan viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi, «Bino va inshootlardan foydalanishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish» bo‘limi bosh mutaxassisi I.Yo‘ldoshevga murojaat qildik. I.Yo‘ldoshev bizga «bir yil davomida ta'mir borasidagi shikoyatlar 250-300tani tashkil etishi, ular orasida o‘n yildan beri ta'mirlab berilmayotgan ahvoli og‘ir, xom g‘isht va paxsa devorlardan iborat maktablar ham borligi»ni ma'lum qildi.  

«Ma'lumki, maktablarga prezidentimiz tashriflari uyushtiriladi. Buning uchun o‘sha maktablarning ta'mir darajasi zo‘r, namunali ko‘rinishda bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan, Vazirlar Mahkamasi qarori asosida ro‘yxatga olingan maktablar ham bor. U maktab, uch yil avval ta'mirlanganmi, yoki ikki yil avval, farqi yo‘q, ta'mirlash uchun qayta ro‘yxatga olinadi. Biz birinchi galda ushbu maktablarni ta'mirlashga majbur bo‘lamiz. Qolgan maktablar esa o‘z-o‘zidan ro‘yxatdan tushib qolaveradi. 12-maktab bilan ham shunday bo‘lgan», deydi mutaxassis.

Yo‘ldoshev o‘zi ham maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qilib, qurilish mollari keltirib qo‘yilgani, tuman moliya bo‘limi ta'mirni boshlashini buyurgani, lekin mablag‘ qachon o‘tkazilishidan darak bo‘lmayotgani, shu bois ishlar to‘xtab qolganini aniqladi. 

Buning sababini o‘rganish uchun, Muzrabot tumanidagi moliya bo‘limi boshlig‘i A.Xudoynazarov bilan uchrashdik. U «12-maktabning ta'mirga muhtoj qismlari uch yildan beri navbat bilan ta'mirlab kelinayotgani, avval maktab binosining chap qanoti ta'mirlangani, o‘tgan yili akfa deraza romlari va eshiklari o‘rnatilib, endi o‘ng qanotining tom qismi yopib berilayotgani, mazkur ishlar uchun jami 135 million so‘m mablag‘ ajratilgani»ni ma'lum qildi.

Ta'mir kechikkani bilan bog‘liq savolga esa moliya bo‘limi boshlig‘i bu bo‘yicha loyiha qonuniy kuchga kirishini kutishganini bildirdi va yaqin kunlarda yuqorida tilga olingan muammolar bartaraf etilishiga va'da berdi.

Mavzuga oid