Jamiyat | 21:16 / 19.05.2019
146264
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi mudhish qotillik bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi: qotillardan biri 23 yoshda

16 may kuni Samarqandda bir oilaning 5 nafar a'zosi o‘ldirib ketilgani xabar qilingandi. O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi mazkur qotillikni sodir etgan shaxslar yuzasidan bayonot berdi. 

Xabarga ko‘ra, 2019 yil 15 may kuni Qo‘shrabot tumani IIB navbatchilik qismiga Qo‘shrabot tumani «Do‘stlik» mahallasida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro S.Z. qo‘ng‘iroq qilib, tumandagi «Oltin-meros» fermer xo‘jaligi yer maydonida qarovsiz qoldirilgan «Damas» avtomashinasi ichida bir nechta shaxslarning jasadlari tashlab ketilganligi haqida xabar qilgan. 

Hodisa joyi ko‘zdan kechirilgach, «Damas» ichida avtomashina egasi, uning ota-onasi va ikki ukasining murdalari qotillik alomatlari bilan topilgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi «A» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, ushbu qotillik Ishtixon tumanida yashovchilar 1981 yilda tug‘ilgan T.G‘, 1995 yilda tug‘ilgan E.Sh, 1993 yilda tug‘ilgan U.J va Qo‘shrabot tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan  N.X. lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ular ushlangan.

Ayni damda bu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid