Jahon | 09:55 / 23.11.2025
7900
7 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyada jangarilar 300 dan ortiq bolani o‘g‘irlab ketdi

Nigeriyada bir hafta ichida ikkinchi marta maktab o‘quvchilari ommaviy o‘g‘irlanishi holati kuzatildi.

Qurollangan odamlar juma kuni Niger shtatining Papiri shahridagi Avliyo Mariya katolik maktabiga bostirib kirib, bolalar va o‘qituvchilarni o‘g‘irlab ketgan. Nigeriya xristian uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 303 nafar bola va maktabning 12 nafar xodimi (to‘rt ayol va sakkiz erkak) o‘g‘irlab ketilgan.

Avvalroq 215 nafar bola va 12 nafar o‘qituvchi o‘g‘irlangani ma’lum qilingandi, biroq keyinroq Kontagora yeparxiyasi yepiskopi yangilangan ma’lumotlarni ma’lum qildi.

«Papiridagi maktabdan qaytganimizdan so‘ng, qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shimcha ma’lumot so‘radik, ma’lum bo‘lishicha, yana 88 nafar o‘quvchi qochishga urinishdan keyin qo‘lga olingan», – dedi u.

Maktab o‘quvchilarining deyarli yarmi o‘g‘irlangan – bu yerda jami 629 nafar o‘g‘il va qiz o‘quvchi tahsil olib kelgan.

Kebbi shahridagi maktabning qizlar yotoqxonasida o‘g‘irlikdan keyingi manzara
Africa Independent Television via Reuters

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qurollangan shaxslar juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 atrofida Avliyo Mariya maktabiga bostirib kirgan va yotoqxonadan o‘quvchilarni o‘g‘irlab ketgan. Xavfsizlik kuchlari «o‘g‘irlangan o‘quvchilarni topish uchun o‘rmonlarni tintuv qilmoqda».

Nigeriya prezidenti Bola Tinubuning xorijiy safarlari, jumladan, Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tayotgan G20 sammiti ham mamlakatdagi xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun qoldirildi.

Ayni paytda bedarak yo‘qolganlarning yaqinlari yangilik kutmoqda.

«Men shunchaki ularning uyga qaytishini xohlayman», – deydi BBC muxbiriga olti va o‘n uch yoshli jiyanlari o‘g‘irlab ketilgan ayol yig‘lagan holda.

«Hamma holdan toydi... bu hammani shokka tushirdi», – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri Dominik Adam nashrga. Uning qizlari ham Avliyo Mariya maktabida o‘qiydi, lekin tasodif tufayli qutulib qolishgan. «Odamlar mamlakatimizdagi xavfsizlik holatidan nolimoqda», – dedi u.

Niger shtati rasmiylari hujum xavfi yuqori ekani haqida razvedka ma’lumotlarini olingach, barcha maktab-internatlarni yopish to‘g‘risida berilgan buyruq ushbu maktab rahbariyati tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.

«Afsuski, Avliyo Mariya maktabi shtat hukumatini xabardor qilmasdan va ruxsat olmagan holda o‘z ishini davom ettirdi va o‘quv faoliyatini qayta boshladi, bu esa o‘quvchilar va xodimlarni ortiqcha xavf ostiga qo‘ydi», deyiladi bayonotda.

Maktab rahbariyati hozircha bu bayonotga izoh bermadi.

Bu bir hafta ichida maktablarga qilingan ikkinchi yirik hujum bo‘ldi: dushanba kuni jangarilar qo‘shni Kebbi shtatidagi maktab-internatga hujum qilib, 25 nafar qizni o‘g‘irlab ketgandi. Ulardan ikki nafari qochishga muvaffaq bo‘lgan, 23 nafari esa hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Ushbu hujum paytida ikki kishi halok bo‘lgan. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Kebbida o‘ldirilganlar ham, o‘g‘irlanganlar ham musulmon diniga e’tiqod qiluvchilardir. Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi manba anonimlik sharti bilan AFP agentligiga ma’lum qilishicha, dushanba kuni Kebbida o‘g‘irlab ketilgan bolalar qo‘shni Kaduna shtatidagi Birnin-Gvari o‘rmoniga olib ketilgan bo‘lishi mumkin. Nigeriyada o‘rmonlardan iborat ulkan hudud mavjud bo‘lib, u bir necha shtatni qamrab oladi va qurolli guruhlar vakillari bu yerlarda lagerlarini qurmoqda.

Seshanba kuni ham Nigeriya janubi-g‘arbidagi Kvara shtatida jangarilar onlayn translatsiya qilingan ibodat paytida cherkovga hujum qilishdi. Ikki kishi o‘ldirilgan, 38 kishi o‘g‘irlab ketilgan. Mahalliy OAV yozishicha, cherkovda o‘g‘irlanganlar uchun tovon puli talab qilingan.

Ayni vaqtda hech bir qurollangan guruh maktab o‘quvchilari o‘g‘irlangani yuzasidan javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Kvaradagi cherkovda o‘g‘irlikdan keyingi holat
Abdullahi Dare Akogun/Reuters

AFP qayd etishicha, odamlarni garovga olish butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalmoqda hamda jinoyatchi guruhlarning sevimli taktikasiga aylanmoqda.

Bunday qaroqchilarda mafkuraviy motivatsiya bo‘lmasa-da va ular o‘g‘irlanganlar uchun to‘lov talab qilib, faqat moliyaviy manfaatni ko‘zlasa-da, ularning radikal guruhlar bilan ittifoqi kuchayishi rasmiylarni xavotirga solmoqda. Mamlakat shimoli-sharqidagi jangarilar 16 yildan beri hukumat bilan urush holatida. G‘arb ta’limi, madaniyati va turmush tarziga qarshi bo‘lgan Boko Haram («Boko Haram») guruhi 2014 yilda Chibok shahridagi (Borno shtati) litseydan 270 dan ortiq maktab o‘quvchilarini (asosan nasroniy oilalardan) o‘g‘irlab ketgandi. Tashkilot rahbari Abubakar Shekau ta’lim muassasasiga hujumni «qizlar maktabni tark etib, turmushga chiqishlari kerakligi» bilan izohlagandi. O‘g‘irlanganlarning ba’zilari hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

Nigeriya aholisining (220 million kishi) yarmi xristianlik, qolgan yarmi islom diniga e’tiqod qiladi, shimolda musulmonlar ko‘proq. Mamlakat markaziy qismida asosan musulmon bo‘lgan chorvadorlar va asosan nasroniy bo‘lgan fermerlar o‘rtasida muntazam ravishda to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Biroq, tahlilchilar ta’kidlashicha, bu ziddiyatlar ko‘pincha diniy sabablar tufayli emas, balki resurslar, birinchi navbatda suv va yer uchun kurash tufayli yuzaga keladi.

Bu haftadagi hujumlar AQSh prezidenti Donald Trampning Nigeriyada nasroniylar ta’qib qilinayotgani haqidagi bayonotidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. U agar Nigeriya hukumati «nasroniylarni o‘ldirishga yo‘l qo‘yishda davom etsa», ushbu mamlakatga qo‘shin yuborish bilan tahdid qilgandi. Payshanba kuni AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Nigeriya milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bilan uchrashuvda davlatni «nasroniylarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun shoshilinch va barqaror choralar ko‘rish»ga chaqirdi.

Nigeriya hukumati mamlakatda xristianlar ta’qib qilinayotgani haqidagi bayonotlarni «haqiqat qo‘pol ravishda buzib ko‘rsatilishi» deb hisoblaydi. Hokimiyat vakillaridan biri «terrorchilar o‘z halokatli mafkurasini rad etganlarning barchasiga – musulmonlar, nasroniylar va dinsizlarga hujum qilayotgani»ni ta’kidlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid