Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mahachqal’ada suv toshqini tufayli uch qavatli uy quladi
Yana to‘rtta ko‘p kvartirali uy aholisi qulash xavfi tufayli evakuatsiya qilinmoqda.
Foto: Videodan kadr
Dog‘iston poytaxti Mahachqal’a shahrida kuchli yomg‘irlardan keyin yuzaga kelgan suv toshqinlari natijasida uch qavatli turar joy binosining poydevori yuvilib ketdi va bino qulab tushdi.
Mahachqal’a shahri ma’muriyati Ayvazovskiy ko‘chasidagi «qulash xavfi saqlanib qolayotgan» to‘rtta ko‘p qavatli uy o‘rab olingani haqida xabar bergan. Ushbu uylarda yashovchi 300 dan ortiq kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.
«Aholining bir qismi vaqtinchalik joylashtirish punktlariga joylashtiriladi, u yerda ularga zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatiladi, qolganlari esa qarindoshlarinikiga vaqtincha joylashtiriladi», – deyiladi xabarda.
«Interfaks» agentligi shahar ma’muriyati matbuot xizmatiga tayanib, aniqlik kiritishicha, Ayvazovskiy ko‘chasidagi turar joy binolaridan biriga tutashtirib qurilgan qo‘shimcha bino qulab tushgan. «Kuchli yomg‘ir yog‘ishi tufayli suv bosishi oqibatida Maxachqal’aning Ayvazovskiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan biriga tutash qurilma qulab tushgan. Hech kim jabrlanmagan. Ayvazovskiy ko‘chasidagi bir nechta ko‘p qavatli uylar aholisi evakuatsiya qilinmoqda, ular ham suv bosish zonasida», – degan agentlik suhbatdoshi.
Shimoliy Kavkazda mart oyi oxirida kuchli yomg‘irlar tufayli suv toshqinlari boshlangan va hamon davom etmoqda. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud Dog‘iston bo‘lib, u yerda o‘n minglab kishilar elektr ta’minotisiz qolgan, avtomobil yo‘llarida harakat to‘xtatilgan, temiryo‘llar shikastlangan. Mahachqal’ada ko‘plab ko‘chalarni suv bosgan. Chechenistonda ham kuchli yomg‘irlar va ular keltirib chiqargan ko‘chkilar 17 ta ko‘prikka zarar yetkazgan, o‘nlab uylar vayron bo‘lgan.
Mavzuga oid
15:04 / 06.04.2026
Dog‘istonda suv toshqinlari oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi
11:15 / 06.03.2026
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sel xavfi e’lon qilindi
12:45 / 27.08.2025
Dog‘istonda 5,5 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
00:11 / 17.08.2025