Jamiyat | 19:50 / 12.01.2026
14482
6 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada “prava”siz ayol uch odamni urib yubordi, bir kishi to‘shakka mixlandi: jabrlanuvchilar sud hukmidan norozi

Tanishining Onix mashinasini boshqargan Hadichabonu Habibullayeva sun’iy do‘nglik bilan ajratilgan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli ayolni va uning yonidagi ikki nafar yosh bolani urib yuborgan. Oqibatda ayol og‘ir tan jarohati olib, to‘shakka mixlanib qolgan. Ruldagi ayolning haydovchilik guvohnomasi ham, avtomobilni boshqarishga ishonchnomasi ham bo‘lmagan. Sud esa yetkazilgan zarar uchun sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga 280 ming so‘m undirishni belgilagan.

Sun’iy do‘nglik shaklidagi piyodalar yo‘laklari avtomobilda odamlarni urib ketish hollari oldi olinishiga umid qilingandi. Ammo Farg‘onadagi bir holatda ayol va ikki go‘dakni o‘sha sun’iy do‘nglik ham qutqara olmadi.

Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan Hadichabonu Habibullayeva 2025 yil 11 oktyabr kuni tanishining Onix mashinasini boshqargan. U Farg‘ona shahrining ko‘chalaridan birida sun’iy do‘nglik bilan ajratilgan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli Dilafruz Sayfullayeva, uning 3 yoshli o‘g‘li Yasinboy Abdurahmonov hamda 2,5 yoshli jiyani Hadiya Qodirovalarni urib yuborgan. Zarba kuchidan ayol va bolalar bir necha metrga uchib ketgan.

Dilafruz Sayfullayeva
Hadiya Qodirova
Yasinboy Abdurahmonov

Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan Dilafro‘z Sayfullayeva hamon to‘shakka mixlanib yotibdi. Ma’lum muddat shifoxonada davolanib chiqqaniga qaramay uning o‘g‘li va jiyanida “avtoavariya” asoratlari saqlanib qolgan.

“Mashina urgan paytda qizim, ikki nevaram uch tarafga uchib ketgan. Mashina boshqargan qizning “prava”si ham bo‘lmagan. Bir tanishining mashinasini beruxsat minib chiqqan ekan. Qizim shifoxonada davolanganiga qaramay haligacha to‘shakka mixlanib yotibdi. Yonidagi choyni ham olib icha olmaydigan holatda. Nevaralarimda ham “avariya” asoratlari qolgan, miyalari chayqalgan. Kechalari bezovta bo‘lib uxlay olmay tagini ho‘llab qo‘yishyapti. Ilgari unday holat kuzatilmagandi. Eng achinarlisi, qizim va nevaralarimni shu holga solgan haydovchi ayol yordam berish o‘rniga konsertlarda, to‘y-tomoshalarda mazza qilib o‘ynab yuribdi. Pinagini ham buzgani yo‘q. Sud hukmidan norozimiz. Holatga nisbatan juda yengil hukm chiqarildi.

Turmush o‘rtog‘im II guruh nogironi, o‘zim pensionerman. Topgan pulimizni qizimiz sog‘ligini tiklashga sarf qilyapmiz. O‘sha ayolga noilojlikdan qo‘ng‘iroq qilib dori-darmonga yordam so‘rasam vaqtim yo‘q, ishlarim ko‘p, deb bahonalar bilan telefonni qo‘yib qo‘yadi”, deydi Dilafro‘z Sayfullayevaning onasi Guljamol Qodirova.

Guljamol Qodirova

Holat yuzasidan tergov bo‘lib o‘tgan. Hadichabonu Habibullayevaga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llangan va ish sudga oshirilgan.

Hadichabonu Habibullayeva sudda jabrlanuvchi tomonning davolanishi uchun tanishi, ya’ni u boshqargan mashina egasi tomonidan 20 mln so‘mdan ortiq, o‘zi tomonidan esa 18 mln 750 ming so‘m pul sarflanganini, qo‘shimcha yana 20 mln so‘m bermoqchi bo‘lgani, ammo Dilafro‘z Sayfullayeva hamda uning qonuniy vakili 100 mln so‘m so‘ragani haqida ko‘rsatma bergan.

Jabrlanuvchi Dilafro‘z Sayfullayeva esa o‘z ko‘rsatmasida shifoxonadan chiqqandan so‘ng sudlanuvchi holidan xabar olmay qo‘ygani bildirgan. Shuningdek, u uzoq muddat davolanishi lozimligi sababli Hadichabonu Habibullayevadan 100 mln so‘m so‘rashganini, ammo sudlanuvchi ushbu mablag‘ni berishdan bosh tortayotgani aytib, suddan unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

JIB Farg‘ona shahar sudi hukmi bilan Hadichabonu Habibullayeva Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud hukmi bilan Hadichabonu Habibullayevadan jabrlanuvchi foydasiga 280 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.

Hadichabonu Habibullayevaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha jabrlanganlarga 70 mln so‘mga yaqin xarajat qilgan.

Sud hukmidan norozi bo‘lgan jabrlanuvchi va qonuniy vakil yuqori instansiya sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Dilafro‘z Sayfullayeva sud ish holati bo‘yicha Hadichabonu Habibullayevaga yengil jazo tayinlagan, deb hisoblamoqda. Qolaversa, u yetkazilgan zarar sudlanuvchi tomonidan qoplanmaganini ta’kidlayapti.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismidagi qilmish, ya’ni transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lishi 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid