O‘zbekiston | 11:35 / 07.02.2020
40622
8 daqiqa o‘qiladi

«Qonunan taqiq yo‘q. Ammo umra uchun viza ololmayapmiz». Xususiy turfirmalarning vakillari sohadagi monopoliya zararlari haqida

«Vast Travel» MChJ direktori Mansurjon Rasuljonov, «Luxe Tour» xususiy sayyohlik firmasi rahbari Alixon Hamidov va «Rixos Tour» oilaviy korxonasi direktori Sherzod Samig‘jonov Kun.uz bilan suhbatda o‘zbekistonliklarning umra ziyoratini amalga oshirishidagi qiyinchiliklar va muammolar haqida gapirdi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 3 fevral kuni 2020 yil uchun umra ziyorati narxi 13 mln. 20 ming so‘m etib belgilanganini xabar qildi. Bungacha ziyoratchilar uchun umraga borib kelish 12 mln 500 ming so‘mga tushayotgan edi. Narx oshishi 2020 yil 1 yanvardan Saudiyaga boruvchi barcha mamlakat fuqarolariga tibbiy sug‘urta uchun 189 saudiya riyoli (50 dollar) davlat boji joriy qilingani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Haj va umra masalalari bo‘yicha respublika jamoatchilik kengashining telegram kanalida keltirilishicha, ushbu qo‘shimcha to‘lov umra va haj vizalari uchun amalda bo‘ladi.

Biroq Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan xususiy turfirmalar vakillarining aytishicha, belgilangan narxni ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlarga qarab 11 milliondan 8 milliongacha tushirish mumkin. Buning uchun xususiy turizm sub'yektlarining umra ziyoratini tashkillashtirishlariga qo‘yilgan sun'iy to‘siqlar olib tashlansa kifoya. Ular ayni paytda ushbu yo‘nalishda raqobat yo‘qligi sababli ham hozir narxlar qo‘shni mamlakatlardagi bilan solishtirganda nisbatan qimmat ekanini ta'kidlashmoqda.

«Vast Travel» MChJ direktori Mansurjon Rasuljonov bu muammolar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

«Aslida umra ziyorati bilan shug‘ullanishimiz uchun qonunan hech qanday taqiq yo‘q. Turizm faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyamiz bor. O‘zbekistondan tashqari barcha mamlakatlarda haj va umra ziyoratini tashkillashtirish bilan turoperatorlar shug‘ullanishadi. Ammo faqat bizda emas. Ziyoratchilarni umra safariga olib borishimiz uchun viza rasmiylashtirishimiz kerak. Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi viza so‘rab borgan har qanday turfirmaga rad javobi beryapti», deydi u.

«Luxe Tour» xususiy sayyohlik firmasi rahbari Alixon Hamidov chetdan qaraganda jarayon silliqligi, turfirmalarning umra ziyoratini tashkillashtirishi uchun qonunan hech qanday taqiq yo‘qday ko‘rinishi, ammo turoperatorlar umra vizasini olish uchun elchixonaga va Toshkent-Jidda yo‘nalishida joriy etilgan muntazam aviaqatnovlardan foydalanish uchun «Uzbekistan Airways» milliy aviakompaniyasiga murojaat qilinganda taqiqlar mavjudligini sezishlari haqida aytib o‘tdi.

 «2019 yil aprel oyidan Saudiya Arabistoni tomonidan umra vizalari onlayn rejimda berilishi boshlangan. Lekin O‘zbekistondagi turfirmalar bundan foydalana olmaydi. Buning sababini bilmaymiz», deydi u.

Mansurjon Rasuljonovning qo‘shimcha qilishicha, Saudiya Arabistonida bugungi kunda joriy qilingan onlayn vizalar tizimida viza talabnomalari elchixonalar tomonidan ko‘rib chiqilmaydi, dunyo bo‘ylab bu ish allaqachon turoperatorlarga ishonib topshirilgan.

«Onlayn rejim ochib qo‘yiladigan bo‘lsa, istalgan turfirma Saudiya Arabistonining Haj va umra vazirligi ro‘yxatidan o‘tib, umra vizasini chop etishi mumkin, lekin bu imkoniyat o‘zbekistonliklar uchun yopib qo‘yilgan. O‘zbekistonliklarning umra vizalari ham elektron, lekin haligacha oflayn rejimda beriladi, ya'ni ziyoratchilarning pasportlari elchixonaga kirib-chiqishi kerak.

Masalan, siz Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lsangiz, pasport ma'lumotlaringiz asosida 5 daqiqa ichida umra vizasini chiqarib bera olaman. Lekin o‘zbekistonliklar uchun bu imkonsiz. Aslida Saudiyada joriy qilingan «B2C» tizimiga ko‘ra, istalgan davlat fuqarosi o‘zi mustaqil ravishda xohlagan umra paketini onlayn tarzda xarid qiladi va vizani ham o‘zi chiqarib oladi. Bu tizimdan dunyo bo‘ylab o‘zbekistonliklardan boshqa hamma foydalanyapti. Sababi mehmonxona, transport, aviachiptalarni sotib olgach, umra vizasini olishga kelganda «Viza talabnomangiz elchixona tomonidan ko‘rib chiqilyapti», degan mazmundagi xat keladi. Elchixonaga borib, viza urib berishni so‘rasangiz, qanday hujjat taqdim etishingizdan qat'i nazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsat bersagina vizani urib berishlarini aytishadi», deydi u.

«Rixos Tour» oilaviy korxonasi direktori Sherzod Samig‘jonov O‘zbekistondagi turoperatorlar ham Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi kabi narxlarni taklif eta olishini ta'kidladi.

«Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarining turoperatorlari tomonidan umra ziyoratini tashkillashtirish uchun 700 dollardan 900 dollargacha narx taklif etilmoqda. Biz ham bunday qiymatdagi takliflarni berish imkoniyatiga egamiz. Masalan, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi mutasaddilari bilan birga ishlab chiqqan taklifimizga ko‘ra, umra ziyoratini 1190 dollar, bugungi kurs bo‘yicha 11,3 mln so‘mga tashkillashtirsa bo‘ladi. Bu pulga davlatnikidan yuqori saviyada xizmat ko‘rsatib bera olamiz», deydi u.

U umra ziyoratining 3-4 soatigina ibodat, qolgan vaqt esa sayohat bilan bog‘liqligi sababli dunyoning barcha mamlakatlarida haj va umra ziyoratini tashkillashtirish bilan turoperatorlar shug‘ullanishini qayd etib o‘tdi.

Shuningdek, Samig‘jonov ayni paytda turfirmalar tomonidan taklif etilayotgan umra paketlarining qimmatligini Saudiya Arabistoniga parvozlar narxi qimmatligi bilan izohladi.

«Luxe Tour» xususiy sayyohlik firmasi rahbari Alixon Hamidovning ziyoratchilar umraga asosan turfirmalar orqali borishni ma'qul ko‘rishini izohladi.

«O‘zbekistonda umra vizasini ololmaganimiz uchun vizani boshqa davlatlardan sotib olishga majbur bo‘lyapmiz. Ayni paytda xususiy turoperatorlar tomonidan umraga borayotganlar uchinchi davlat orqali uchishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Nima uchun odamlar turfirmalar orqali umraga ketishni xohlashadi? Chunki oilaviy, ya'ni er-xotin, bolalari bilan birga ketmoqchi bo‘lganlar davlat orqali ketolmaydi. Sababi 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning umraga borishiga ruxsat yo‘q. Surunkali kasallikka chalingan, ammo salomatligi umra ziyoratini ado etishga xalal bermaydigan ko‘plab bemorlar ham biz orqali ziyoratga borishadi, davlat orqali borish uchun ziyoratchilar sog‘lom bo‘lishi kerak. Bundan boshqa ko‘plab afzalliklar borligi uchun ham ayni paytdagi narxlarimiz qimmatroq bo‘lishiga qaramay turoperatorlar orqali ziyoratga ketayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi», deydi u.

Uning ta'kidlashicha, xususiy turfirmalar taklif etayotgan narxlarning qimmatligi viza boshqa davlatdan sotib olinayotgani va uchinchi davlat orqali Saudiya Arabistoniga parvoz qilinayotgani bilan bog‘liq. U O‘zbekistondan xususiy turizm sub'yektlariga umra vizasi berilsa va Toshkent-Jidda yo‘nalishi uchun guruhli paketlar sotilsa, xizmatlar uchun belgilangan narxlar 10-12 mln so‘m atrofida bo‘lishi, raqobat yuzaga kelgandan keyin narxlar tushib, xizmatlar sifati oshib borishini qayd etib o‘tdi.

Umra ziyoratini tashkil qilishning amaldagi tartibi va bu faoliyat bilan turoperatorlarning shug‘ullanishiga ayrim to‘siqlar mavjudligi, shuningdek, xususiy turoperatorlar tomonidan bildirilgan fikrlar hamda o‘rganishlar davomida tug‘ilgan savollarga izoh olish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasiga rasman murojaat yo‘lladik.

Kun.uz mutasaddilardan rasmiy so‘rovlariga javob hamda ushbu maqola va videointervyularda o‘rtaga tashlangan ma'lumotlar yuzasidan izoh kutib qoladi.

 

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Abdusalim Abduvohidov, tasvirchi

Mavzuga oid