Jamiyat | 16:50 / 19.08.2025
10497
7 daqiqa o‘qiladi

ADWorld ishi: pullar qaytariladimi?

Xorijga viza olish va ishga jo‘natishni va’da qilgan firma va’dasini bajarmadi. Jabrlanganlarning so‘zlariga ko‘ra, ADWorld odamlarni Saudiya Arabistoni, Serbiya, Chernogoriya, Norvegiya, Ummon davlatlariga ishga yuborishga, yuqori maosh bilan ta’minlashga ishontirgan. Mashhur blogerlarning ADWorld haqidagi maqtovlari esa ishonchni mustahkamlagan. Shundan keyin yuzlab odamlar firmaga o‘rtacha 15-20 mln so‘m to‘lagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tuzoq vazifasini bajargan mashhurlar

O‘zbekistonda turib fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish litsenziya talab qiladigan faoliyat turi ekanini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak.

Ammo ayrim shovvozlar “bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida ish tutib, yuzlab odamlarga Amerika, Angliya, Janubiy Koreya va Yevropa davlatlarida ish topib berishni, eng muhimi bu davlatlarning vizasini olib berishni va’da qilib, pullarni yig‘ib olgan.

Odamlar bu shovvozlarga shunchaki ishonishmagan – ularni ishonishga “majburlashgan”. O‘zingiz muxlis bo‘lgan, hurmat qilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, siz ishongan mashhur odamlar va’da berib turganidan keyin ishonmaysizmi?

Afsuski, odamlar yana aldandi. Ulardan biri – Chernogoriyaga 2 oyda viza chiqarib berishlariga ishongan Davron Faxriddinov.

“Otabek, Aziz Estet, Sariq bola va boshqa blogerlar orqali ADWorld’ga kelganmiz. Ular Chernogoriyaga ishga 2 oyda viza chiqarib jo‘natamiz, hammasi qonuniy, oyligi 1800 dollardan 2000 dollargacha deb, bizning soddaligimizdan foydalandi. Aldov yo‘llari bilan pullarni oldi. 15 milliondan to‘lov qilgandik. Mana, 5-6 oy bo‘ldi, hali viza yo‘q. Pulimizni qaytib bering desak, qaytarish niyatlari ham bo‘lmayapti”, – deydi Faxriddinov.

“Men shu yil 25 mart kuni shartnoma qilganman. Hozir 5-6 oy bo‘lib qoldi. Uzog‘i 2 oy degandi. Shartnomada ham 60 ish kunida deb ko‘rsatilgan. 1100 dollar to‘lov qilganman”, – deydi boshqa bir jabrlanuvchi Oxunjon Nurmurodov.

Nurmurodovning aytishicha, firma 2024 yilda odamlardan Norvegiya, Serbiya, Chernogoriya, Ummon davlatlariga viza uchun pul olgan, ammo jo‘nata olmagan.

“Bu hammasi tasodif deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bu – viloyatliklarning pulini aylantirish. Balki ularning ishi yurishmay qolgandir, lekin shuncha qorako‘z ketishi kerak edi. 2000 dollar to‘lov qilib, 1 yildan beri qaytarib ololmaganlar bor”, – deydi u.

Namanganlik Akromjon Qayumboyev ham aldanganlardan biri. U shu yilning 23 martida Ummon davlatiga shartnoma tuzgan va 13 mln to‘lagan. Firma Qayumboyevni Ummonda oyiga 2000 dollar topishiga ishontirgan.

“Ora-orada men Telegram orqali bulardan xabar olib turganman. Miraziz ismli ishchisi bilan aloqada bo‘lganman. Qolgan boshliqlarini umuman tanimaganman. 2 oy o‘tdi, qarasam natija yo‘q. Biz o‘zi 90 kunga shartnoma qilganmiz. Bular: “Aka, bilib bo‘lmaydi, cho‘zilishi mumkin, ko‘pchiliksizlar, o‘shaning hisobiga 3 oy deb shartnoma qilamiz”, degan. 90 kun o‘tdi. Shubhalanishni boshladim. Instagramʼda ko‘pchilik bilan gaplashdim. “Aka, bular natija qila olmaydi”, dedi. Keyin ishonmasdan Namangandan 4 kishi Instagram orqali tanishib, ofisiga bordik. Boshlig‘i Dilmurod Yusupov: “Aka, bir haftada yangilik bo‘ladi, yo uyoqqa, yo buyoqqa suriladi”, dedi. Bir haftadan keyin telefon qilsak: “Aka, o‘xshamadi, ariza yozinglar”, degan. Men qonuniy bo‘lishi uchun shartnoma (muddati) tugashini kutib, ariza yozganman, shungayam 2 oy bo‘lib qoldi”, – deydi Qayumboyev.

Yemagan” bahonalar

Lisenziyasi bo‘lmay turib fuqarolarni xorijda ishga joylash bilan shug‘ullanib kelgan firma – “ADWORLD GROUP” MChJ 2023 yil 15 mart kuni Xorazm viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Jamiyat ta’sischisi Dilmurod Yusupov vaziyatga izoh berdi.

“Viza masalasida nima hujjat kerak bo‘ladigan bo‘lsa, hammasini qilib berganmiz. Elchixona viza berish yoki bermaslikni o‘zi mustaqil hal qiladi. Serbiyadagi siyosiy vaziyat viza olishda muammolar tug‘dirdi va rejalarimizni buzib yubordi. Fuqarolarga pulni qaytarishni va’da qilganmiz, faqat buning uchun bizga ozroq vaqt kerak”, – deydi u.

Kun.uz'ga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolarning ayrimlari shartnomada ko‘rsatilgan pul mablag‘larini ta’sischining bank plastik kartasiga P2P tarzida o‘tkazib bergan. Yusupov bu pullar bankka kirim qilinmaganini tasdiqlab, viza xarajatlari uchun ishlatilganini aytdi.

Shov-shuvdan keyin

ADWorld ishi tarmoqlarda bo‘y cho‘za boshlagach, ayrim blogerlar reklama sabab o‘z auditoriyasining aldanib qolishiga hissa qo‘shib qo‘yganidan xijolat bo‘ldi chog‘i, ular ko‘rgan zararni qoplash haqida o‘ylay boshladilar.

Masalan, ADWorld'ni reklama qilgan Jahongir Latipov undan jabrlanganlarning 5 nafariga 500 dollardan pul bergan.

Kuzatuvchilari iWash deb biladigan Otabek Jo‘rayev ham shu kunlarda mashinasini sotib, odamlar ko‘rgan zararni qisman qoplashga va’da berdi. Mashinaning rusumi qanaqa, qanchaga sotiladi, uning qanchasini ADWorld'dan jabr ko‘rganlarga taqsimlaydi, bunisi hozircha noma’lum.

Firibgarlik alomatlari tekshirilishi kerak

Migratsiya agentligi “ADWorld group” fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini litsenziyasiz amalga oshirganini aniqlagan va bu firmaga nisbatan 112 mln 500 ming so‘mlik jarima tayinlagan. Jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani sababli, mablag‘ni sud orqali undirish ishlari boshlangan.

Kun.uz bilan suhbatda firma ta’sischisi va bir vaqtning o‘zida uning boshqaruvchisi bo‘lgan Dilmurod Yusupov bu faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanib bo‘lmasligini bilmaganini aytdi.

Qonunlarni bilmaslik javogarlikdan ozod qilmaydi. Shunday ekan, “ADWorld group” MChJ egasi Dilmurod Yusupov va atrofidagi kishilarning xatti-harakatlari o‘rganilishi, qonuniy baho berilishi maqsadga muvofiq.

Chunki jabrlanganlar ko‘p, ular kuyib qolayotgan pul esa juda ko‘p.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Shahzod O‘roqboyev tayyorladi.

Mavzuga oid