O‘zbekiston | 12:46 / 05.12.2022
28291
3 daqiqa o‘qiladi

Dabdaba: Senat 2 kunlik sammit mehmonlarini ovqatlantirishga 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan

Oliy Majlis Senati 8-9 sentabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Kechki ovqat dasturxonidagi go‘shtli assorti, dudlangan losos balig‘i va pishloq soliq to‘lovchilarga salkam 90 mln so‘mga tushgan.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatning sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirish xarajatlari smetasiga ko‘ra, 8 sentabr kungi tushlik va kechki ovqat uchun 608 mln 120 ming so‘m, 9 sentabr kungi kofe breyk va tushlik uchun 448 mln 500 ming so‘m, umumiy 1 mlrd 56 mln 620 ming so‘m mablag‘ sarflangan.

8 sentabr. Tushlik uchun 345 mln so‘m

8 sentabr. Tushlik uchun 345 mln so‘m (davomi)
8 sentabr, kechki ovqat. Jami xarajat 263 mln 120 ming so‘m
8 sentabr, kechki ovqat. Jami xarajat 263 mln 120 ming so‘m (davomi)
9 sentabr, kofe breyk. Jami xarajat 103 mln 500 ming so‘m
9 sentabr, tushlik. Jami xarajat 345 mln so‘m
9 sentabr, tushlik. Jami xarajat 345 mln so‘m (davomi)

Senatning Binolardan foydalanish va xo‘jalik faoliyati boshqarmasi ovqatlantirishni tashkil etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali “Sky Evens” MChJ bilan 1 056 620 000 so‘mlik shartnoma tuzgan.

Dabdabali dasturxondagi eng qimmat taom – har bir porsiyasi 550 ming so‘mdan tushgan go‘shtli assorti.

Qayd etish zarur, yaqinda jurnalist Aziza Qurbonova o‘zining Telegram-kanalida Uchtepa tumanidagi poliklinika shifokorlarining oyligi haqida rasm joylashtirgan.

Foto: Aziza Qurbonova

Shundan kelib chiqib hisoblaydigan bo‘lsak, Senat xarid qilgan 550 ming so‘mlik go‘shtli assortinining pulini topish uchun Uchtepa tumanidagi poliklinikaga 1 stavka ishga kirgan hamshira 10 kun, kardiolog-shifokor va bolalar oftalmolog-shifokori 6 kun ishlashi kerak. Albatta, bu hali Toshkent shahridagi yangi ishga kirgan tibbiyot xodimining oyliklari. Hududlar miqyosida yoki boshqa sohalar bo‘yicha hisoblansa, bu pulni topish uchun kamida 15 kundan ortiq mehnat qilish kerak bo‘ladi.

Senat axborot xizmatining Kun.uz savoliga javoban ma’lum qilishicha, sammitni o‘tkazish xarajatlari bo‘yicha qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan.

Davlat reyestriga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida xizmat ko‘rsatgan “Sky Evens” MChJga 100% ulush bilan Sultonov Sherzod Bahodirovich egalik qiladi.

Bu MChJ nafaqat sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirish, balki tadbirni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa xizmatlar uchun ham 1,2 mlrd so‘mlik va 957 mln so‘mlik shartnomalarni qo‘lga kiritgan.

1,2 mlrd so‘mlik shartnoma
957 mln so‘mlik shartnoma

Sky Evens shu yil bahorda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham asosiy xizmat ko‘rsatuvchilar qatorida bo‘lgandi. O‘shanda 1 porsiya osh 130 ming so‘mdan, 1 dona somsa 70 ming so‘mdan, 1,5 litrli Coca Cola 32 ming so‘mdan hisoblangani muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid