O‘zbekiston | 14:08 / 04.06.2026
954
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekiston va Serbiya parlamentlari hamkorlik memorandumini imzoladi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasida Belgrad shahrida Serbiya Xalq yig‘ilishi spikeri Ana Brnabich bilan uchrashdi.

Muloqotda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga chiqqani qayd etildi. Tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Ana Brnabich Serbiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkorlardan biri sifatida ko‘rishini bildirib, parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, parlamentlararo muloqotni faollashtirish, delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tanzila Norboyeva Serbiya parlamenti vakillarini sentabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 12-global yosh parlament a’zolari konferensiyasida ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida Oliy Majlis Senati va Serbiya Xalq yig‘ilishi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid