O‘zbekiston | 19:48 / 01.12.2022
16601
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat JSTga a’zo bo‘lish avtomobilsozlikni “qiynab qo‘yishi”dan xavotirdami?

Tashqi savdo vazirligi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish iqtisodiyotning bir qator tarmoqlari, xususan avtomobilsozlikka “salbiy ta’sir qilishi mumkin” degan fikrda. Shu sabab vazirlik tashkilotga a’zo bo‘lishning oqibatlarini o‘rganmoqda. Vazirlik rasmiysining Kun.uz'ga aytishicha, o‘rganish natijalari O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasini shakllantirishda inobatga olinadi.

Foto: Reuters

1 dekabr kuni Toshkentdagi Hilton mehmonxonasida, biznes hamjamiyati ishtirokida “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida xususiy sektor oldida turgan muammolar va imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda nutq so‘zlagan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov xalqaro tajribada JSTga a’zo bo‘lish bir qator iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqida gapirdi.

“O‘z navbatida, bunday xavflarni qat’iy muzokaralar va alohida sektorlar uchun qo‘shilish oqibatlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish orqali bartaraf etish imkoniyatlari mavjud. Yuqoridagilarni anglagan holda yetakchi xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilib, O‘zbekistonning JSTga a’zoligidan kelib chiqadigan salbiy oqibatlarni baholash va minimallashtirish bo‘yicha bir qator ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda”, – deya Obidovning so‘zlari keltirilgan vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan press-relizda.

Ma’lum bo‘lishicha, to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlar uchun JSTga a’zo bo‘lish oqibatlarini baholashga qaratilgan tadqiqotlar olib borilmoqda.

Kun.uz vazirlik bosh mutaxassisi Alijon Aliyevdan bu borada batafsil gapirib berishni so‘radi. Uning aytishicha, vazirlik tadqiqot natijalaridan tashkilotga a’zo davlatlar bilan muzokaralarda pozitsiya va majburiyatlarni shakllantirishda foydalanadi.

“Xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda BMTning Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda iqtisodiyotimizning qator tarmoqlariga JSTga qo‘shilish oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boryapmiz. Haqiqatan, to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo va avtomobilsozlik kabi tarmoqlarga JSTga qo‘shilish oqibatlari haqida ilmiy tadqiqotlar olib boryapmiz va natijalardan JSTga a’zo davlatlar bilan muzokaralar davomidagi pozitsiya va majburiyatlarni shakllantirishda foydalanamiz. Bu ilmiy tadqiqotlardan foydalangan holda negativ oqibatlarini yumshatish bo‘yicha choralarni ko‘ramiz”, – dedi u.

O‘zbekistonda avtomobilsozlik bozori davlat monopoliyasi hisoblanadi va iste’molchilar bu monopoliyadan jabr chekib keladi. JSTga kirish jarayonida avtomobilsozlik bo‘yicha rasmiylar tutayotgan yo‘l o‘zbekistonliklarning JSTga qo‘shilgach sohada raqobat shakllanishiga oid umidlarini puchga chiqarmaydimi, degan Kun.uz savoliga Aliyev quyidagicha javob berdi.

“Bu jarayon muzokaralar yo‘li bilan amalga oshiriladi. Muzokaralarimiz hali yakunlagani yo‘q. Hozircha a’zo davlatlar bilan 4-raund muzokaralarini olib boryapmiz. Hozir bu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar bera olmayman. Muzokaralar yakunlangandan keyin bir narsa deyish mumkin”.

Vazirlik bosh mutaxassisi JSTga a’zolikdan davlatlar afzallik his qilayotganini, buning salbiy tomonlariga to‘xtalish noto‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlarkan, hukumat o‘z pozitsiyalarini unutmasligini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid