Jahon | 18:47 / 08.04.2026
3913
6 daqiqa o‘qiladi

“Tsivilizatsiya yo‘q bo‘ladi” – Tramp nimaga shama qilgandi?

Va nihoyat, AQSh va Eron vaqtinchalik kelishuvga erishdi. Bu urushning to‘liq tugashi emas, muzokaralar uchun pauza olish demakdir. Asosiy vositachi Pokiston bo‘ldi. Ikki hafta ichida tomonlar Pokistonda ko‘rishib, urushni batamom tugatishni muhokama qilmoqchi. Biroq shartlar juda og‘ir. Ikki tomon ham narigi tarafning og‘ir shartlarini qabul qilish niyatida emas.

Tramp bu urushni tezroq tugatish uchun bahona izlamoqda. U yorug‘ yuz bilan: “Mana, men g‘alaba qildim” deya olsa, unga yetadi. Eron ham urushdan katta talofat ko‘rdi va ko‘rmoqda, lekin urushni cho‘zishdan yagona maqsadi – AQShni obro‘sizlantirish va dunyo iqtisodiyoti orqali AQSh hamda uning ittifoqchilariga katta zarar yetkazish. Va bu ishni Eron uddalab keldi.

O‘tgan kuni Tramp: “Bugun kechasi to‘liq bir sivilizatsiya yo‘q bo‘ladi, va hech qachon qayta tiklanmaydi. Biroq rejim o‘zgarganidan so‘ng, balki yangi va yaxshi nimadir boshlanar. Xudoyim Eron xalqini asrasin” deya jiddiy tahdid qildi. Dunyo ekspertlari Tramp Eronga qarshi yadro qurolini ishlatishga sha’ma qilganini gapira boshlashdi. Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozeto: “Eron bilan urush yadro eskalatsiyasiga kelib qoldi, AQSh o‘zining liderligini shu yo‘l bilan kuchaytirmoqchi” deya sharhladi.

AQShning o‘zida ham, ko‘plab taniqli shaxslar, siyosatchilar Trampning bu bayonotini keskin tanqid qilishdi. Misol uchun, taniqli jurnalist Taker Karlson Trampga murojaat qilib: “Siz o‘zingizni kim deb o‘ylayapsiz? Siz o‘zingizni Xudo deb o‘ylab boshladingizmi?!” deya tanqid qildi, va butun bir sivilizatsiyani yo‘q qilish tahdidini hech qachon qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.

Tramp – marginal siyosatchi. U aytayotgan gaplarining, qilayotgan ishlarining jiddiy oqibatlarini anglamaydi. U AQShning uzoq muddatli strategik manfaatlarini, reputatsiyasini emas, faqat o‘zining shaxsiy manfaatlarini o‘ylaydi. Shuning uchun u atom bombasini qisqa muddatli qo‘rqitish vositasi sifatida ko‘radi. Biroq yadro qurolini ishlatishga sha’ma qilish, tahdid qilishning oqibatlari jiddiy bo‘ladi. Agar Tramp Eronga yoki musulmon davlatlariga qarshi ishlataman deganda ham, ichki mexanizmlarga ko‘ra, bu unchalik oson bo‘lmaydi.

Biroq, muammo – yadro qurolini ishlatishda emas, mana shunday ritorikaning paydo bo‘lganining o‘zida ham. Chunki dunyo tartiboti va o‘yin qoidasiga ko‘ra, qudratli davlatlar kichik va yadro quroli bo‘lmagan davlatlarga bunday tahdid qilishlarining o‘zi – ma’naviy, siyosiy, geosiyosiy inqirozni anglatadi. Shu paytga qadar yadro quroli faqat tiyib turish vositasi sifatida ko‘rildi. Endi, mana, Tramp davriga kelib, bu oddiy bosim va tahdidga aylanib ulgurmoqda.

Insoniyat tarixida faqat bir marta yadro quroli qo‘llanilgan. 1945 yilning 6 va 9 avgust kunlari, AQSh tomonidan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlangan edi. Aslida bu davrga kelib Yaponiya to‘liq yakkalanib qolgan, yengilib borayotgan davlat edi, ya’ni unga qarshi yatom bombasini ishlatishga strategik zarurat yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, AQSh prezidenti Garri Trumen Yaponiya orqali dunyo davlatlarini qo‘rqitish maqsadida Yaponiyaga ikkita atom bombasini tashlagan edi.

Haliga qadar AQSh bu ikki atom bombasi borasida dunyo hamjamiyatiga ma’naviy va siyosiy hisobot bermagan. O‘zining pushaymonligini bildirmagan. Bamisoli o‘zini haq deb biladi. Bu bilan, tarixan, boshqalarning ham shunday qilishi uchun ma’naviy yo‘l qoldiradi. Endi hokimiyatga Tramp kelib, noqonuniy urushlar, hujumlar, boshqa davlatlarning rahbarlarini o‘g‘irlashlar, boshqa davlat hududlariga ochiqdan ochiq da’volar – odatiy holga aylanib qolmoqda.

Tajovuzkorlik – Tramp Amerikasining oltin standartiga aylanib ulgurdi. Trampning bu qiliqlari, yadroviy tahdidlari – dunyo tartiboti uchun o‘ta xavfli. Chunki hamma davlatlar ham yadroviy qurolga ega emas va bo‘la olmaydi. Endi kimda shunday qurol bo‘lsa, qolganlarga tahdid qilishi – o‘rmon qonunlarini anglatadi. Qolaversa, yadro quroli bor davlatlarga ham bu tahdidni standartlashtiradi.

AQSh va Eron o‘rtasidagi urushning 2 haftalik pauzaga qo‘yilishi – dunyo iqtisodiyoti va barqarorligi uchun yaxshi yangilik bo‘ldi. Lekin Eron nazarida, asosiy muammo – Tramp o‘z va’dasida qanchalik tura oladi, qanchalik adekvat muzokara olib boradi, va tinchlikdan qanchalik manfaatdor bo‘ladi?

Камолиддин Раббимов
Tayyorlagan Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid