Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namangan shahar hokimi qamoqqa olindi. U 60 ming dollar pora olganlikda ayblanmoqda
Foto: Namangan viloyati hokimligi
Anvar Otaxo‘jayev hokimlikning devonxona mudiri orqali 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. U ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga shuncha pul olganlikda ayblanyapti. Tergovda hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga ham huquqiy baho beriladi, deya xabar berdi DXX.
Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar olgan vaqtida ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Ma’lum qilinishicha, hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi MChJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan ma’nan eskirgan turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilishadi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MChJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MChJ rahbaridan 60 ming dollar olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan, MChJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shahar hokimiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov doirasida uning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho beriladi, deyiladi DXX xabarida.
Ma’lumot uchun, Anvar Otaxo‘jayev Namangan shahar hokimi lavozimiga 2023 yil dekabrida tayinlangan. U 2019-2023 yillarda Chortoq tumani hokimi bo‘lgan.
Mavzuga oid
17:37 / 04.12.2025
Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
08:49 / 27.11.2025
Afg‘oniston, Pokiston va Suriyada jang qilgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
08:20 / 26.11.2025
Toshkent viloyatida 8,5 gektar yer uchun 7,3 mln dollar talab qilganlar qo‘lga olindi
20:18 / 21.11.2025