Jamiyat | 20:29 / 14.02.2019
11832
6 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on shahridagi chiqindi poligoni atrofidagi muammolar mutasaddilar e'tiboridan chetda(mi)?

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Do‘stlik» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi.

«Biz Kattaqo‘rg‘on tumani, «Do‘stlik» MFY, Qozoqovul qishlog‘i aholisi yashab turgan uyimiz yaqinidagi chiqindixona tufayli aziyat chekmoqdamiz. Chiqindixona Kattaqo‘rg‘on suv omboriga quyiladigan kirish kanalining chap qirg‘og‘ida joylashgan. Maydoni 31 gektar. Bu yerga to‘kiladigan chiqindilar kanal suvini ifloslantiradi. Shu suvdan suv ombori atrofida yashovchi odamlar iste'mol kilishadi. Shu maydonning bir qismida sun'iy ko‘lda baliq yetishtiriladi. Baliqlarning asosiy ozuqasi ham shu chiqindilar. 2018 yil atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi vakili kelib, chiqindixona boshqa yerga ko‘chirilishini aytgan edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Chiqindixonaga uy hayvonlarining jasadlari ham tashlab ketiladi. Bizning bolalarimiz shu yerdan o‘tib maktabga qatnashadi. Turli kasalliklar tarqalishi xavfi bor», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyiga borib o‘rgandik va Kattaqo‘rg‘on shahridagi chiqindi poligonini ko‘zdan kechirdik. Mahalla aholisi bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Chiqindixona yaqinida istiqomat qilamiz. Shamolda hovlimiz chiqindiga to‘ladi. Ayniqsa, yoz kunlarida bu yerning hidiga chidab bo‘lmaydi. Shu atrofdagi aholi shunday holatda yashashga majbur. Bu masaladagi murojaatlarimiz mutasaddilar tomonidan e'tiborsiz qolmoqda», – deydi Gulbahor Qilicheva.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, chiqindi poligoni Kattaqo‘rg‘on shahar balansida turadi, uning atrofida yashaydigan aholi va hudud Kattaqo‘rg‘on tumaniga qaraydi.

2005 yilgacha chiqindi poligoni joylashgan yer «Qurilish materiallari zavodi» ochiq turdagi hissadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2005 yil 24 martdagi qarori bilan bu yer maydoni shahar kommunal foydalanish boshqarmasiga berilgan va chiqindi poligoni tashkil etilgan.

Chiqindi poligonini ko‘zdan kechirganimizda, haqiqatan holat achinarli ekanligiga guvoh bo‘ldik. 32 gektarga yaqin hududni egallagan chiqindixona sanitariya me'yor va talablariga umuman javob bermaydi. Chiqindixonaga aholi yashaydigan uylar shundoqqina yonida joylashgan. Baland to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Shamolda aholi xonadonlari chiqindilarga to‘ladi. Qishloq ko‘chalari ham shamol uchirgan va to‘kilgan chiqindilarga to‘lgan. Chiqindi poligoni yaqinida Kattaqo‘rg‘on suv omborining kirish kanali oqib o‘tadi. Shamolda kanaldagi suv ham chiqindilardan «benasib» qolmaydi.

«Ushbu chiqindi poligoniga bir kunda Kattaqo‘rg‘on shahridan 70-80 tonna chiqindi olib chiqilib, to‘kiladi. Bu yerda chiqindixona tashkil etilganda atrofda aholi xonadonlari bo‘lmagan. Keyinchalik aholi bu yerga noqonuniy ravishda uylar qurib olgan. Belgilangan me'yorlar bo‘yicha chiqindi poligoni muhofaza hududi 500 metr bo‘lishi kerak va aholi xonadonlari ham shuncha masofada uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerak. Uning yonidagi ko‘lga bir fuqaro tomonidan baliq ko‘paytirish uchun uvildiriqlar tashlangan. Ammo bu natija bermagan va hozir bu yerda baliq boqilmagan», – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar «Toza hudud» DUK nazoratchisi Shuhrat Xudoyorov.

Bu masala yuzasidan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Kattaqo‘rg‘on shahar vakilligi Olim Sultonovdan izoh so‘radik. Mutasaddi bu yerga yaqinda ishga o‘tganini, mazkur holat yuzasidan hech qanday ma'lumotga emasligini bildirdi.

Chiqindi poligonidagi antisanitariya holatlari yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi bosh shifokori Ibrohim Jumayev bilan suhbatlashdik.

«E'tirozlaringiz o‘rinli. Haqiqatan ham chiqindixona poligoni belgilangan me'yorlar asosida baland to‘siqlar bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak. Bu hududda belgilangan tartib va me'yorlarga javob bermaydi. Hammasi mablag‘ga bog‘liq. Aholi xonadonlari chiqindixonadan kamida 500 metr uzoqlikda bo‘lishi lozim. Biz vakolatimiz doirasida barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz», – deydi I.Jumayev.

Aholi xonadonlari chiqindi poligonidan 500 metr uzoqlikda joylashishi lozim bo‘lsa, haqiqatan ham uylar noqonuniy qurilganmi?

Aholi bilan suhbatlashganimizda ayrimlari haqiqatan ham yerni qaysi bir fermerdan sotib olib, uy qurganini, endi kadastr hujjatlarini tayyorlayotganini ochiq aytgan bo‘lsa, ayrimlari 2005 yilda bu yerga ko‘chib kelganini, u vaqti bu yerda chiqindixona bo‘lmaganligini ta'kidlaydi.

Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Samarqand viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Kattaqo‘rg‘on tumani filiali mutasaddilari bilan uchrashdik.

Biz bilan suhbatda o‘zini ism-familiyasini ochiqlashni istamagan filial mutaxassisi chiqindi poligoni yaqinidagi uylarning ayrimlarining hujjatlari borligi, ayrimlariniki yo‘qligini bildirdi. Aniq raqam va ma'lumotlar olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan chiqindixona bilan bog‘liq muammolar yig‘ilib qolgan. Bu esa mazkur muammo mutasaddilar e'tiboridan chetda qolayotganini ko‘rsatib turibdi. Aks holda muammolar bunchalik to‘planib qolmasdi.

Kun.uz ushbu muammolarning ijobiy hal etilishi yuzasidan voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.
Kun.uz muxbiri.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов

Mavzuga oid