O‘zbekiston | 17:30 / 11.05.2022
14784
5 daqiqa o‘qiladi

“Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar” - Shavkat Mirziyoyev

Prezident har xil bahonalar bilan fermerlardan g‘allasini olib qo‘yishga qat’iyan chek qo‘yishni buyurdi. Birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov bekor qilinmoqda. “Marhamat, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday to‘siqlarsiz g‘allani olib ketishi mumkin”, dedi Shavkat Mirziyoyev. “O‘zdonmahsulot” korxonalari ham, xususiy korxonalar ham un ishlab chiqarishga bug‘doyni birja orqali bozor narxida sotib olishi belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 may kungi yig‘ilishda g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini ma’lum qilib, bu uzoq kutilgan islohot ekani hamda qishloq xo‘jaligidagi qator muammolarga yechim bo‘lishini ta’kidladi.

“Barcha hokimlar bir narsani aniq tushunib olishi zarur. Nima uchun biz fermerni birjaga olib chiqyapmiz? Fermer birjaga chiqib, o‘zi g‘allasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, o‘z mehnati natijasidan rozi bo‘ladi.

Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan g‘alla ham faqat birjadan sotib olinadi”, dedi prezident yig‘ilishda.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda brokerlarni biriktirib, o‘qitishni tashkil qilish topshirildi.

Bunda fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Joriy yil jami g‘alla hosili uchun 7,6 trillion so‘m ajratiladi. Yangi tizimni to‘laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir so‘m fermer va klasterga o‘z vaqtida, to‘liq yetib borishi, narx-navoning o‘sishi va taqchillikning oldini olish bo‘yicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi.

Buning uchun bosh prokuror boshchiligida respublika shtabi tashkil etiladi. Hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlari rahbarlik qiladi.

Yig‘ilishda g‘alla qabul qilish punktlari sonini kamaytirish va keyingi yildan boshlab ularni xususiylashtirish chora-tadbirlari ham belgilandi.

“Hokimlar bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar.

Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi.

Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Marhamat, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday to‘siqlarsiz g‘allani olib ketishi mumkin”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari bu masalani shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy choralar ko‘rib borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

“O‘zdonmahsulot” o‘zi ham, 43 ta korxonasi ham yangi bozor sharoitlarida ishlashga o‘rganishi shartligi ta’kidlandi.

Bundan buyon, “O‘zdonmahsulot” korxonalari ham, xususiy korxonalar ham un ishlab chiqarishga bug‘doyni birja orqali bozor narxida sotib olishi belgilandi.

Ularga g‘alla sotib olishga aylanma mablag‘ uchun 800 milliard so‘m miqdorida kredit resurslari ajratiladi.

Shu bilan birga, viloyat hokimlari zamonaviy, ixcham, energotejamkor un ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirishi zarurligi qayd etildi.

Klaster tomonidan g‘alla ekish uchun yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha Buxoro tajribasini barcha hududlarda joriy qilib, g‘alla maydonlarini kengaytirish va hosildorlikni oshirish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Viloyat hokimlari oldiga chekka va olis qishloqlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yig‘ilishda un va un mahsulotlarining bozorda taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik va narxlar barqarorligini ta’minlashga viloyat hokimlari shaxsan mas’ul va javobgar bo‘lishi ta’kidlanli.

Mutasaddilarga 1 avgustga qadar 20 ta don korxonasidagi davlat ulushini savdoga chiqarish, bir oy muddatda don korxonalari qoshida tashkil etilgan non sexlari va savdo do‘konlarini xatlovdan o‘tkazib, savdoga chiqarish topshirildi.

“Viloyat hokimlari va prokurorlari yaxshilab eshitib olsin. O‘zgarishlarni bahona qilib, joylarda un ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirib yuborish, narx-navoni asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘yishga “sabotaj” deb, siyosiy baho beriladi.

Shu bois, viloyat hokimlari va prokurorlari don korxonalarining mavjud ishlab chiqarish hajmlarini saqlab qolishga “boshi bilan” javob beradi”, dedi prezident.

Bu borada viloyat hokimlari, ichki ishlar va prokuratura organlari rahbarlariga ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, yangi islohotlarning mazmun-mohiyati, qanday choralar ko‘rilishi va rejalari bo‘yicha tushuntirish berish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid