O‘zbekiston | 15:57 / 01.05.2021
43950
8 daqiqa o‘qiladi

Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta'sischiligidagi kompaniya atrofida nimalar bo‘lmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda zominlik bir guruh tadbirkorlarning o‘zaro ziddiyati aks etgan videolar tarqalmoqda. Nizolashayotgan kompaniyalarning ayrimlarida birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ham ulushdor ekani diqqatimizni tortdi. O‘zini firibgarlik qurboni deb hisoblayotgan tadbirkor Odinaxon G‘ofurjonova tergovdan norozi.

Kun.uz saytiga asli zominlik bo‘lgan tadbirkor ayol Odinaxon G‘ofurjonova murojaat qildi.

U o‘zi muassislik qilgan kompaniya (MChJ)dagi ulushlar Rossiya fuqarosi bo‘lgan qarindoshlari tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan tortib olingani, keyinchalik bu kompaniyadagi ulushlar o‘zga shaxslar nomiga o‘tkazib yuborilgani, holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi olib borayotgan tergov harakatlari esa asossiz ravishda harakatdan tugatilganini aytmoqda.

«2002 yilda ta'sis etilgan «Megatek Avto» MChJning 99,4 foiz (8,5 mlrd so‘m) ulushiga egalik qilib kelganman. 2019 yil may oyining boshlarida betob bo‘lib yotgan vaqtimda, shu firmada qisman ulushga ega bo‘lgan jiyanim sog‘lig‘imdan xabar olish uchun kelib, jamiyat ustav fondini oshirish uchun kiritilgan 1 mlrd so‘m pullarni hujjatlashtirib qo‘yaman deb, ustavni yangi tahrirda ro‘yxatdan o‘tkazish kerakligini aytib, menga A4 formatdagi bir necha bo‘sh qog‘ozlarga imzolar qo‘yib berishimni so‘radi

U mening jiyanim (ukamning o‘g‘li) bo‘lgani sabab ularga ishonganman. Kasal yotganim tufayli o‘z o‘rnimdan turolmaydigan bir ahvolda bo‘lsam ham bo‘sh qog‘ozlarning jiyanim ko‘rsatgan joylariga imzo qo‘ydim, keyin jiyanim darrov jo‘nab ketdi.

Bu vaqtda men ukam va jiyanim menga xiyonat qilishini bilmagan ekanman. Ota-bola meni aldash niyatida ekani va firibgarlik qilishi mumkinligini hatto xayolimga ham keltirmagandim», – deydi Odinaxon G‘ofurjonova.

Odinaxon G‘ofurjonova

Bu nizo Odinaxon G‘ofurjonovaning arizasi asosida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rilgan. Sud ta'sis hujjatlaridagi imzolarni uning o‘zi qo‘ygan deb ko‘rsatib, «MEGATEK AVTO» MChJning qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da'voni qanoatlantirishni rad etgan.

Ammo, Toshkent shahar iqtisodiy sudining 2020 yil 26 noyabrdagi xususiy ajrimi bilan, «MEGATEK AVTO» MChJning ta'sis hujjatlarini qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda shaxslarning harakatlarida aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish jinoyati alomatlari mavjudligi holatini tekshirib ko‘rish va jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga xabar qilingan.

Xususiy ajrim chiqarilganidan bir hafta o‘tib – 2020 yil 3 dekabr kuni Chilonzor tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Odinaxon G‘ofurjonovaning Rossiya Federatsiyasi fuqarolari bo‘lgan ukasi va jiyaniga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Keyinchalik jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi Suxrob Yo‘ldoshevning ish yurituviga o‘tkaziladi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida Odinaxon G‘ofurjonovaning Rossiya Federatsiyasi fuqarolari bo‘lgan ukasi va jiyanini jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Ammo, nimagadir ular ishdagi asosiy figurant, boz ustiga gumonlanuvchi bo‘la turib, «tergovga keltirish imkoni bo‘lmagani» vaji bilan biror marta so‘roq qilinmaydi.

Jinoyat ishi joriy yil 20 aprel kuni tugatiladi. Bunga JPKning 83-moddasi 1- va 2-bandlari asos sifatida keltirilgan, ya'ni tergov organi «jinoiy hodisa yuz bermagan» va «gumonlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi yo‘q» degan xulosaga kelgan.

Odinaxon G‘ofurjonova tergov organining bu qaroridan norozi. U o‘rtaga tashqi kuchlar aralashgani, tergovning mustaqilligiga ta'sir etib, ishni shu tarzda yopib yuborishga urinayotganliklarini aytmoqda.

Bu voqealarni kuzatib borayotgan O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ham o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

«Zominlik tadbirkor Odina G‘afurjonova ishi jamiyatimiz ekspertlari tomonidan o‘rganilgan. Bu masalada davlat hokimiyati idoralari, huquqni muhofaza qilish idoralariga qonun buzilishi yuzasidan bir qancha shikoyatlar kiritdik. Haqiqatan ham G‘afurjonovaning tadbirkorlik faoliyatiga oid huquq va manfaatlari buzilgan, afsuski, hozirgi kunda uning murojaatlariga negadir ko‘pam e'tibor qaratishmayapti.

Holbuki, G‘afurjonova ishi bo‘yicha bir qancha epizodlarda firibgarlik, o‘zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq jinoiy alomatlar mavjud. Mening nazarimda unga nisbatan bosimlar ortida qandaydir manfaatdor doiralar turibdi. Aksincha, uning huquq va manfaatlari allaqachon tiklanishi kerak edi», deydi huquq faoli.

Abdurahmon Tashanov

Xo‘sh, bu mashmashalarning birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipovga qanday aloqasi bor?

Tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro nizolarga kosmonavt Solijon Sharipovning to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘q. Gap shundaki, «MEGATEK AVTO» MChJdagi ulushlar Odina G‘afurjonovaning ukasiga o‘tganidan so‘ng, jamiyatdagi ulushlar yana boshqa shaxslar ixtiyoriga o‘tgan. Internetdagi ochiq manbalardan ustav jamg‘armasi 10 mlrd so‘mni tashkil etuvchi «MEGATEK AVTO» MChJning 20 foiz ulushi aynan Solijon Sharipovga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.

Odinaxon G‘ofurjonova S.Sharipovni jamiyatning ta'sis etilishi va uning ravnaqiga umuman aloqasi yo‘qligini, jamiyat ustavidagi ulushlarni turli yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan shaxslar atayin shunday qilishganini aytmoqda.

«Tergovda aybi isbotlanish arafasida turgan, hatto ishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgan shaxslar ko‘rinmas kuchlarning ta'siri sabab, tergovdan qutulib qolmoqda. Ularning biror marta bo‘lsin tergov ishi doirasida so‘roq qilinmagani ham bularni tasdiqlab turibdi. Shunday qonunsizliklar sabab men va mening oilam bahosi bir necha o‘n milliardlarni tashkil etuvchi biznesimizdan ajralib qolmoqdamiz», – deydi G‘ofurjonova.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borgan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi Suxrob Yo‘ldoshev bilan telefon orqali bog‘lanib, tergov tafsilotlariga oid ma'lumotlarni so‘radik. Ammo, Yo‘ldoshev rahbariyat ruxsatisiz jinoyat ishi tafsilotlariga oid ma'lumotlarni bera olmasligini, ayni kunda jinoyat ishi materiallari Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilayotganini ma'lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlarga ko‘ra, Odinaxon G‘ofurjonova va uning aka-ukalari egalik qilgan, keyinchalik esa kosmonavt Solijon Sharipov ham ulushdorga aylangan ayrim firmalardagi qator holatlar bo‘yicha tergov va sud harakatlari davom etmoqda.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Mavzuga oid