O‘zbekiston | 16:02 / 04.04.2026
3981
4 daqiqa o‘qiladi

 “Tashabbus yaxshi, lekin loyiha mukammal emas” – artistlarni soliqqa tortish nega tanqidlarga uchrayapti?

Kun.uz xonandalarni soliqqa tortish muhokamalariga minbar hozirladi. Shu mavzudagi birinchi suhbatda qatnashgan Soliq qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, taklif etilayotgan tartib qabul qilinishi va ishlab ketishida jamoatchilik qo‘llovi va nazorati katta ahamiyatga ega. Huquq faoli Abdurahmon Tashanov loyihani chala va takomillashtirishga muhtoj deya baholadi.

So‘nggi kunlarda san’atkorlarni soliqqa tortish bo‘yicha muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasi yuzasidan turli fikrlar yangramoqda. Ko‘plab faollar xonandalar ham hamma qatori soliq to‘lashi kerakligini yoqlasa, qator san’at vakillari bu adolatdan emasligiga shama qildi.

Kun.uz bu mavzuda suhbatlashish uchun loyiha tashabbuskori Adliya vazirligi va boshqa idoralar hamda san’at ahli vakillarini studiyaga taklif etdi. Dastlabki suhbat – Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Nazarov va jamoatchilik faoli Abdurahmon Tashanov ishtirokida o‘tdi.

Tashanovning fikricha, tashabbus to‘g‘ri, biroq loyiha hali chala va xom: uni to‘ldirish, intellektual mulk vakillari uchun umumiy dasturga aylantirish kerak, deydi u. Toki “san’atkorlarni soliqqa tortish ularning ko‘paygan pullarini sezib qolish ortidan bo‘lmasligi lozim”.

Men daromad qilayotgan hammani soliqqa tortish tarafdoriman, biroq bugun qo‘shiqchilarni, ertaga sirkchilarni, keyin shoirlarni alohida hujjat bilan soliqqa tortmaymiz-ku, axir bularning hammasiga bitta qilib intellektual mulk vakillari uchun loyiha ishlash kerak edi. Davlat kimning puli ko‘paysa, soliqqa tortish ilinjida bo‘lmasligi kerak”, – deydi jamoatchilik faoli.

Muzaffar Nazarovga ko‘ra, bu hali loyiha va u jamoatchilik muhokamasi vaqtida ko‘tarilgan masalalarni inobatga olib, qayta ishlanadi. Qo‘mita bu borada o‘z takliflarini loyiha muallifi bo‘lmish Adliya vazirligiga taqdim etgan.

Belgilanayotgan yangi tizim – 2026 yil 1 sentabridan e’tiboran ijrochilar har bir to‘y va tadbir uchun alohida soliq to‘lashini nazarda tutadi.

Agar ma’qullansa, ular Soliq.uz ilovasi orqali buyurtmachi bilan tuzgan shartnoma shartlarini kiritishadi. Shunda ularning reytingi va tadbir joyiga qarab, qat’iy belgilangan soliq miqdori chiqadi. 2029 yildan e’tiboran esa, san’atkorlar bilan hamma kelishuvlar va pul oldi-berdisi naqdsiz shaklga o‘tadi, daromad solig‘i esa qat’iy belgilagan miqdorda emas, boshqa kasb egalari kabi 12 foizni tashkil etishi belgilanmoqda”, deydi Nazarov.

Qaysi ijrochi 1-reyting, qaysi ijrochi esa 3-reytingda ekanini Madaniyat vazirligi va litsenziyalash bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi belgilaydi.

Soliq qo‘mitasi yangi tartib qabul qilingan taqdirda jamoatchilik nazoratidan umidvor. Loyihada yangi tartibga rioya qilmagan ijrochilarni BHMning kamida 20 barobari (hozirda 8 mln 240 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortish, huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga jarima summasining 20 foizi miqdorida mukofot to‘lash ko‘zda tutilgan.

Suhbatda, asosan, qaror bilan nima o‘zgarishi mumkinligi muhokamadan o‘tkazildi. Bunga san’atkorlar va jamiyat reaksiyasi esa navbatdagi suhbatda asosiy o‘rinda bo‘ladi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid