O‘zbekiston | 09:38 / 14.12.2019
4415
6 daqiqa o‘qiladi

Xususiy notariuslarning javobgarligi majburiy sug‘urta qilinadi

Foto: 123RF

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasiga ko‘ra, Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius tomonidan notarial harakatlar natijasida zarar ko‘rgan uchinchi shaxslarning mulkiy manfaatlarini sug‘urta to‘lovlari orqali himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius o‘z kasbiy majburiyatlarini buzishi oqibatida yetkaziladigan zarardan jismoniy va yuridik shaxslarni himoya qilish maqsadida o‘zining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qildirishi shart.

Quyidagilar oqibatida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi:

notariusga murojaat qilgan shaxs tomonidan notarial harakat amalga oshirish bilan bog‘liq yolg‘on ma'lumotlar, haqiqiy bo‘lmagan yoki soxta hujjatlar taqdim etilishi;

agar notariusga murojaat qilgan shaxs u amalga oshirish haqida murojaat qilgan notarial harakat huquq va manfaatlariga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarning yo‘qligi yoki mavjudligini bildirmagan bo‘lsa.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning notarial harakatlarni amalga oshirish natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararni o‘rnini qoplash bo‘yicha fuqarolik javobgarligi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlari majburiy sug‘urta obekti hisoblanadi.

Majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli quyidagi miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas:

Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun uning fuqarolik javobgarligi bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir ming baravari miqdorida;

boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun uning fuqarolik javobgarligi bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravari miqdorida.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius notarial faoliyatni amalga oshirishda majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishi shart.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius majburiy sug‘urta shartnomasini tuzmasdan o‘zining majburiyatlarini va notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.

Majburiy sug‘urta shartnomasida sug‘urta qildiruvchi notarial harakatlarni amalga oshirganda uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar tufayli kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish nazarda tutiladi, ma'naviy zarar, boy berilgan foyda va jarima to‘lovlari bundan mustasno.

Majburiy sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta polisini berish orqali yozma shaklda tuziladi.

Majburiy sug‘urta shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi.

Majburiy sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchining yozma arizasi asosida tuziladi.

Majburiy sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarning to‘liq bo‘lmasligi uchun sug‘urtalovchi javobgar bo‘ladi. Majburiy sug‘urta shartnomasi shartlari to‘liq bo‘lmagani bilan bog‘liq nizo sug‘urta qildiruvchining foydasiga hal qilinadi.

Agar majburiy sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchining yoki uchinchi shaxslarning ahvolini qonunda ko‘zda tutilgan holatlarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlar asosida tuzilgan bo‘lsa, sug‘urta hodisasi yuz bergan taqdirda sug‘urtalovchi qonunda belgilangan tartibda sug‘urta qildiruvchi va uchinchi shaxslar oldida javobgar bo‘ladi.

Agar majburiy sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, u sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta mukofoti to‘langan vaqtdan, bo‘lib-bo‘lib to‘lashda esa birinchi sug‘urta mukofoti to‘langan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy hisoblanadi.

Majburiy sug‘urta shartnomasi u kuchga kirgan kundan boshlab bir yil muddatga tuziladi.

Sug‘urta himoyasining amal qilish muddati sug‘urta shartnomasining amal qilish muddatiga to‘g‘ri keladi.

Majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi, agar majburiy sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Majburiy sug‘urta shartnomasiga o‘zgartirishlar tomonlarning kelishuviga binoan ulardan birining yozma arizasi asosida kiritiladi. Shartnomaga kiritilgan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar ular yozma ravishda yozilgan va har ikki tomonning vakolatli vakillari tomonidan imzolangan taqdirda qonuniy kuchga ega.

Majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:

shartnomaning amal qilish muddati tugaganda;

shartnoma muddatidan oldin to‘xtatilganda;

sug‘urtalovchi tomonidan majburiy sug‘urta shartnomasida belgilangan sug‘urta summasi miqdorida sug‘urta to‘lovini amalga oshirilganda.

Majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin to‘xtatiladi:

xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius tugatilganda;

xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius vafot etganda;

majburiy sug‘urta shartnomasi sud qaroriga ko‘ra haqiqiy emas deb e'tirof etilganda.

Majburiy sug‘urta qilish shartnomasining amal qilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid