Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQShning urushni to‘xtatish rejasini qabul qilmadi - OAV
Eronga Pokiston orqali AQSh rejasi yetkazilgan. London Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklash uchun koalitsiya tuzmoqchi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Erondagi mojaroni tartibga solish uchun maxsus vakil tayinladi.
Foto: Global Look Press/Sha Dati/XinHua
Eron AQSh tomonidan taqdim etilgan urushni to‘xtatish rejasini rad etdi. Bu haqda 25 mart, chorshanba kuni Eron davlat telekanali Press TV xabar berdi.
«Eron AQSh taklifiga salbiy munosabat bildirdi», — deya ma’lum qildi telekanal.
«Urush Eron uni qachon tugatishga qaror qilsa, o‘shanda tugaydi, AQSh prezidenti Donald Tramp istagan paytda emas», — dedi Tehrondagi hukumat vakili.
AFP agentligi Islomoboddagi ikki nafar hukumat vakiliga tayanib xabar qilishicha, Islom Respublikasiga AQShning 15 banddan iborat rejasi «Pokiston orqali» yetkazilgan.
The New York Times gazetasining yozishicha, ushbu reja Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini qayta tiklash, shuningdek Eron yadroviy dasturiga nisbatan qat’iy cheklovlar o‘rnatishni nazarda tutadi. Buning evaziga, Isroilning Channel 12 telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Eronga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi kerak. Hujjatdan anglashilishicha, tomonlar bir oylik sulh e’lon qilishi, shu vaqt mobaynida Vashingtonda AQSh taklifi asosida muzokaralar olib borilishi lozim. Reja Eronda hokimiyat almashishini nazarda tutmaydi, deb qayd etdi Channel 12.
Shu orada, Buyuk Britaniya va Fransiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklash masalasi bo‘yicha muzokaralar tashkil etish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi. AFP agentligiga Britaniya Mudofaa vazirligidagi manba ma’lum qilishicha, taxminan 30 davlat harbiy vakillari ishtirokidagi uchrashuv hafta oxiriga qadar o‘tkazilishi kerak. Maqsad — bo‘g‘ozni blokdan chiqarish uchun koalitsiya shakllantirish.
O‘tgan hafta Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Niderlandiya xavfsiz o‘tishni ta’minlash uchun «tegishli choralar» ko‘rishga tayyorligini bildirgan edi. Bu bayonotga yana 24 davlat qo‘shildi.
«Biz ushbu koalitsiyani birlashtirishda muhim rol o‘ynayotganimizni anglaymiz», — dedi Britaniya Mudofaa vazirligi vakili. The Times gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya tafsilotlarni ishlab chiqish va koalitsiyani shakllantirish uchun uchrashuvni Porsmut yoki Londonda o‘tkazishni taklif qilgan.
Shu bilan birga, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Erondagi urushni tartibga solish uchun maxsus elchi tayinladi. Fransiyalik Jan Arno ushbu yo‘nalishda jahon tashkiloti vakili bo‘ladi.
«Bu urush nazoratdan chiqib ketdi», — dedi Guterrish.
U AQSh va Isroilni jangovar harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi hamda Erondan Fors ko‘rfazi davlatlariga hujumlarni bas qilishni talab etdi. Dpa agentligining eslatishicha, Arno avval BMTning Afg‘oniston, Kolumbiya va Boliviyadagi elchisi sifatida ham faoliyat yuritgan.
Bundan oldin The Wall Street Journal (WSJ) manbalariga tayanib, Tehronning AQSh bilan ehtimoliy muzokaralar oldidan yangi talablari haqida yozgan edi. Ular qatorida — Fors ko‘rfazi davlatlaridagi barcha Amerika harbiy bazalarini yopish, Eronga qarshi Amerika va Isroil zarbalari uchun tovon to‘lash, shuningdek Tehron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirish talabi bor.
Bundan tashqari, nashr ta’kidlashicha, Eron sanksiyalarni bekor qilishni, o‘z yadroviy dasturini to‘liq saqlab qolishni, urush qayta boshlanmasligini kafolatlaydigan shartlarni, shuningdek Livandagi «Hizbulloh» guruhiga zarbalarni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Tramp 23 mart kuni Eron rahbariyati bilan «samarali muzokaralar» olib borilayotganini bildirgan edi. U, shuningdek, Eron energetika infratuzilmasiga zarbalarni besh kunga to‘xtatib turish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Tehron esa muzokaralar bo‘lganini inkor etib, ular «bo‘lmagan va yo‘q» deb ta’kidlamoqda.
Hozirgi paytda Yaqin Sharqdagi urush sharoitida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gaz zaxiralarining taxminan 20 foizi tashilishi deyarli to‘liq to‘xtab qolgan.
28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eronga havo zarbalarini bermoqda, natijada Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda bir qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuchishlatar tuzilmalar vakillari halok bo‘lgan.
Eron esa javob tariqasida Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar yordamida hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, bu hujumlardan maqsad mintaqadagi Amerika harbiy bazalaridir. Eron zarbalari ostida Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlardagi neft omborlari va neft tankerlari ham qolgan. Bundan tashqari, urush boshlanganidan beri Eron hujumlaridan Ozarboyjon va ayni paytda Yevropa Ittifoqiga vaqtincha raislik qilayotgan Kipr ham jabr ko‘rgan.