Jamiyat | 00:10 / 21.04.2023
77217
3 daqiqa o‘qiladi

«Qizim hozir stress holatida» – noma’lum erkak hamlasiga uchragan 17 yashar qizning otasi

Jabrlanuvchi yashaydigan mahalla raisi va qo‘shnilar voqeadan shokda ekanliklarini aytishgan bo‘lsa, qizning otasi aybdorga qattiq chora ko‘rilishini so‘ragan. 

19 aprel kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida noma’lum erkak ko‘chada ketayotgan o‘quvchi qizga tashlangan, so‘ngra voqea joyidan qochib ketgan. 

“Sukut saqlama” loyihasi tomonidan e’lon qilingan videoda erkak ortdan kelib qizning og‘zini qo‘li bilan yopgani, quchoqlagani, qiz esa unga qarshilik ko‘rsatib yerga o‘tirib qolgani ko‘rinadi. Erkak qochib ketgan, qiz nima bo‘lganini anglab yetmasdan uning ortidan qarab qolgan, keyin o‘tirib yig‘lagan.

“Millar” dasturi ijodkorlari jabrlanuvchining otasi, qo‘shnilari va ustozlaridan intervyu oldi.

Qizning otasi voqeani tongda rafiqasidan eshitganini, shundan so‘ng IIBga murojaat qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda qizi kuchli stress holatida. 

“Qizim maktab o‘quvchisi. 19 aprel kuni darsdan qaytayotganda orqa tomondan notanish fuqaro kelib, qizimning og‘zini berkitib, bo‘ynidan bo‘g‘ib yiqitgan. Qizim hozir stress holatda. Videoda qarasangiz orqada kelayotganida ko‘rmay qolgan, [u odamni] tanimaydi. Yaxshi ham baqirgani uchun qochib ketgan, hech narsasini olmagan. Tuman IIBga borib, murojaat qildim. O‘sha bolaga nisbatan qattiq chora ko‘rishlarini so‘rab qolardim”, — deydi qizning otasi.

“To‘g‘ri, hammamiz juda shokka tushdik. Hozir psixologlar kelishdi, qiz bilan ishlashyapti. O‘zim ham suhbatlashdim. Ozroq qo‘rqqan, lekin hammasi joyida, xudoga shukr. Videodagi yigitni o‘zim ham ko‘rdim, lekin tanimadim”, deydi “Inoqobod” MFY raisi Nursuluv Sabikova.

“[Bo‘lgan voqeani eshitib] oyoq-qo‘lim qaltirab qoldi. Unaqa narsa bo‘lishini kutmovdim. Bizning ham qizlarimiz, yosh bolalarimiz bor. Shu bois bu kabi voqealarga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Qo‘shnilar bilan hammamiz xavotirdamiz”, deydi jabrlanuvchining qo‘shnisi.

“Hozirgi kunda qizimiz 11-sinfda o‘qiydi. Bu o‘quvchimiz sinfdoshlari ichida ham juda faol, liderlardan. Maktabga borib, soat 10:00larda O‘zMU matematika fakultetida bo‘lib o‘tgan olimpiadada qatnashib, uyiga qaytayotganda – o‘zi yashaydigan mahallaning ko‘chasida shu holat yuz bergan”, deydi jabrlanuvchi tahsil oladigan maktab xodimi (u “Millar”ga bergan intervyusida shaxsi ochiqlanishini istamagan).

Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, voyaga yetmagan qizga tashlangan erkak bir sutkaga ham bormay qo‘lga olingan, bu ishni Oqdaryo tumanida yashovchi Ozod O. ismli shaxs sodir etgani aniqlangan. Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid