O‘zbekiston | 08:10 / 28.07.2021
3856
4 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning elektron tizimi joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning elektron tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida»gi qaror qabul qilindi.

Qaror bilan Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv tizimi («E-ma'muriy ish» tizimi) orqali ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish hamda ularni ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish va ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlariga elektron shaklda yuborish tartibi;
  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, jabrlanuvchi, guvoh va xolislar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plash, saqlash va tahlil qilish qoidalari;
  • vakolatli organlar o‘rtasida idoralararo axborot almashishning yagona markazlashtirilgan elektron tizimini yuritish tartibi;
  • ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni vakolatli organlar tomonidan joyida planshet va kompyuter yordamida rasmiylashtirish tartibi;
  • ma'muriy bayonnoma va ma'muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni elektron shaklda rasmiylashtirish qoidalari.

Ichki ishlar vazirligi «E-ma'muriy ish» tizimini tashkil etish, uning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash bo‘yicha mas'ul organ hisoblanadi.

Quyidagilar belgilandi:

  • «E-ma'muriy ish» tizimini yuritishda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar guvoh, jabrlanuvchi, xolis va huquqbuzarning shaxsi elektron raqamli imzodan (barmoq izi yoki grafik imzodan) foydalangan holda identifikatsiya qilinadi. Ishni ko‘rib chiqayotgan vakolatli organlarning mansabdor shaxslari tomonidan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar va ishga taalluqli hujjatlar QR-kod bilan tasdiqlanadi;
  • ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni vakolatli organlar tomonidan tekshirish, zarur ma'lumotlarni olish va ulardan foydalanish «E-ma'muriy ish» tizimi orqali amalga oshiriladi;
  • «E-ma'muriy ish» tizimidagi ma'lumotlar vakolatli organlarning mansabdor shaxslari foydalanadigan ma'lumotlar hisoblanadi hamda ular ushbu ma'lumotlar bilan faqat qonunchilik hujjatlari bilan zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun tanishishi va foydalanishi mumkin.

2021 yil 1 sentyabrga qadar Moliya vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, MB, Oliy sud, Bosh prokuratura, IIV bilan birgalikda sud qarori bilan yoki boshqa sabablarga ko‘ra bekor qilingan ma'muriy jarimalarni yoki kamaytirilgan jarimaning farqi summasini avtomatlashtirilgan tarzda fuqarolarga qaytarish mexanizmini yaratish topshirildi.

Shuningdek, 2021 yil 1 sentyabrga qadar Transport vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda «E-ma'muriy ish» tizimidan foydalangan holda avtotransport vositalarini jarima maydonchalariga qo‘yish va ularni chiqarish tartibini elektron formatga o‘tkazish topshirildi.

Mavzuga oid