Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xususiy bog‘cha va maktab uchun to‘langan to‘lovdan daromad solig‘ini qanday qaytarib olish mumkin?
O‘zbekistonda bir necha yildan beri bolalar ta’limi uchun soliq imtiyozi amal qiladi. Ushbu imtiyoz farzandning xususiy maktab va maktabgacha ta’limi uchun to‘langan mablag‘dan yiliga 3 million so‘mgacha qaytarib olish imkonini beradi. Bu borada batafsil ma’lumot olish uchun soliq organlari va buxgalterlar bilan suhbatlashdik. Quyida imtiyoz kimlarga berilishi, qancha miqdorgacha olish mumkinligi, uni rasmiylashtirish va qaysi hollarda soliq organi rad javobi berishi mumkinligi haqida ma’lumot beramiz.
Foto: Shutterstock
Imtiyoz qanday ishlaydi va qancha pulni qaytarib olish mumkin?
Imtiyoz farzand ta’limi uchun to‘langan mablag‘ning 12 foizini qaytarib olish imkonini beradi. Imtiyoz limiti — farzand ta’limi uchun 3 million so‘mgacha. Agar ota-ona 3 million so‘m yoki undan ko‘proq to‘lasa, u quyidagi mablag‘ni olishi mumkin:
- Bir oy uchun 360 ming so‘m
- 12 oy uchun 4 320 000 so‘m
Imtiyoz jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini kamaytirish hisobiga har bir bola uchun alohida hisoblanadi.
JShDS (daromad solig‘i) — rasmiy daromadingiz (ish haqi, gonorar, ijara va boshqa manbalardan olingan daromad)ning 12 foizi miqdorida olinadigan soliq.
Imtiyozdan kimlar foydalanishi mumkin?
Imtiyozni daromad solig‘i to‘laydigan va farzandining xususiy bog‘cha yoki maktabdagi ta’limi uchun to‘lov qilgan ota-onalar (farzandlikka olgan shaxslar) olishi mumkin. To‘lov cheklarida imtiyoz oluvchining ismi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.
Imtiyoz qachon rad etiladi:
- Ota-ona daromad solig‘i to‘lagan daromad yo‘q bo‘lganida
- Ota-ona ishlagan va ta’lim uchun yilning turli oylarida to‘lov qilganida
- To‘lov pensiyadan qilingan va ota-onaning daromadi yo‘q bo‘lganida
- Farzand chet elda ta’lim olganida
Imtiyozni ish beruvchi, buxgalteriya, onlayn tarzda yoki soliq xizmati orqali rasmiylashtirish mumkin.
Buxgalteriya orqali imtiyoz olish
Agar siz rasman ishlasangiz va ish beruvchingiz soliq agenti bo‘lsa, ta’lim uchun to‘lov qilishdan oldin uch tomonlama shartnoma tuzishingiz kerak: siz, ish beruvchi va xususiy bog‘cha yoki maktab o‘rtasida.
Buning uchun quyidagilar talab etiladi:
- Ariza
- Ta’lim shartnomasi
- Bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi (metrika).
Shundan so‘ng har oy maoshingizning bir qismi ta’lim to‘loviga yo‘naltiriladi, siz esa qo‘lga tegadigan maoshingiz uchun imtiyoz olasiz.
Quyidagi hollarda buni amalga oshirib bo‘lmaydi:
- Farzand ta’limi uchun uzoq davrga, masalan, bir yillik to‘lov qilsangiz
- Farzand ta’limi uchun to‘lov qilishdan oldin imtiyoz olish uchun murojaat qilmagan bo‘lsangiz
Bunday hollarda imtiyozni onlayn yoki soliq xizmati orqali olgan ma’qul. Shunda imtiyoz to‘liq yil uchun hisoblanadi.
Onlayn tarzda imtiyoz olish
Bu 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- Yillik daromad to‘g‘risida deklaratsiya yuborasiz
- my3.Soliq yoki my.gov orqali daromad solig‘i qaytarilishini so‘raysiz
Yillik daromad deklaratsiyasi — bu o‘tgan yil davomida qancha daromad topganingiz va qancha daromad solig‘i to‘laganingiz to‘g‘risidagi hisobot.
Bu usul bilan so‘nggi 3 yil davomidagi soliqlarni qaytarib olish mumkin.
Deklaratsiyani 1 aprelga qadar topshirish kerak. Uni tekshirib, xatosiz qabul qilishga ulgurishlari uchun kamida 10 ish kuni oldin topshiring.
my.gov orqali deklaratsiya yuborish
Profilingizga kiring.
«Yillik daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya yuborish» xizmatini toping.
Birinchi va ikkinchi qadamlar avtomatik bajariladi. Keyingisini tanlang.
Uchinchi qadam. Mahallangiz, pensiya badali to‘lashingiz, hisobot yili, telefon raqamingiz va hisobot ixtiyoriyligini ko‘rsating. Deklaratsiya turi: Jismoniy shaxslarning yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya. Hisobot turi: Qayta hisobot.
To‘rtinchi qadam. Agar jadvalda Asosiy va asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan daromad bo‘sh bo‘lsa, ma’lumotlarni o‘zingiz kiritishingiz mumkin. Buning uchun daromadingiz to‘g‘risidagi ma’lumotnoma hamda farzand ta’limi uchun shartnoma va to‘lov cheklari nusxalarini yuklang.
Soliq imtiyozlaridan 16.2 — ota-ona (farzandlikka oluvchi) tomonidan farzand ta’limi uchun to‘lovni tanlang. Farzandingiz haqidagi ma’lumotlar, ta’lim muassasasi va shartnoma ma’lumotlarini ko‘rsating.
my.gov orqali imtiyoz olish
«Jismoniy shaxslarning ortiqcha to‘langan soliq summalarini qaytarishga ariza yuborish» xizmatini tanlang.
Soliq orqali deklaratsiya yuborish
Yillik deklaratsiya to‘ldirish bo‘yicha batafsil videoqo‘llanma.
Deklaratsiyani my3.soliq portalida to‘ldirish va yuborish mumkin. Kirish uchun raqamli imzo kerak. Profilingizga kiring, Jismoniy shaxslar uchun xizmatni oching va «Jismoniy shaxslarning yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya»ni tanlang.
1-bosqich Kiriting
- Deklaratsiya turi — yillik deklaratsiya
- Hisobot turi — hisobot
- JBPT — jamg‘arib boriladigan pensiya hisobingiz uchun badal to‘laysizmi
- Telefon raqamingiz
- Hisobot yili
2-bosqich Hisobot shakllari
Deklaratsiya shakli grafasida Asosiy va asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan daromadni tanlang. Agar ma’lumotlar ko‘rinmasa, daromadingiz va to‘langan daromad solig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotnomani kiriting, ish joyingiz va STIRni, yillik daromad va to‘langan daromad solig‘i miqdorini ko‘rsating.
Shu bosqichda Deklaratsiya shakli grafasida Soliq imtiyozlarini tanlang. Yangi shaklni to‘ldiring:
- Imtiyoz turi — Soliq solinmaydigan daromadlar (SK 378-moddasi)
- Imtiyoz toifasi — 16.2
To‘lov cheklari va farzandingiz ta’lim olayotgan muassasa bilan shartnomani yuklang.
3-bosqich Daromad solig‘ini qayta hisoblash
Bu bo‘limda soliq avtomatik qayta hisoblanadi va qaytariladigan summa ko‘rsatiladi. Hammasi to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgach, deklaratsiyani yuboring.
Soliq orqali imtiyoz olish
Deklaratsiyani to‘ldirgach, uning holatini tekshiring. Agar muvaffaqiyatli qabul qilingan bo‘lsa, «Jismoniy shaxslarning ortiqcha to‘langan soliq summalarini qaytarish» xizmatini tanlang. U yerda karta ma’lumotlarini ko‘rsating:
- Karta raqami
- MFO
- Tranzit hisobraqami
Bu ma’lumotlarni bankdan avvaldan bilib olgan ma’qul. Agar hammasi to‘g‘ri bo‘lsa, ariza qabul qilinganidan so‘ng 15 ish kuni ichida mablag‘ kartaga o‘tkaziladi.
Ariza rad etilganda nima qilish kerak?
Sizga rad etish sababi ma’lum qilinadi. To‘ldirishda xato qilgan bo‘lsangiz, to‘g‘rilash uchun 10 kun vaqtingiz bo‘ladi. Mutaxassisdan yordam so‘rashingiz mumkin. Kontaktlar:
- Sahifa pastida
- Soliq xizmatining bosh sahifasida
- «Yordam» bo‘limida
- 1198 telefon raqami
Xulosa
- Imtiyoz farzand ta’limi uchun 3 mln so‘mgacha mablag‘ni qaytarib olish imkonini beradi.
- Imtiyozni ish beruvchi, buxgalteriya, onlayn tarzda yoki soliq xizmati orqali rasmiylashtirish mumkin.
- Imtiyozni onlayn olish uchun avval yillik daromad to‘g‘risida deklaratsiya topshirish, so‘ngra daromad solig‘ini qaytarish uchun ariza berish lozim.
- Imtiyoz arizada ko‘rsatgan karta raqamingizga qaytariladi.
- Agar rad javobi berilsa, yordam olish uchun soliq xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
14:34 / 30.03.2026
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
17:47 / 17.03.2026
Jizzaxdagi xususiy bog‘chada basseynga cho‘kib o‘lgan bola ishi bo‘yicha hukm o‘qildi
12:30 / 14.03.2026
Karmana tuman hokimi o‘qituvchilarni hokimlikka yig‘ib, qariyb 1 soat turg‘izib qo‘ydi
18:53 / 11.03.2026