O‘zbekiston | 10:01 / 24.10.2023
52284
3 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat G‘aniyev klasterlarga fermerlarning paxtasini so‘ramasdan terib olish “vakolati”ni berdi

Prezidentning agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishida terimni tugatmagan fermerlarning “dalalariga kombayn kiritib, paxtani terib olib ketish kerak”ligini aytgan. Bu topshiriq qonunlarga zid.

Shuhrat G‘aniyev raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishidan yozib olingan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda G‘aniyev ba’zi tuman rahbarlariga topshiriq berib, fermerlarning dalalariga kombayn kiritgan holda paxtani terib olib ketish kerakligini ta’kidlagan. 

“Klasterning o‘zi terib ketsin: mayli, fermerdan sotib olmasin (paxtani), o‘zi terib, o‘zi olib ketsin. Fermerga qarab o‘tirmasin, mashinani solib, terib olib ketaversin.

Sirdaryoliklar bilan gaplashdim, 50ta mashina olib kelamiz deyishdi. Toshkent viloyatiga olib kirgan joyingda paxtani terib ketaverasan dedim. Bo‘pti deyishdi. Fermer mening paxtamni terib ketding, deya olmaydi. Klaster bergan mablag‘, klaster bergan o‘g‘it, klaster bergan chigit. Fermer nima degan taqdirda ham klaster noqonuniy ish qilmagan bo‘ladi. Qolaversa fermerning qarzdorligi bor, uni uzish kerak. Har tomonlama hisob-kitob bor”, degan Shuhrat G‘aniyev.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra fermer yetishtirgan mahsulotini, shu jumladan bu mahsulotni iste’molchilarga realizatsiya qilish huquqini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqiga ega. Mazkur qonunning 22-moddasiga ko‘ra esa fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kun.uz muxbiri mutaxassislar bilan bog‘lanib, vaziyatga baho berishni so‘radi. Ularga ko‘ra, ayrim hududlarda paxta rostdan ham terilmay turibdi. Buning asosiy sababi esa o‘sha hududlarda terimchi qo‘llar kamligi. Oqibatda terim qimmatlashgan, terim kombaynlari xizmati esa yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.  

Oldinroq Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda paxtachilik va unda bozor mexanizmlarini joriy qilish zarurati masalasida tahlilchi va amaliyotchilar ishtirokida suhbat tashkil qilgan edi. Suhbatda ishtirok etganlar sog‘lom bozor mexanizmlari uchun klasterlarga raqobatchi tizim kerakligi va bu tizim faqat kooperativlar bo‘la olishi haqida gapirishgandi.

Paxta xomashyosi narxi borasidagi muhokamalardan so‘ng qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov paxta narxini erkin bozor belgilashini ma’lum qildi. Bunda fermer-dehqonga o‘zi yetishtirgan paxta xomashyosini xaridor bilan o‘zaro kelishilgan narxda sotish erkinligi berilishi aytildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov qishloq xo‘jaligi vaziriga javoban avval fermerlarning erkinligini to‘la ta’minlab qo‘yib, keyin bozor narxlari haqida jiddiy gapirish mumkinligini aytdi.

Mavzuga oid