Tvitter Trampning postini yolg‘on deb belgiladi. U nima haqida yozgandi?
AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda eng faol davlat rahbari bo‘lsa kerak. Axir yana qaysi prezidentda ikkita «tasdiqlangan» (verified belgisini olgan) akkaunt bor? Uning ikkita akkauntini umumiy 110 million odam kuzatib boradi. Tvitter ilk marta Trampning postini yolg‘on deb belgiladi. U nima haqda yozgandi?
Tramp saylovlarda pochta orqali ovoz berish jarayonini keskin qoralab keladi. U tvitterda ham shu haqda yozdi:
«Byulletenlar pochta orqali tarqatilishi firibgarlikka yo‘l ochadi. BOShQAChA BO‘LIShI MUMKIN EMAS! Pochta qutilari talon-toroj qilinadi va saylov byulletenlari qalbakilashtiriladi.
Kaliforniya gubernatori millionlab byulletenlarni o‘ng kelgan odamga tarqatmoqda. Bularning ortida ovoz berishdan oldin kimni saylayotgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaydigan millionlab odamlarga aql o‘rgatadigan professionallar turadi. Bu soxta saylov bo‘ladi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas».
Tvitter Trampning bu postini ishonchli emas deb qayd etdi va uning ostiga maxsus belgi qo‘ydi. Bu belgiga maxsus bayonotning havolasi ilova qilingandi. Unda qator OAVlarga asoslanib Trampning byulletenlarni soxtalashtirish haqida gaplari yolg‘onligi keltirilgan. Bu OAVlarning aksarini Tramp doimiy tarzda «feyk» deb atab keladi. Masalan CNN`ni.
Trampning saylov kampaniyasi menejyeri Bred Parkseyl (ha, Tramp so‘rovlarga ko‘ra Baydendan ortda qolayotganini bilgach, sudga berishini aytgan o‘sha Parkseyl) tvitterning bu ishiga tvitterdagi akkaunti orqali munosabat bildirdi: «Yolg‘onchi OAVdagi «faktchekerlar» bilan ishlashi tvitterning soxta obro‘ orttirish uchun qiladigan taktikasi. Bu xuddi tutunli pardaga o‘xshaydi. Biz bir necha oy oldin tvitterdagi barcha reklamamizni oldirib tashlaganmiz. Buning sabablaridan biri tvitterning tarafkashligi».
Keyinchalik Trampning o‘zi ham bu haqda firk bildirib, tvitterni prezidentlik saylovlariga aralashayotganlikda aybladi: «Tvitter endi 2020 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashmoqda. Ular yolg‘on ma'lumot tarqatadigan CNN va Amazon Washington Post`ga asoslanib ommaviy korrupsiya va firibgarlikka yo‘l ochadigan saylov byulletenlarini pochta orqali yuborish haqidagi gapimni yolg‘onga chiqarishdi. Tvitter bu bilan so‘z erkinligini bo‘g‘moqda va men prezident sifatida bunga yo‘l qo‘ymayman», deb yozdi Tramp tvitterdagi mikroblogida.
Tramp aytgan Amazon Washington Post qanaqa gazeta ekan deb qidirib yurmang. Washington Post gazetasi Amazon asoschisi Jyeff Bezosga tegishli nashr va Tramp shu tariqa dunyoning eng boy odamini troll qildi.
AQShda prezidentlik saylovlarida pochta yoki boshqa masofaviy usullar haqida koronavirus pandemiyasi vaqtida ayniqsa ko‘p gapirilmoqda. Tramp esa buni keskin qoralab keladi. Tramp 30 mart kuni «Fox & Friends» nomli o‘zining sevimli tonggi dasturida chiqib pochta orqali ovoz berish haqida shunday dedi: «Agar bu sodir bo‘lsa, mamlakatda ortiq hech qachon respublikachini saylashmaydi».
AQShda pochta orqali ovoz berish yangilik emas. Ovoz berishni qanday tashkil etish shtatlarning o‘z vakolatiga kiradi. Kolorado, Havayi, Oregon, Vashington va Yuta shtatlarida pochta orqali ovoz berish amalga oshiriladi. Ularning uchtasida chindan demokratlarning ustunligi kuzatilib kelgan, ammo Yutada odatda respublikachilar g‘olib bo‘lishadi. Kolorado esa saylov natijalari doim o‘zgaruvchan bo‘ladigan hudud. Masalan, Tramp 2016 yil u yerda Klintonga yutqazgan.
Mutaxassislar saylov byulletenlarini soxtalashtirish juda kam kuzatiladigan voqea ekanini aytishadi.
May oyi boshida tvitter soxta ma'lumotlardan ogoh qilish bo‘yicha yangicha siyosat yuritishni boshladi. Tvitter Trampning pochta orqali ovoz berish haqidagi tvitlarini yolg‘on deb belgilashdan avval uning boshqa tvitlarini o‘chirishni rad etgandi. Unda Tramp MSNBC boshlovchisi Jo Skarboroni 2001 yil Lori Klozutisga uyushtirilgan qotillikda ayblagandi. Klozutisning eri tvitterdan bu postni o‘chirishni so‘ragan, ammo kompaniya unga ozor berishgani uchun kechirim so‘rab postlarni o‘chirishni rad etgandi.