Jahon | 14:35
644
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi

AQSh Moliya vazirligi iste’molchilar va ta’minotchilarga «yetkazilayotgan zararni yumshatish» maqsadida Rossiyadan tashqaridagi «Lukoyl» yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini davom ettirishga ruxsat berdi. Qaror 2026 yil 29 apreligacha amal qiladi.

Foto: Joko/Bildagentur-online/picture alliance

AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan «Lukoyl» kompaniyasining Rossiyadan tashqarida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga faoliyatni davom ettirishga ruxsat beradigan umumiy litsenziya berdi. Shu tariqa, AQSh idorasi payshanba kuni, 4 dekabrda, Rossiya neft konserniga nisbatan qo‘llangan ayrim sanksiyalar amal qilishini to‘xtatdi.

Bayonotga ko‘ra, Rossiyadan tashqaridagi «Lukoyl» AYoQSh bilan bog‘liq tranzaksiyalar 2026 yil 29 aprel kuni AQShning sharqiy vaqti bo‘yicha soat 00:01 gacha (Toshkent vaqti bilan 09:01 gacha) ruxsat etilgan. Vashingtonda tushuntirilganidek, bunday choralar «chakana yonilg‘i quyish shoxobchalari bilan odatiy operatsiyalarni amalga oshirishga intilayotgan iste’molchilar va ta’minotchilarga yetkaziladigan zararni yumshatish» uchun qabul qilingan.

Bu qaror amalda AQShda va boshqa davlatlarda «Lukoyl» brendi ostida ishlayotgan AYoQSh faoliyatini davom ettirish imkonini beradi, bir vaqtning o‘zida esa mablag‘larning Rossiyaga chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan. Rossiya 2022 yil fevralda Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi hujum boshlaganidan beri AQSh va YeIning keng qamrovli sanksiyalari ostida turibdi. Shu bilan birga, mazkur qaror prezident Donald Tramp tomonidan oktyabr oyida joriy etilgan ayrim choralarini qisman to‘xtatib turadi.

Bunday qadam haqida dekabr boshida xabar berilgan edi — o‘shanda Oq uy vakillari Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, Ukrainadagi urushni tugatish shartlari bo‘yicha ehtimoliy murosani kelishishga uringandi.

Rossiyaning «Lukoyl» va «Rosneft» neft kompaniyalari, shuningdek ularning 34 ta shu’ba korxonasi Ukrainaga qarshi urush davom etayotgan bir paytda, joriy yil oktyabr oyida AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostiga tushdi. AFP agentligi ta’kidlashicha, bu Tramp ma’muriyati tomonidan RFga nisbatan joriy etilgan eng keskin choralardan biri bo‘lgan.

 

Mavzuga oid