Jahon | 09:40
324
4 daqiqa o‘qiladi

NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi

The New York Times gazetasi Pentagonni sudga berdi, chunki harbiy idora xodimlari bilan ishlovchi jurnalistlar uchun joriy qilingan yangi qoidalar AQSh konstitutsiyasini buzishini ta’kidlamoqda. Hokimiyat vakillari esa bu yangiliklarni «ma’lumot sizib chiqishidan himoya chorasi» deb atadi.

Foto: REUTERS

The New York Times (NYT) gazetasi payshanba kuni, 4 dekabrda, Vashingtondagi Okrug sudiga AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon)ga qarshi da’vo arizasi kiritdi. Nashr unda jurnalistlarning Pentagon shtab-kvartirasiga kirish tartibini belgilaydigan yangi qoidalar konstitutsiyaning matbuot erkinligini, jumladan, birinchi tuzatishini buzishini ta’kidlamoqda. Bu haqda gazeta da’vo arizasi rasman yuborilishidan bir necha soat oldin chop etgan maqolasida xabar berdi.

NYT’ning yozishicha, oktyabr oyidan kuchga kirgan Pentagonning ichki qoidalari muxbirlarni 21 betlik hujjatni imzolashga majbur qiladi. U, xususan, manbalar bilan muloqot va material tayyorlash uchun ma’lumot so‘rab yuboriladigan rasmiy so‘rovnomalarga cheklovlar joriy etadi. Gazeta fikricha, harbiy idoraning maqsadi — «tarixan matbuot uchun ochiq bo‘lgan» sohalarni jurnalistlar uchun yopish, ya’ni «vazirlik va uning rahbariyati faoliyatini qo‘rqmasdan va xolis o‘rganib, yoritib boradigan» muxbirlar imkoniyatlarini qisqartirishdir.

NYT suddan Pentagonga ommaviy axborot vositalariga nisbatan yangi qoidalarni qo‘llashni taqiqlashni, shuningdek, birinchi tuzatishni buzadigan barcha bandlarni noqonuniy deb e’lon qilishni so‘ramoqda. Masalan, gazeta jurnalistlarga «davlat xizmatchilariga maxfiy hukumat ma’lumotlarini berib, qonunni buzishga chorlash»ni taqiqlovchi punktga rozi emas. Nashrning ta’kidlashicha, bunday cheklovlar «qonunli, odatiy xabar to‘plash usullari»ni qo‘llashga yo‘l bermaydi.

Oktyabr oyida harbiy idora o‘z obektlariga kirish «imtiyoz» ekanini va uni ham tartibga solish zarurligini bildirgan edi. Pentagon vakillari yangi qoidalar «milliy xavfsizlikka zarar yetkazuvchi <...> ma’lumot sizib chiqishlarining oldini olishga qaratilgan»ligini ta’kidlagan.

NYT’ning yozishicha, turli nashrlarda ishlovchi o‘nlab jurnalistlar yangi talablarga itoat etmaslikka qaror qilib, o‘z beyjlari (kirish guvohnomalari)ni topshirgan. Ayrim OAV qoidalarni oshkora ravishda tanqid qildi. «Bu siyosat jahon amaliyotida misli ko‘rilmagan va jurnalistlarni himoya qiluvchi asosiy vositalarga tahdid soladi», — deyilgan ABC News, CBS News, CNN, Fox News va NBC News qo‘shma bayonotida.

Shuningdek, NYT boshqa yangilik nashrlari bilan birgalikda jamoaviy da’vo kiritish imkoniyatini muhokama qilgan, biroq oxir-oqibat «o‘zi alohida harakat qilishga qaror qilgan».

Fevral oyida, birinchi navbatda, yanvar oxirida vazir lavozimiga tayinlangan Pit Hegset Pentagonda uzoq yillardan beri ish yuritib kelgan ayrim OAVni (ular orasida NYT ham bor) maxsus byurolaridan mahrum qildi. Ular o‘rniga konservativroq media — masalan, Newsmax va Breitbart News onlayn-nashrlari joylashtirildi.

May oyida esa Hegset jurnalistlarga Pentagonning aksariyat binolari ichida maxsus hamrohliksiz yurishni taqiqlovchi buyruq chiqardi.

Mavzuga oid