O‘zbekiston | 15:50 / 29.05.2019
23380
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident topshirig‘i: Oliy ta'limda yangi Konsepsiya, flagman universitetlar va E-Minbar tizimi

O‘zbekiston Prezidenti oliy ta'limni rivojlantirish yo‘lida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga qamrab oluvchi yangi Konsepsiyani ishlab chiqishga doir topshiriq berdi. Konsepsiyada belgilangan yo‘nalishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda flagman universitetlar tashkil etiladi, bo‘lajak ilm-fan vakillari orasidan ziyolilar qatlami shakllantiriladi va E-Minbar tizimi orqali har bir mashg‘ulotni onlayn kuzatish imkoni paydo bo‘ladi. Kun.uz muxbiri Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Abduhakimovdan olingan ma'lumotlar asosida shu haqida xabar berdi.

“O‘zbekistonda flagman darajadagi universitetlarni tashkil etish, masalan, Milliy universitet, Politexnika universiteti yoki Samarqand universitetini jahon reytinglariga kiritishga oid aniq topshiriq berildi. Shu bilan birga, universitetlar o‘z-o‘zini boshqarishda ularga ko‘proq mustaqillik va yangi imkoniyatlar berish vazifasi ham topshirildi. Hozir butun dunyoda “Universitet – 3:0” degan yangi shakl ommalashmoqda, ya'ni bu OTMlarda nafaqat ta'lim berish, balki ularning qoshida tadqiqot institutlari, texnoparklar, katta laboratoriyalar va muzeylar tashkil etishni ko‘zda tutadi. O‘zbekistondagi oliygohlarini ham shunday yangi shaklga o‘tkazishga doir vazifa qo‘yildi”, - dedi Abduhakimov.

Bundan tashqari, Prezident oliy ta'lim sifatini oshirishga oid topshiriqlar ham bergan. Bu o‘rinda E-Minbar, ya'ni har bir auditoriyada bo‘lib o‘tayotgan mashg‘ulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda tarqatish tizimini tashkil etish taklif qilingan. Bu oliy ta'lim tizimida bo‘lmagan yoshlar ham ushbu onlayn-kurslarda o‘zlariga kerakli bilimlarni olish imkoniga ega bo‘lishadi. Shu bilan birga, ta'lim sifatiga baho berish imkoni ham paydo bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasi yuqoridagi topshiriqlarni inobatga olgan holda, uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqib, taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy ta'lim vazirligi pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish va ularni tabaqalashtirgan holda rag‘batlantirish tizimini joriy etish bo‘yicha bir oy muddatda aniq takliflarni kiritadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Oliy ta'lim vaziri Inom Majidov har bir rektor bilan aniq va mukammal rejalar tuzishni yo‘lga qo‘yadi. Bu rejalarda 2019 yilda nima bo‘lishi, 2020 yilda qanday aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etiladi.

Aziz Abduhakimov bundan buyon ikki asosiy masala bilan shug‘ullanadi:

·      Akademik olimlar, professor o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasi;

·      Talabalarga shart-sharoit yaratish va ular orasidan bo‘lajak ilm-fan vakillarini seleksiya qilib, mamlakatda ziyolilar qatlamini shakllantirish.

Bu borada “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlandi.

Shuningdek, topshiriqlarni ijro etishda Bosh vazir o‘rinbosarining BAAga safari doirasida orttirgan tajribasi va mavjud imkoniyatlarni qo‘llash tavsiya etildi.

Bosh vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, oliy ta'lim tizimida to‘rt doimiy komissiya ish boshlaydi. Birinchi komissiya ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati tahlili bilan shug‘ullanib, ularning muammolarini hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatadi. Ikkinchi komissiya oliy ta'lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni va ta'lim sifatini tahlil qilib, baho beradi. Uchinchisi ma'naviy-ma'rifiy ishlar tahlili va oliy ta'lim muassasalarida Prezidentning besh tashabbusini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. To‘rtinchi komissiya oldiga esa xorijda oliy ta'lim va ilm-fan sohasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan yurtdoshlarimizni jalb qilish vazifasi qo‘yiladi.

Mavzuga oid