O‘zbekiston | 16:58 / 11.05.2020
30377
4 daqiqa o‘qiladi

«Maishiy korrupsiyadan elitar korrupsiyani o‘rganish darajasiga chiqiladi» – Bosh prokuror korrupsiyaga qarshi mustaqil organ haqida

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining 4-yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish bilan shug‘ullanuvchi yangi organ haqida ma'lumot berdi.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Unga ko‘ra, yangi organ respublika darajasidagi agentlik va uning joylardagi boshqarmalari shaklida tashkil etiladi.

«Mazkur agentlikka korrupsiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatiladi. Unga alohida huquqni muhofaza qiluvchi mustaqil organ maqomi beriladi. Agentlik biron davlat idorasi, parlament, prezident huzurida emas, alohida bo‘ladi. Bu davlat boshqaruv organlari orasida o‘zini-o‘zi tiyib turish mexanizmi va sud mustaqilligi uchun ham kerak, deb o‘ylaymiz.

Agentlik har bir korrupsiya holati sodir etilganda unga yaratilgan sharoitni, korrupsiya xavfini tanqidiy o‘rganadi. Har bir idorada ichki korrupsiyaga qarshi kurashish nazorat tizimi bo‘yicha takliflar agentlikka yuboriladi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan har bir qonunda korrupsiyaviy holat yo‘qligi bo‘yicha o‘tkaziladigan huquqiy ekspertiza vakolati agentlik tizimiga o‘tkaziladi», deya Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yalpi majlis videokonferens-aloqa shaklida o‘tkazildi.
Foto: Senat Axborot xizmati

Bosh prokurorga ko‘ra, yangi agentlikka tezkor qidiruv, tekshiruv va tergov vazifalarini yuklatish masalasi ko‘rilmoqda.

«Jinoyat kodeksida ham, boshqa qonun hujjatlarida ham mana bu jinoyat korrupsiya, deb aniq belgilanmagan. Korrupsiya holatlari qaysi holatda korrupsiya, qaysi holatda oddiy qonun buzilishi holati ekani bo‘yicha aniq chegara yo‘q.

Tergov huquqiga ega bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov va tezkor qidiruv faoliyat vakolatlarini bu organga olib berishdan xoli holda, yangi agentlikka ham shu huquqlar beriladi. Faqat ularning jinoyat sub'yektlarini belgilashda aniq chegara qo‘yiladi.

Agentlik tezkor qidiruv ishlarini olib borishda parlament a'zolari, prezident administratsiyasi a'zolari, hukumat a'zolari, respublika darajasidagi xo‘jalik yurituvchi idora rahbarlari, bank rahbarlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari darajasidagi mansabdor shaxslar ishini o‘rganadi. Ya'ni maishiy korrupsiyadan elitar korrupsiyani o‘rganishga chiqishimiz kerak. Mansabdor shaxslarning qonun hujjatlariga zid harakatlari o‘rganiladi.

Shuningdek, davlat xaridlari, budjet mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha jarayonni nazorat qilish, deklaratsiya tizimini joriy etish ishlari agentlik zimmasiga yuklatiladi.

Bularning barchasi prokurorlik nazorati asosida olib boriladi. Chunki amaldagi qonunlarda tergov, tergov oldi tekshiruvi, tezkor qidiruv ishlari ustidan nazorat beovsita prokuratura zimmasiga yuklatilgan. Hech bir idorani kamsitmagan holda, har bir idora ustidan prokuratura qanday nazorat olib borsa, bularning ustidan ham shunday nazorat bo‘lishi belgilangan», – dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma'lum qilinishicha, yangi organ faoliyatini tashkil etish bo‘yicha loyiha Prezident administratsiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni parlamentga qilgan murojaatida parlament va prezidentga hisobdor bo‘lgan korrupsiyaga qarshi mustaqil organ tashkil etish bo‘yicha taklif bergan edi.

Mavzuga oid