Jamiyat | 23:27 / 16.09.2018
131779
9 daqiqa o‘qiladi

Qolipli non narxining erkinlashtirilishi: oshgan non narxi aholi o‘rtasida qanday aks-sado berdi?

Foto: kun.uz

Roppa rosa to‘rt yil muqaddam — 2014 yilning 15 sentabrida qolipli non — «buxanka»ning narxi 8 foizga, 600 so‘mdan 650 so‘mgacha oshirilgan va shuncha vaqtdan buyon o‘zgarishsiz kelayotgan edi.

2018 yil 13 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №731-sonli qarori qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga ko‘ra, 2018 yil 15 sentabrdan boshlab qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotish hamda «O‘zdonmahsulot» AK korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar va chorvachilik (parrandachilik, baliqchilik) korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bug‘doy unini birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotish, 1 kg 1-nav bug‘doy uni uchun ulgurji sotish narxini 1400 so‘m miqdorida belgilash (1 noyabrgacha buni ham bekor qilish) tartibi joriy etildi.

Yodingizda bo‘lsa, KUN.UZ 2017 yilning dekabr oyida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tuman dehqon bozorida qolipli non 1250 so‘mdan sotilayotgani holatini o‘rganib qaytgan edi.

O‘shanda biz ekspertlarning biridan mazkur holatga izoh berishni so‘ragandik va u shunday javob qilgan edi:

«Bu masala juda ko‘p va chuqur o‘rganib chiqilgan. Oldini olish juda qiyin bo‘layapti. Avvalo, 650 so‘mdan sotilishi kerak bo‘lgan 500 grammlik buxanka nonning qimmat sotilishiga sabab —o‘zimizda ishlab chiqarilgan va non pishirish uchun davlat narxida taqdim etilayotgan 1 qop (50 kg) unning narxi 52.500 so‘mligi, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgani esa bozorda 125 ming so‘mligidir.

O‘zimizda ishlab chiqarilgan 500 grammli qolipli nonning 1 donasini 650 so‘mdan sotishlari kerak. Agar o‘zimizda ishlab chiqarilgan va qolipli non (buxanka) uchun mo‘ljallangan, qopi 52,5 ming so‘mlik un sotib yuborilsa qopi 95-100 ming so‘mga sotiladi. Shuni non qilib pishirib sotsa, hech narsa cho‘ntagiga qolmaydi. Shu sababli davlat tomonidan arzon narxlarda taqdim etilayotgan unni yo qopi bilan qimmatroq sotishadi yoki undan tayyorlangan 650 so‘mlik nonning narxi qimmatroq qilinadi.

Bu yerda xuddi valyuta konvertatsiyasi, benzin narxi bilan bog‘liq vaziyatga o‘xshash holat ro‘y bermoqda. Unning davlat tomonidan taqdim etiladigan va bozor narxi o‘rtasida 2 barobar farq bo‘lganidan so‘ng, o‘z-o‘zidan chayqovchilik va qing‘ir ishlarga zamin paydo bo‘layapti-da. Bunga qarshi na soliqchi, na boshqasi kurasha olmaydi.

Buni oldini olishning bittagina yo‘li bor: narxni birlashtirish, mo‘'tadillashtirish kerak. Fonddan ajratib beriladigan unni yo‘q qilmasak, buni kuch usuli bilan eplab bo‘lmaydi, bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich ishga tushiribgina vaziyatni o‘nglash mumkin. Ana shunda keyingi 3 yildan beri 650 so‘m qilib belgilanib, o‘zgarmasdan kelayotgan nonning narxi 900 so‘mlar atrofida muvozanatlashadi», degan edi biz bilan suhbatlashgan mutaxassis.

KUN.Uzda e'lon qilingan tahliliy maqolalardan birida un va nonning davlat tomonidan belgilangan bahosi nima sababdan erkinlashtirilayotganiga izoh berilib, qo‘shni davlatlar va Rossiya Federatsiyasida non narxining 2018 yil 1 iyun holatiga bo‘lgan solishtirma jadvali keltirildi.

Nonning narxi erkinlashtirilgach, ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in va keskin munozaralar bo‘lib o‘tmoqda.

Narx erkinlashtirilishiga qarshi bo‘lganlar nonning narxi arzonligi aholi daromadlarining pastligi va shunga mosligini vaj qilib keltirishmoqda. Kam ta'minlangan va muhtoj hamda nogironlarga qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanishi e'tibordan qochirilmoqda.

Biz Tvitter va Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarida foydalanuvchilar tomonidan bildirilgan fikrlarning ayrimlarini to‘plab chiqdik

TVITTeR

‏@JasurNormetov: Har qanday muammoni «Munosabat» ko‘rsatuvi davlat foydasiga oqlab bersa kerak. Qoyil, bu ham noyob talant. Bu safargi mavzu: non narxining oshgani...

@Mefistofe_l: Odamlar buxanka bilan yopgan nonning narxi deyarli bir xil bo‘p qoldiyu, deb yopgan non olishayapti shekilli, supermarketda tushgacha yopgan non tugabdi. Nonning narxi oshsa, go‘sht ham oshadi. Non bilan mol boquvchilar go‘shtning narxini oshirsa kerak, deyman-da.

@Eshittizmi: Non narxi oshadimi-oshmaydimi, qishloqdagi odamlarga farqi yo‘q. Ular faqat o‘zlari ekkan bug‘doyni Xitoy tegirmonidan chiqarib, non qilib yeyishadi.

Lekin Toshkent shahrida yashovchi 3 mln. aholining bunday imkoniyati yo‘q. Men yana boshqa shaharlarni yozmadim.

Nonning narxi 5 yildan beri 650 so‘m. Orada 2-3 marta oylik oshdi. 850 so‘m bo‘lsa, hechkim norozi bo‘lmasa kerak.

@gentlemen_80: Narx 850 so‘m bo‘lmadi-da. Bugundan 1200 so‘m etib belgilandi. Bugun aholi reaksiyasini kuzatish uchun non do‘konlarini ataylab aylandim. O‘zim guvohi bo‘ldim: pensionerlar va yumshoq qilib aytganda, kam ta'minlanganlar (boshqacha so‘z topolmadim), bundan norozi bo‘lishayapti.

Viloyatlarda shundoq ham 650 so‘mlik buxanka (oshmasdan oldin) o‘zi pochti 1200 so‘m bo‘lgan ekanku. Shuning uchun ham indamaysizlar-da!)

@Axmedov_Az: Eng arzoni 700, qimmati 1500 so‘m edi. Hozir ham shu.

@Farhod_JON: Bizning qishloqdagi Sohiba opaning do‘konida bugun ham 750 so‘mdan sotilayapti.

@matlub: Ammo non narxi oshishi uning sifatiga ta'sir qilar, degan umiddaman. Chunki buxankaning sifati achinarli darajada past edi.

 

FeYSBUK

Rahimjon Rahmatov: Yaxshi bo‘lipti. Shundoq ham 650 so‘mlik non viloyatlarda 1000-1400 gacha sotilayotgan edi. Endi haqiqiy muhtojlarga oylik kompensatsiya to‘lanarkan.

* * *

Mirkozim Buxoriy: Endi nonlarimizning sifati oshadi.

* * *

Sherzod Egamov: O‘zi nechchi yildan beri 650 so‘m. Uyat bo‘lib ketdi. Mashina, benzin, oylik, dollar oshdi, non ham oshsin-da, bo‘lmasa hech kim qadriga yetmaydi. Hozir odamlar narsani narxiga qarab qadrlaydigan bo‘lib ketishgan.

* * *

Rauf Yakubov: Narxlar liberilizatsiya qilinayotgan bo‘lsa, nimaga paxta va g‘allaning xalkdan sotib olish narxi liberallashmayapti? Liberal erkin narx bo‘lsa, dunyo buyicha 1 tonna paxtaning narxi 8000 $ dan dalangiz boshidan olib ketiladi, bu degani 48.000.000 so‘m. Agar bu narxlar ham liberal bo‘lsa, unda nonning narxini 12000 qilsa ham oddiy xalqqa farq etmasdi.

* * *

Feruz Han: Bir vaqtlar odamlar kuponga nonga navbatda turishgan. Hech kim ochidan o‘lmagan. Menimcha, buxanka non yeydigan oilalar juda kam bo‘lsa kerak. Bizning oilada qora buxanka olinmasa agar, bolalar ham yemaydi bu nonni, oyda-yilda bir olinmasa doimiy obi non sotib olamiz. Kunda ikki donadan. Bu ham ortib qoladi — kesib quritib qo‘yaman.

* * *

Alisher Xonnazarov: Ana endi nonning qadriga yetadigan vaqt keldi. Ayrim noinsof fuqarolar nonning uvolidan qo‘rqmasdan hojatxonaga, chorva mollariga yem sifatida berib, haddidan oshib ketgan edi! Nonning eng aziz ne'matligini ko‘pchilik yoddan chiqarib qo‘ygan edi.

* * *

Kamol Abdullayev: Barqaror ushlab turilgan narxlar oxirgi paytga kelib nima ahvolga keldi?! Avval aholining quyi nochorroq tabaqasini o‘ylash kerak edi. Feysbukda «shukur qilinglar», deb yozayotganlar o‘zi to‘q, shuning uchun ularga farqi yo‘q. Vaholanki, ular ozchilikni tashkil qiladi va chekka viloyatlar tumandagi xaqiqiy holatdan xabari yo‘q. U yerlarni hattoki hayotida ko‘rmagan, buning ustiga, ko‘pchiligi poytaxt va poytaxt atrofidagi shaharlardan bo‘lgan yoshlar, xolos.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid