Iqtisodiyot | 14:30 / 06.06.2026
3644
3 daqiqa o‘qiladi

Mobil telefon raqami orqali tezkor pul o‘tkazish tizimi ishga tushadi. U qanday ishlaydi?

Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida mablag‘larni real vaqt rejimida o‘tkazish imkonini beruvchi tezkor to‘lovlar tizimi 24/7 rejimda ishlay boshlaydi. O‘tkazma jismoniy shaxsning bank mobil ilovasi orqali yoki bevosita bankka taqdim etiladigan topshirig‘i asosida amalga oshiriladi.

Foto: iStock

Markaziy bank tezkor to‘lovlar tizimi faoliyatini tartibga soluvchi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat tizim ishtirokchilari, to‘lovlarni amalga oshirish tartibi, xavfsizlik talablari hamda banklar va to‘lov tashkilotlarining majburiyatlarini belgilab beradi.

Nizomga ko‘ra, TTT - Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi hisoblanib, u orqali jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalarni mablag‘ oluvchining mobil telefon raqamidan foydalangan holda amalga oshirish imkonini beradi.

Tezkor to‘lovlar tizimi jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida mablag‘larni real vaqt rejimida o‘tkazish imkonini beradi. Bunda to‘lovlar kunning istalgan vaqtida, dam olish va bayram kunlarida ham amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

Nizom loyihasida tizim operatorining vakolatlari, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari, to‘lovlarni qayta ishlash, xatoliklarni bartaraf etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari aks ettirilgan. Shuningdek, tizimning uzluksiz ishlashi va foydalanuvchilar mablag‘lari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar ham belgilangan.

Hujjatda Tezkor to‘lovlar tizimiga tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va boshqa moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlarning ulanish tartibi ham nazarda tutilgan. Loyihaga ko‘ra, tizim orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar yagona standartlar asosida bajariladi.

Bir bank doirasida faqatgina bitta bank hisobvarag‘iga telefon raqami bog‘lanishiga ruxsat etiladi.

O‘tkazma jismoniy shaxsning bank mobil ilovasi orqali yoki bevosita bankka taqdim etiladigan topshirig‘i asosida amalga oshiriladi.

O‘tkazmani amalga oshirishda to‘lovchining bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘i oluvchining bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

O‘tkazmani amalga oshirish jarayonida qo‘llanadigan ma’lumot almashinuvi, jumladan to‘lov hujjatini qo‘llash TTTning texnik hujjatida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, to‘lov hujjatidagi tegishli maydonga to‘lovchining xos raqami bilan ochilgan bank hisobvarag‘i, JShShIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) rekviziti, familiyasi, ismi va sharifi to‘liqligicha avtomatik tarzda kiritilishi shart.

O‘tkazmalar ilovada keltirilgan sxema bo‘yicha uzluksiz 24/7 rejimida amalga oshiriladi.

Hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 13 iyunga qadar davom etadi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid