Iqtisodiyot | 08:50 / 11.10.2023
30752
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda 

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi inflatsiya prognozini yaxshiladi.

Foto: REUTERS / Yuri Gripas

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 5,5 foizga o‘sadi, bu aprel oyida kutilganidan 0,2 foizga yuqori. 2024 yil uchun YaIM o‘sishi prognozi o‘zgarishsiz 5,5 foiz darajasida qoldirildi.

Iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda, faqat Tojikistondan biroz past.

Umuman, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yil oxirida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi atigi 2 foizni tashkil etadi – bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar past. 2024 yilda u biroz tezlashishi kutilmoqda - 3,4 foizgacha.

XVJ O‘zbekistondagi inflatsiya prognozini ham yaxshilagan. Shu tariqa, ilgari kutilgan 11,8 foiz o‘rniga joriy yilda inflatsiya 10,2 foizni tashkil etadi, kelgusi yilda esa 10 foizgacha sekinlashadi.

Shu bilan birga, valuta jamg‘armasi Markaziy bankning 2028 yilgacha 5 foizlik inflatsiya ko‘rsatkichiga erishish maqsadi mushkul vazifa ekanini prognoz qilyapti.

Bundan tashqari, kelgusi ikki yil ichida joriy to‘lov balansi taqchilligi mos ravishda 4,3 va 4,6 foizgacha oshadi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha kutilmalarning yomonlashishi respublikaga transchegaraviy to‘lovlar hajmi kamayishi va tashqi savdo taqchilligining kengayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid